Hayvon va parrandalardagi endo va ektoparazitlarga qarshi brovermektin (inyeksion eritma) preparatini qoʻllash boʻyicha qoʻllanmani tasdiqlash toʻgʻrisida (05-son)
07.01.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi davlat veterinariya bosh boshqarmasi boshligʻining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan. 2008-yil 14-fevral 20-15-23/11-son]
Oʻzbekiston Respublikasining “Veterinariya toʻgʻrisida”gi Qonuni talablarini bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-dekabrdagi 03-38-144-sonli Bayoniga muvofiq buyuraman:
1. Hayvon va parrandalardagi endo va ektoparazitlarga qarshi brovermektin (inyeksion eritma) preparatini qoʻllash boʻyicha Qoʻllanma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab 10 kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
3. Mazkur Qoʻllanma tasdiqlanishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi tomonidan 2005-yil 31-mayda tasdiqlangan “Hayvon va parrandalardagi endo va ektoparazitlarga qarshi brovermektin (inyeksion eritma) preparatini qoʻllash boʻyicha Qoʻllanma” oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish boshliq oʻrinbosari M. Yusupov zimmasiga yuklatilsin.
Boshliq Sh.MAMATOV
Toshkent sh.,
2008-yil 7-yanvar,
05-son
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya Bosh boshqarmasining 2008-yil 7-yanvardagi 05-sonli buyrugʻi bilan “TASDIQLANGAN”
Hayvon va parrandalardagi endo va ektoparazitlarga qarshi brovermektin (inyeksion eritma) preparatini qoʻllash boʻyicha
Qoʻllanma
I. UMUMIY MAʼLUMOTLAR
1. Brovermektin — 1 ml tarkibida taʼsir etuvchi moddasi sifatida 10 mg ivermek-tin, yordamchi vositalar va erituvchisi boʻlgan parazitlarga qarshi preparat.
2. Preparat tashqi koʻrinishiga koʻra kuchsiz, oʻziga xos hidli, mexanik qoʻshilmalarsiz, shaffof rangsiz yoki och sargʻishsimon rangdagi yopishqoq suyuqlik.
3. Preparat shisha flakonlarga 10, 20, 50 va 100 ml dan qadoqlangan xolda chiqariladi.
4. Preparat quruq, yorugʻlik tushmaydigan joyda +10°S dan +25°S gacha haroratda saqlanadi.
Yaroqlilik muddati saqlash shartlariga rioya qilinganda 3 yil.
II. FARMAKOLOGIK XUSUSIYATLARI
5. Ivermektin oshqozon-ichak trakti va oʻpka nematodlarining lichinka va voyaga yetgan shakllari, teri osti, halqum, oshqozon soʻnalari, bitlari, qon soʻruvchilari va sar-koptoid kana lichinkalariga nisbatan keng koʻlamdagi parazitlarga qarshi taʼsirga ega.
Preparat tormozlanish neyromediatori boʻlgan gamma-aminomoyli kislota ajralib chiqishini kuchaytiradi, bu parazitlarda asab impulslarining qabul qilinishiga putur yetkazadi va oʻz navbatida ularni falajlik va halok boʻlishga olib keladi.
Teri ostiga yuborilganda preparat emlash joyidan tezda soʻrilib, hayvon aʼzo va toʻqimalariga tarqaladi, xamda 12—14 kun mobaynida parazitar taʼsirni taʼminlab beradi.
6. Preparat tavsiya etilgan dozalarda sensibillovchi, embriotoksik, teratogen va mutagenn taʼsirlarga ega emas. Organizmdan asosan axlat va siydik orqali, sogʻin hayvonlarda esa, shuningdek sut bilan ajraladi. Tashqi muhitda preparat tez buziladi.
