9. Qonun loyihasining (qonunning) tarkibiy birliklari va uning moddalari
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritiladigan qonun loyihalarini va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga taqdim etilgan qonunlarni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (237-II-son) · Sana: 30.12.2010 · Amalda
Qonun loyihasini (qonunni) tarkibiy birliklarga boʻlish undan foydalanishni osonlashtiradi, uning ichki tuzilishi va tizimlashtirilishini, unga havolalar qilinishini yaxshilaydi, qonun loyihasining (qonunning) tez tushunilishiga yordam beradi.
Qonun loyihasining (qonunning) pastlab boruvchi quyidagi tarkibiy birliklaridan foydalaniladi:
qism;
boʻlim;
kichik boʻlim;
bob;
paragraf;
modda.
Qonun loyihasi (qonun) moddasining pastlab boruvchi quyidagi tarkibiy birliklaridan foydalaniladi:
qism;
band (xatboshi);
kichik band (xatboshi).
Agar qonun loyihasida (qonunda) boblar mavjud boʻlmasa, “boʻlim” tarkibiy birligi kiritilmaydi.
Yirik tizimlashtirilgan qonun loyihalari (qonunlar) (masalan, kodekslar) qismlarga, boʻlimlar kichik boʻlimlarga, boblar paragraflarga boʻlinishi mumkin.
