Hayvonlardagi endo va ektoparazitlarga qarshi brontel (10 % li inyeksion eritma) preparatini qoʻllash boʻyicha qoʻllanmani tasdiqlash toʻgʻrisida (06-son)
07.01.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi davlat veterinariya bosh boshqarmasi boshligʻining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan. 2008-yil 14-fevral 20-15-23/11-son]
Oʻzbekiston Respublikasining “Veterinariya toʻgʻrisida”gi Qonuni talablarini bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-dekabrdagi 03-38-144-sonli Bayoniga muvofiq buyuraman:
1. Hayvon va parrandalardagi endo va ektoparazitlarga qarshi brontel (10 % li inyeksion eritma) preparatini qoʻllash boʻyicha Qoʻllanma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab 10 kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
3. Mazkur Qoʻllanma tasdiqlanishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi tomonidan 2005-yil 31-mayda tasdiqlangan “Hayvon va parrandalardagi endo va ektoparazitlarga qarshi brontel (10 % li inyeksion eritma) preparatini qoʻllash boʻyicha Qoʻllanma” oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish boshliq oʻrinbosari M. Yusupov zimmasiga yuklatilsin.
Boshliq Sh.MAMATOV
Toshkent sh.,
2008-yil 7-yanvar,
06-son
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya Bosh boshqarmasining 2008-yil 7-yanvardagi 06-sonli buyrugʻi bilan “TASDIQLANGAN”
Hayvonlardagi endo va ektoparazitlarga qarshi brontel (10% inyeksion eritma) preparatini qoʻllash boʻyicha
Qoʻllanma
I. UMUMIY MAʼLUMOTLAR
1. Brontel — 1 ml tarkibida taʼsir etuvchi modda sifatida maxsus erituvchi ichidagi 100 mg klozantel moddasi boʻlgan parazitlarga qarshi preparat.
2. Tashqi koʻrinishiga koʻra shaffof och sargʻish eritma.
3. Brontel flakonlarga 10, 50, 100 yoki 200 ml dan qadoqlanadi.
4. Preparat yorugʻlikdan himoyalangan joyda +5°S dan +25°S gacha haroratda saqlanadi.
Preparatning yaroqlilik muddati saqlash shartlariga rioya qilinganda 2 yil.
II FARMAKOLOGIK XUSUSIYATLARI
5. Klozantel — quyidagi strukturadagi: N-(5 xloro-4[(4 xloro-fenil) tsianometil]-2-metilfenil-2-gidrooksid-3,5-diyodobenzamid) salitsilaniddan olingan sintetik preparat.
6. Klozantelning parazitlarga qarshi oʻziga xos taʼsiri parazitlarning energetik metabolizmini oʻzgartirib, soʻngra ularni halok qiluvchi elektronlar oʻtkazish jarayonini toʻxtatish va tormozlash orqali ifodalanadi.
7. Brontel terapevtik dozalarda embriotoksik va teratogen taʼsirlarga ega emas, hamda qoʻshimcha asoratlar chaqirmaydi.
III. QOʻLLASh TARTIBI
8. Brontel yirik shoxli mol, qoʻy, echki, itlarning turli lokalizatsiyadagi ekto va endoparazitlar vujudga keltirgan bir qator parazitar kasalliklarini davolash va oldini olish uchun qoʻllaniladi.
9. Preparat teri ostining bir joyiga maydalangan dozalarda yuboriladi. Mushak atrofiga faqatgina yirik shoxli molga qoʻllaniladi.
10. Qoʻllash dozasi va vaqti quyidagi jadvalga asosan amalga oshiriladi;
11. Preparat fosforoorganik preparatlar bilan bir vaqtda qoʻllanilmaydi.
12. Emlangan joyda 2-3 kundan soʻng oʻz-oʻzidan yoʻqolib ketuvchi yoyilgan shish paydo boʻlishi mumkin.
13. Hayvonlarni soʻyishga preparat qoʻllanilgach, kamida 28 kundan soʻng, sutni isteʼmol qilishga 14 kundan soʻng ruxsat etiladi. Belgilangan muddatdan avval soʻyish zaruriyati tugʻilganda, goʻshtdan mahsulot bermaydigan hayvonlarga, moʻynali hayvonlar va itlarga yemish sifatida foydalaniladi.
IV. NOROZILIKLARNI BAYoN ETISh TARTIBI
14. Preparat ushbu Qoʻllanma talablariga muvofiq kelmagan taqdirda, uning qoʻllanilishi toʻxtatilib, bu haqida Oʻzbekiston veterinariya preparatlari davlat ilmiy nazorat laboratoriyasiga quyidagi manzil boʻyicha murojaat qilinadi: 100178, Toshkent sh., A.Yunusov koʻchasi, 1a uy. Tel./faks: 228-76-14, 229-30-47. E-mail: [email protected]. Bir vaqtning oʻzida laboratoriyaga preparatning laboratoriya bilan kelishilgan miqdordagi ochilmagan oʻramlari va preparatning qoʻllanmaga muvofiq kelmasligining toʻliq tavsifi joʻnatiladi.
