61. Oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilishi lozim boʻlgan qonunlar roʻyxatini tuzish
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritiladigan qonun loyihalarini va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga taqdim etilgan qonunlarni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (237-II-son) · Sana: 30.12.2010 · Amalda
Oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilishi lozim boʻlgan qonunlarning roʻyxatiga quyidagilar kiritiladi:
1) oʻz kuchini toʻliq yoʻqotgan deb topilishi lozim boʻlgan qonunlar. Bunda qonunning oʻzi ham, asosiy qonunning matniga ilgari oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilgan barcha qonunlar ham alohida tarzda koʻrsatiladi.
Misol:
Oʻzbekiston Respublikasining ______yil ________da qabul qilingan “_____________________”gi _______-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, ______yil, №___, ___-modda);
2) qisman oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilishi lozim boʻlgan qonunlar, yaʼni butun qonun emas, balki uning ayrim tarkibiy birliklari (qonunning raqamlangan barcha tarkibiy birliklari, shu jumladan xatboshilari) oʻz kuchini yoʻqotadi.
Misol:
Oʻzbekiston Respublikasining _______ yil ________da qabul qilingan “_________________”gi______ -sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, ____ yil, № ___, ___-modda) 5-bobi;
3) alohida hollarda (agar mustaqil tarkibiy birlik sifatida ajratilmagan qism nazarda tutilayotgan boʻlsa), ajralmas qismi oʻz kuchini yoʻqotayotgan qonunlar (yoki ularning tarkibiy birliklari).
Misol:
Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 7-mayda qabul qilingan Qonuni bilan tasdiqlangan “Sogʻlom avlod uchun” ordeni toʻgʻrisidagi Nizomning (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 6, 257-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, № 9, 141-modda; 2003-yil, № 9-10, 149-modda) 4-moddasi birinchi qismi uchinchi xatboshisining va 5-moddasi birinchi qismi ikkinchi xatboshisining shahar yoʻlovchilar transportidan bepul foydalanishga taalluqli qismi.
