2011-2012-yillarda Toshkent viloyati Ohangaron tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini oshirishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida (17-son)
18.01.2011
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent viloyati Ohangaron tumanining iqtisodiy salohiyatini, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmasini yanada rivojlantirish, yer, suv va mehnat resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari tashkil etish hamda aholi daromadlarini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining “Toshkent viloyatining Ohangaron shahri va Ohangaron tumani hududlarini birlashtirish hamda Ohangaron shahrini tuman boʻysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritish toʻgʻrisida” 2010-yil 30-noyabrdagi 219-II-sonli va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining “Toshkent viloyatining Ohangaron shahri va Ohangaron tumani hududlarini birlashtirish hamda Ohangaron shahrini tuman boʻysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritish toʻgʻrisida” 2010-yil 4-dekabrdagi 137-II-sonli qarorlariga asosan Ohangaron shahar va Ohangaron tumani hududi birlashganligi hamda Ohangaron tumanining maʼmuriy markazi Ohangaron shahri etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. 2011-2012-yillarda Toshkent viloyatining Ohangaron tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini oshirishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb ataladi) 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*1-ilova berilmaydi.
Dasturning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish, aholini ish bilan taʼminlash darajasi va farovonligini oshirish;
tijorat banklari tomonidan moliyaviy qoʻllab-quvvatlash hisobiga kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish;
sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini koʻpaytirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish hamda mavjud quvvatlardan samarali foydalanish, shu jumladan yangi zamonaviy qurilish va pardozlash materiallari, xalq isteʼmoli mollari va farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish;
mavjud foydali qazilmalar konlarini oʻzlashtirish natijasida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va tabiiy resurslardan samarali foydalanish;
Toshkent-Andijon avtomagistral yoʻli atrofida infratuzilmani va servis xizmati koʻrsatishni rivojlantirish;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni koʻpaytirish, meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirishda zamonaviy agrosanoat texnologiyalarini amaliyotga tatbiq etish hisobiga yer maydonlaridan foydalanishni kengaytirish;
ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholini ichimlik suv, elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan taʼminlash hamda boshqa ijtimoiy-maishiy xizmatlar koʻrsatish darajasini yaxshilash.
3. Dasturga kiritilgan loyihalarning amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha 2-ilovaga* muvofiq tarkibda Muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh tashkil etilsin.
*2-ilova berilmaydi.
4. Muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhga davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, tijorat banklari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi yuklansin.
5. Dasturni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan Toshkent viloyati va Ohangaron tumani hokimliklari, vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, tijorat banklari:
belgilangan chora-tadbirlar Dasturda nazarda tutilgan parametrlar va muddatlarga muvofiq toʻliq bajarilishini taʼminlasinlar;
barcha yoʻnalishlar boʻyicha Dastur parametrlari bajarilishi yuzasidan har oyda monitoring olib borsinlar, ularni hal etish boʻyicha zarur boʻlgan tezkor va qatʼiy chora-tadbirlarni amalga oshirsinlar;
har chorakda Muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhga Dasturning bajarilishi toʻgʻrisida axborot taqdim etsinlar.
6. Toshkent viloyati va Ohangaron tumani hokimliklari loyihalar tashabbuskorlariga zarur yer uchastkalari va turar joy boʻlmagan obyektlarni ajratishda, shuningdek biznesni tashkil etish uchun zarur boʻlgan roʻyxatdan oʻtkazish tartibotlarini amalga oshirishda har tomonlama koʻmaklashsinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Gʻ.I. Ibragimov va Toshkent viloyati hokimi R.Q. Xolmatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 18-yanvar,
17-son
