Hayvon va parrandalardagi yuqumli teri kasalliklarini davolash va oldini olish uchun “yam” fungitsid-akaritsid mazini qoʻllash boʻyicha qoʻllanmasini tasdiqlash toʻgʻrisida (04-son)
07.01.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi davlat veterinariya bosh boshqarmasi boshligʻining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan. 2008-yil 14-fevral 20-15-23/11-son]
Oʻzbekiston Respublikasining “Veterinariya toʻgʻrisida”gi Qonuni talablarini bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-dekabrdagi 03-38-144-sonli Bayoniga muvofiq buyuraman:
1. Hayvon va parrandalardagi yuqumli teri kasalliklarini davolash va oldini olish uchun “YaM” fungitsid-akaritsid mazini qoʻllash boʻyicha Qoʻllanma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab 10 kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
3. Mazkur Qoʻllanma tasdiqlanishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi tomonidan 2006-yil 14-sentabrda tasdiqlangan “Hayvon va parrandalardagi yuqumli teri kasalliklarini davolash va oldini olish uchun “YaM” fungitsid-akaritsid mazini qoʻllash boʻyicha Qoʻllanma” oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish boshliq oʻrinbosari M. Yusupov zimmasiga yuklatilsin.
Boshliq Sh.MAMATOV
Toshkent sh.,
2008-yil 7-yanvar,
04-son
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi Davlat veterinariya bosh boshqarmasining 2008-yil 7-yanvardagi 04-sonli buyrugʻi bilan “TASDIQLANGAN”
Hayvon va parrandalardagi yuqumli teri kasalliklarini davolash va oldini olish uchun “YaM” fungitsid-akaritsid mazini qoʻllash boʻyicha
Qoʻllanma
I. UMUMIY MAʼLUMOTLAR
1. “YaM” fungitsid-akaritsid mazi — tarkibi salitsil kislotasi, ruh oksidi, tozalangan oltingugurt, qoramoy, lizol, skipidar, vazelin va lanolin aralashmasidan iborat veterinariya preparati.
2. Maz tashqi koʻrinishiga koʻra kulrangdan to kulrangsimon-jigarranggacha boʻlgan, oʻziga xos hidli, bir turdagi quyuq moysimon massa.
3. Maz tubalarga 20, 50 va 90 g dan yoki plastik konteynyerlarga 50, 100 va 250 g dan. qadoqlanadi.
4. Preparat qorongʻi joyda 0° S dan 25°S gacha haroratda saqlanadi.
Mazning yaroqlilik muddati saqlash shartlariga rioya qilinganda tayyorlangan kunidan boshlab 2 yil.
II. FARMAKOLOGIK XUSUSIYATLARI
5. Preparat tarkibidagi komponentlar majmui yaqqol namoyon boʻlgan fungitsid, bakteritsid va akaritsid taʼsirlarni taʼminlaydi. Mazli asos preparatning taʼsir etuvchi komponentlarini teri qatlamlari orasiga kirib, u yerda mavjud boʻlgan qoʻzgʻatuvchilarni kasallik oʻchogʻidan butunlay yoʻqotish imkonini yaratadi.
III. QOʻLLASh TARTIBI
6. “YaM” fungitsid-akaritsid mazi yirik shoxli mol, qoʻy, echki, choʻchqa, it, moʻynali hayvon va parrandalardagi quyidagilar tomonidan qoʻzgʻatilgan yuqumli teri kasalliklarini davolash va oldini olishda qoʻllaniladi:
Microsporum, Trichophiton va aktinomitsetlar Dermatophylus congolensis — sinflariga mansub patogen mikroskopik zamburugʻlar;
uy hayvonlari nekrobakteriozlarida va qoʻylarning tuyoq chirishi kasalliklaridagi mikroorganizm turlari: Bacteroides nodosus, Fusobacterium necrophorum;
Ceyletidae, Epidermoptidae, Psoroptidae, Sarcoptidae, Syringophilidae — oilalariga mansub akariform kanalari.
7. Maz yupqa qatlam qilib, avvaldan teridagi qadoqlar olinmagan va junlari qirqilmagan holda terining zararlangan joylariga, hamda ular atrofidagi 3-4 sm joyga surtiladi.
Zararlangan joylarga kuniga 1-2-martadan qadoqlar yoʻqolguncha ishlov beriladi, Odatda 7 — 10 kundan soʻng zararlangan joylar qadoqlardan tozalanadi va ularda soch oʻsishi kuzatiladi. Bu vaqtda, ushbu joylardan qirindi namunalari olinadi va ularni mikroskop ostida tekshiriladi. Kasallik qoʻzgʻatuvchisi aniqlanganda davolash davom ettiriladi.
8. “YaM” mazini qoʻllashga qarshi koʻrsatmalar mavjud emas.
IV. NOROZILIKLARNI BAYoN ETISh TARTIBI
9. Preparat ushbu qoʻllanma talablariga muvofiq kelmagan taqdirda, uning qoʻllanilishi toʻxtatilib, bu haqida Oʻzbekiston veterinariya preparatlari davlat ilmiy nazorat laboratoriyasiga quyidagi manzil boʻyicha murojaat qilinadi: 100178, Toshkent sh., A.Yunusov koʻchasi, 1a uy. Tel./faks: 228-76-14, 229-30-47. E-mail: [email protected]. Bip vaqtning oʻzida laboratoriyaga preparatning laboratoriya bilan kelishilgan miqdordagi ochilmagan oʻramlari va preparatning qoʻllanmaga muvofiq kelmasligining toʻliq tavsifi joʻnatiladi.
