6. Qonunchilik palatasiga kiritiladigan qonun loyihasiga ilova qilinadigan hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritiladigan qonun loyihalarini va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga taqdim etilgan qonunlarni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (237-II-son) · Sana: 30.12.2010 · Amalda
Qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga kiritish vaqtida quyidagilar taqdim etilishi kerak:
1) qonun loyihasiga uning konsepsiyasi bayon qilingan tushuntirish xati;
2) oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi, shuningdek qonun loyihasi kiritilishi bilan bogʻliq qonunlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi;
3) oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi, shuningdek oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilishi yoki qabul qilinishi lozim boʻlgan qonun osti hujjatlarining roʻyxati;
4) moddiy xarajatlarni talab qiladigan qonun loyihalari uchun moliyaviy-iqtisodiy asos;
5) davlat daromadlarini kamaytirish yoki davlat xarajatlarini koʻpaytirishni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti moddalari boʻyicha oʻzgartishni nazarda tutuvchi qonun loyihalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining xulosasi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining xulosasi boʻlmagan taqdirda, ushbu qonun loyihasi qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga qaytariladi.
Qonun loyihasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi tomonidan Qonunchilik palatasiga kiritilayotganda mazkur organlarning qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga kiritish toʻgʻrisidagi tegishli qarori qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining ushbu qonun loyihasi boʻyicha Qonunchilik palatasidagi vakilini koʻrsatgan holda taqdim etilishi kerak.
Qonun loyihasi matnining hamda ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan materiallarning nusxalari elektron shaklda taqdim etilishi kerak.
