Oʻzbekistondagi BMTning ming yillik taraqqiyot maqsadlarni amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida (21-son)
26.01.2011
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekistonda BMTning Mingyillik rivojlanish maqsadlariga muvofiq mamlakat aholisining turmush darajasi va sifatini izchil oshirishga yoʻnaltirilgan qoʻshimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan izchil bozor islohotlari, iqtisodiyotning chuqur tarkibiy oʻzgarishlari, kuchli va aniq yoʻnaltirilgan ijtimoiy siyosat BMTning Mingyillik rivojlanish maqsadlari har tomonlama bajarilishini taʼminlayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
2011 — 2015-yillar davrida Oʻzbekistonda BMTning Mingyillik rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar kompleksi (keyingi oʻrinlarda Qoʻshimcha chora-tadbirlar kompleksi deb ataladi) 1-ilovaga muvofiq;
2011 — 2015-yillar davrida Oʻzbekistonda BMTning Mingyillik rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar kompleksi bajarilishini muvofiqlashtirish boʻyicha ishchi guruh (keyingi oʻrinlarda Ishchi guruh deb ataladi) tarkibi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*2-ilova berilmaydi.
3. Quyidagilar Ishchi guruhning asosiy vazifalari etib belgilansin:
tegishli vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari faoliyatini muvofiqlashtirish asosida Qoʻshimcha chora-tadbirlar kompleksi bajarilishining doimiy monitoringini olib borish;
qoʻshimcha chora-tadbirlar Kompleksida nazarda tutilgan tadbirlarning bajarilishi holati toʻgʻrisida vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlarining hisobotlarini eshitish va tegishli qarorlar qabul qilish;
belgilangan tadbirlarni bajarish boʻyicha respublika yutuqlari toʻgʻrisida aholi oʻrtasida tizimli tushuntirish ishlarini tashkil etish;
Qoʻshimcha chora-tadbirlar kompleksi doirasida BMTning Mingyillik rivojlanish maqsadlari vazifalarini amalga oshirishga mablagʻlarni, shu jumladan xalqaro tashkilotlar, donor mamlakatlar mablagʻlarini jalb qilish;
har yili Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga Qoʻshimcha chora-tadbirlar kompleksi bajarilishining borishi toʻgʻrisida axborot kiritish.
4. Vazirliklar, idoralar rahbarlari — masʼul ijrochilar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari:
bir hafta muddatda Qoʻshimcha chora-tadbirlar kompleksida nazarda tutilgan tadbirlarni bajarish boʻyicha tarmoq va hududiy ishchi guruhlarni tashkil etsin;
bir oy muddatda BMTning Mingyillik rivojlanish maqsadlaridan kelib chiqqan holda hududlarning shart-sharoitlari va xususiyatlarini, tegishli tarmoqlarning vazifalarini hisobga olgan holda Qoʻshimcha chora-tadbirlar kompleksini bajarish boʻyicha aniq tadbirlarni ishlab chiqsin;
Qoʻshimcha chora-tadbirlar kompleksi bajarilishining doimiy monitoringini olib borish va uning natijalari boʻyicha tahliliy axborotni Ishchi guruhga kiritish;
BMTning Mingyillik rivojlanish maqsadlari mazmun-mohiyatini korxonalar, tashkilotlar, taʼlim muassasalari, mahallalar, shaharchalar, ovullar va qishloqlarda tushuntirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish.
5. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga ushbu qarorga 1-ilovada nazarda tutilgan tadbirlarning bajarilishini muntazam ravishda yoritib borish tavsiya etilsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 26-yanvar,
21-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 26-yanvardagi 21-son qaroriga 1-ILOVA
2011 — 2015-yillar davrida Oʻzbekistonda BMTning Mingyillik rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar
KOMPLEKSI
