25. Qonunga havolani rasmiylashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritiladigan qonun loyihalarini va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga taqdim etilgan qonunlarni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (237-II-son) · Sana: 30.12.2010 · Amalda
Qonun loyihasida (qonunda) qonunga havola qilish zarurati boʻlsa, quyidagi rekvizitlar quyidagi ketma-ketlikda koʻrsatiladi: qonunning turi, imzolangan sanasi va raqami, shuningdek qonunning nomi.
1-misol:
Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 14-dekabrda qabul qilingan “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi 160–II-sonli Qonuni bilan tartibga solinadi.
2-misol:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2002-yil 12-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunini amalga kiritish haqida”gi 435–II-sonli Qaroriga muvofiq.
Qonunning raqami mavjud boʻlmagan taqdirda uning turi, imzolangan sanasi va qonunning nomi koʻrsatiladi.
Aniq qonunning turi bosh harf bilan koʻrsatiladi.
Ayni bir qonunga bir necha marta havolalar qilinganda, ushbu qonun birinchi marta koʻrsatilayotganida quyidagi shakl qoʻllaniladi:
Misol:
Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 29-avgustda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi 522–II-sonli Qonuniga (bundan buyon matnda “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni deb yuritiladi) muvofiq.
Toʻliq yangi tahrirda bayon etilgan qonunga havola qilinganida uning rekvizitlari quyidagi ketma-ketlikda koʻrsatiladi: qonunning turi, uning nomi, doirasimon qavslar ichida esa ushbu qonunni yangi tahrirda toʻliq bayon etgan qonunning turi, qonunning imzolangan sanasi va raqami koʻrsatiladi.
Misol:
“Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga (1999-yil 14-aprelda qabul qilingan 758–I-sonli Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan tasdiqlangan tahririga) muvofiq.
