“Yengilsanoatservis” unitar korxonasini qayta tashkil etish toʻgʻrisida (24-son)
31.01.2011
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmadan samarali foydalanishni taʼminlash, shuningdek tugatilgan “Oʻzbektoʻqimachimash” ishlab chiqarish birlashmasi hududida joylashgan korxonalar faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bilan bogʻliq xarajatlarni maqbullashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 24-fevraldagi 191-f-son farmoyishiga muvofiq tegishli muhandislik-kommunikatsiya obyektlari “Yengilsanoatservis” unitar korxonasi balansidan “Toshshaharelektrtarmoqlari” korxonasi OAJ, “SUVCOZ” davlat unitar korxonasi va “Toshkentgaztaʼminot” unitar korxonasi balansiga bepul asosda berilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi va Iqtisodiyot vazirligining “Yengilsanoatservis” unitar korxonasini, unga Vazirlar Mahkamasining “Yengilsanoatservis” unitar korxonasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2008-yil 25-fevraldagi 32-son qarori bilan yuklangan vazifalar toʻliq bajarilganligi tufayli “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasiga birlashtirish yoʻli bilan qayta tashkil etish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi qayta tashkil etilayotgan “Yengilsanoatservis” unitar korxonasining huquqiy vorisi hisoblanadi.
4. “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi:
tugatilgan “Oʻzbektoʻqimachimash” ishlab chiqarish birlashmasi negizida tashkil etilgan korxonalar tomonidan investitsiya majburiyatlarining bajarilishi;
tugatilgan “Oʻzbektoʻqimachimash” ishlab chiqarish birlashmasi hududidagi davlat mulki obyektlarining saqlanishi, qoʻriqlanishi va hududning obodonlashtirilishi yuzasidan monitoringni taʼminlasin.
5. Vazirlar Mahkamasining “Yengilsanoatservis” unitar korxonasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2008-yil 25-fevraldagi 32-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 31-yanvar,
24-son