III. QOʻLLASh TARTIBI
7. Preparat quyidagi kasalliklarda:
yirik shoxli mol, qoʻy va echkilar, ot, choʻchqa, it, quyon va parrandalarda nematodlarning barcha voyaga yetgan turlari, shuningdek (III va IV bosqichdagi): Cooperia spp., Trichostrongylus spp., Ostertagia ostertagi, Haemonchus placei, H. Contortus, Bunostomum phlebotomum, Chabertia ovina, Nematodirus filicollis, N. Spathiger lichinkalari qoʻzgʻatgan oshqozon-ichak trakti nematodozlarida;
kavsh qaytaruvchi hayvonlar, otlar, choʻchqalarning oʻpka nematodozlarida, shuningdek 111 va IV bosqichdagi Dictyocaulus viviparous va D. Filarial lichinkalarida;
voyaga yetgan fassiolalar vujudga keltirgan fassiolezda;
yirik shoxli mol telyaziozida (faqat voyaga yetgan bosqichdagi);
yirik shoxli mol parafilyariozi va stefanotelyariozida (faqat voyaga yetgan bosqichdagi);
yirik shoxli mol setariozida;
barcha turdagi hayvonlar qichimasida;
itlar, choʻchqa va yirik shoxli mol demodekozida;
barcha turdagi hayvonlarning teri parazitlarida (bit, burga, qon soʻruvchilar, iksod kanalari, qoʻy junxoʻri);
goʻsht pashshasi lichinkalarida;
yirik shoxli mol gipodermozida (lichinkalar migratsiyasi bosqichida);
otlar gastrofilezida;
qoʻylar estrozida (lichinkalarning hamma bosqichlaridagi) davolash va oldini olish maqsadida qoʻllaniladi.
8. Preparat faqat teri ostiga kurak sohasiga, choʻchqalarga — boʻyin sohasiga quyidagi dozalarda yuboriladi:
yirik shoxli mol, qoʻy, echki, ot, quyonlarga 10 kg tirik vaznga 0,2 ml dan bir marotaba;
choʻchqalarga 10 kg tirik vaznga 0,3 ml dan bir marta;
itlarga 10 kg tirik vaznga 0,2-0,4 ml dan bir marta;
parrandalarga xar bir boshga 0,1 ml dan 1 marotaba, 5 kg dan ortiq tirik vaznda—har bir boshga 0,2 ml dan 1 marotaba qoʻllaniladi.
9. Yirik shoxli mol gipodermozida dastlabki kimyoviy terapiyani preparatning kamroq dozasida (xar bir hayvonga 1,5-2,0 ml) oʻtkazish mumkin.
10. Qichima, demodekoz, xorioptoz, sifunkulatoz va knemidokoptozlarni davolashda, 8—10 kundan soʻng bir xil dozalarda takroran emlanadi.
11. Besh va undan ortiq ml preparatni qoʻllash zaruriyati tugʻilganda, doza ikkiga boʻlinadi va turli joylarga yuboriladi.
12. Preparat sogʻin sigirlarga va tugʻuruqqa 28 kun qolganda qoʻllanilmaydi. Barcha zotdagi mayda itlar va laychalarga, shuningdek tuxum qoʻyuvchi tovuqlarga va holsizlangan hayvonlarga qoʻllash tavsiya etilmaydi.
13. Hayvonlarni soʻyishga preparat soʻnggi marta qoʻllanilgandan 28 kun oʻtgach ruxsat etiladi. Belgilangan muddatdan avval soʻyish zaruriyati paydo boʻlganda, goʻshtdan goʻshtxoʻr hayvonlarga yemish sifatida yoki goʻsht suyak uni ishlab chiqarishda foydalaniladi.
IV. NOROZILIKLARNI BAYoN ETISh TARTIBI
14. Preparat ushbu qoʻllanma talablariga muvofiq kelmagan taqdirda, uning qoʻllanilishi toʻxtatilib, bu haqida Oʻzbekiston veterinariya preparatlari davlat ilmiy nazorat laboratoriyasiga quyidagi manzil boʻyicha murojaat qilinadi: 100178, Toshkent sh.. A.Yunusov koʻchasi, 1a uy. Tel./faks: 228-76-14, 229-30-47. E-mail: [email protected]. Bir vaqtning oʻzida laboratoriyaga preparatning laboratoriya bilan kelishilgan miqdordagi ochilmagan oʻramlari va preparatning qoʻllanmaga muvofiq kelmasligining toʻliq tavsifi joʻnatiladi.
