42. Qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilganida rekvizitlarni koʻrsatish
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritiladigan qonun loyihalarini va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga taqdim etilgan qonunlarni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (237-II-son) · Sana: 30.12.2010 · Amalda
Qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilganida hujjatning imzolangan sanasi, nomi, raqami (agar u mavjud boʻlsa) va hujjatning turi, shuningdek u eʼlon qilingan tegishli rasmiy manba koʻrsatilishi shart.
Misol:
Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 14-dekabrda qabul qilingan “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi 160–II-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-yil, № 1–2, 8-modda) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
__________________________________________________________________.
Agar oʻzgartirilishi, qoʻshimchalar kiritilishi lozim boʻlgan qonun toʻliq yangi tahrirda bayon etilgan boʻlsa, uning rekvizitlari quyidagi ketma-ketlikda koʻrsatiladi: qonunning turi, qonunning imzolangan sanasi va raqami (agar u boʻlsa), nomi, soʻngra doirasimon qavslarda ushbu hujjatni yangi tahrirda toʻliq bayon etgan qonunning turi, imzolangan sanasi va raqami, shuningdek doirasimon qavslarda u eʼlon qilingan rasmiy manba koʻrsatiladi.
Misol:
Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 13-yanvarda qabul qilingan “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi 510–XII-sonli Qonuniga (1998-yil 1-mayda qabul qilingan 616–I-sonli Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan tasdiqlangan tahririda) (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, № 5–6, 97-modda) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
__________________________________________________________________.
