Sud ijrochilarining ish hajmi meʼyorlarini tasdiqlash toʻgʻrisida (2207-son)
10.03.2011
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRLIGI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISh VAZIRLIGINING
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 10-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2207]
“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi, 2001-y., 9-10-son, 169-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi qaror qiladilar:
1. Sud ijrochilarining ish hajmi meʼyorlari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, sud ijrochilarining ish hajmi meʼyorlari:
sud ijrochilarining shtat birliklari boʻyicha takliflarni ishlab chiqish va sud ijrochilari boʻlimlarining samarali faoliyatini tashkillashtirishda;
ish hajmini rejalashtirish va meʼyorlashtirilgan topshiriqlarni berishda;
har bir sud ijrochisining va sud ijrochilari boʻlimlarining faoliyatini, shuningdek ularning yuklatilgan majburiyat va berilgan vakolatlarini bajarish uchun obyektiv imkoniyatlarini baholashda foydalaniladi.
3. Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamenti (Z.S. Xolmuxammedov) sud ijrochilarining tasdiqlangan ish hajmi meʼyorlarini Sud departamentining barcha boʻlinmalari, shuningdek barcha manfaatdor shaxslar eʼtiboriga yetkazilishini taʼminlasin.
4. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Adliya vaziri R. MUHITDINOV
Toshkent sh.,
2011-yil 4-mart,
22-son
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A. XAITOV
Toshkent sh.,
2011-yil 4-mart,
13-QQ-son
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2011-yil 4-martdagi 22, 13-QQ-son qarori bilan TASDIQLANGAN
Sud ijrochilarining ish hajmi
MEʼYoRLARI
I. Umumiy qoidalar
1. Sud ijrochilarining ish hajmi meʼyorlari ijro ishi yuritishlar boʻyicha sud ijrochilari tomonidan bajariladigan ishlarning vaqt meʼyorlari asosida belgilanadi.
2. Sud ijrochilarining ish hajmi meʼyorlari deganda sud ijrochilariga amaldagi qonunchilikka muvofiq yuklatilgan turli bajarilgan ishlarning muayyan soni tushuniladi.
3. Sud ijrochilarining ish hajmi meʼyorlari sud ijrochilarining yillik, choraklik va oylik ish natijalari boʻyicha aniqlanadi.
4. Sud ijrochilarining ish hajmi meʼyorlarini hisoblab aniqlashda tegishli hisoblash uchun qoʻllaniladigan maʼlumotlarning hisobini yuritish lozim.
Bunday maʼlumotlar sifatida sud ijrochilarining ishi boʻyicha statistik hisobot va bajarilgan ishlarga son koʻrinishida baho berish imkonini beradigan boshqa tezkor hisobot maʼlumotlari tan olinadi.
5. Ish hajmi meʼyorlari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud departamenti boʻlinmalarining sud ijrochilariga bajarilgan ishlar hajmidan kelib chiqqan holda har bir sud ijrochisi va Adliya vazirligi huzuridagi Sud departamenti boʻlinmasining ish hajmi meʼyorini aniqlash imkonini beradi.
6. Sud ijrochilarining ish hajmi meʼyorlari sud ijrochilarining faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha ishlab chiqilgan va quyidagi boʻlimlardan iborat:
yuridik shaxslardan undiruvlar;
jismoniy shaxslardan undiruvlar;
aliment undiruvlari;
nomulkiy xususiyatga ega boʻlgan talablarni ijro etish;
qarzdorni koʻchirish;
undiruvchini koʻchirib kiritish;
bolani olib berish va topshirish;
jarimalarni undirish va davlat daromadiga boshqa undiruvlar;
davlat daromadiga oʻtkazilishi lozim boʻlgan mol-mulklarni realizatsiya qilish yoki yoʻq qilib tashlash;
boshqa ijro ishi yuritishlar.
7. Meʼyorlarda matnlarni terish, stenografik, nusxa koʻchirish-koʻpaytirish va boshqa ishlarni bajarish vaqtlari inobatga olinmagan. Meʼyorlar ish turlari boʻyicha qabul qilingan har bir ish hajmi birligiga nisbatan daqiqalarda belgilangan.
8. Ish hajmi meʼyorlarida tayyorgarlik-yakunlov ishlari, ish joyiga xizmat koʻrsatish, dam olish va shaxsiy ehtiyojlar uchun sarflanadigan vaqt operativ vaqtning 10% doirasida hisobga olingan.
II. Sud ijrochisining ish meʼyorlarini hisoblab chiqarish
9. Sud ijrochilari tomonidan bajariladigan ish turlari, ular tarkibi hamda ushbu ishlarni bajarishga sarflanadigan vaqt meʼyorlari 1-ilovada keltirilgan.
10. Sud ijrochisi ish hajmi meʼyorlarini hisoblab chiqarish uchun quyidagilar inobatga olinadi:
sud ijrochisi tomonidan qarzdor joylashgan joyga yetib borish uchun turli tuman va viloyatlarda sarflanadigan vaqt oʻrtasidagi katta farq K1 koeffitsiyentini belgilash orqali inobatga olinadi, bunda ushbu koeffitsiyent transport tizimi yaxshi rivojlangan shahar tumanlari va viloyatlarda hamda qarzdor joylashgan joygacha masofa uzoq boʻlmagan hududlarda 0,95 ga, uzoq masofali va transport tizimi sust rivojlangan hududlarda esa 1,05 ga teng boʻladi;
sud ijrochisining malakasi K2 koeffitsiyentini belgilash orqali inobatga olinadi, bunda 1 yilgacha ishlagan sud ijrochisining koeffitsiyenti 0,9 ga, 1 yildan 3 yilgacha ishlagan sud ijrochisiniki — 1 ga, 3 yildan ortiq ishlagan sud ijrochisining koeffitsiyenti esa 1,1 ga teng boʻladi.
11. Ish hajmi meʼyorlarini quyidagi formula boʻyicha aniqlash tavsiya etiladi:
N – ijro ishi yuritishlari ishlari soni (ijro ishi yuritish birliklari);
T – sarflanadigan ish vaqti meʼyori (soatlarda);
t — bitta ijro ishi yuritishi boʻyicha sarflangan ish vaqti (daqiqalarda);
n — ish hajmi meʼyori belgilanadigan davr davomiyligi (oy, chorak, yil).
Davr davomiyligi (n) soatlarda hisoblanadi (masalan, 1 oy 21,2 x 8 = 169,6 soat, 1 chorak — 169,6 x 3 = 508,8 soat, 1 yil — 508,8 x 4 = 2035,2 soat).
Shu tarzda sud ijrochisining ish hajmi meʼyori har bir ijro ishi turiga koʻra istalgan rejalashtirilayotgan davr uchun har bir sud ijrochisi boʻyicha 2-ilovaga muvofiq hisoblanadi.
12. Mazkur sud ijrochilarining ish hajmi meʼyorlari Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining Respublika aholi bandligi, mehnatni muhofaza qilish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish ilmiy markazi bilan kelishilgan.
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining Respublika aholi bandligi, mehnatni muhofaza qilish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish ilmiy markazi direktori O. ABDURAXMONOV
2011-yil 4-mart
Sud ijrochilarining ish hajmi meʼyorlariga 1-ILOVA
Sud ijrochisi tomonidan bitta ijro ishi yuritish boʻyicha bajariladigan ishlarga sarflanadigan vaqt
MEʼYoRLARI
Sud ijrochilarining ish hajmi meʼyorlariga 2-ILOVA
Bitta sud ijrochisi boʻyicha ish hajmi meʼyorlarining
HISOB-KITOBI
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 10-11-son, 109-modda)
