2011-2013-yillarda respublikada futbolning moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash va uni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PQ-1466-son)
19.01.2011
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Mamlakatimiz futbolining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash va rivojlantirish, futbol boʻyicha maktab-internatlarda, bolalar va oʻsmirlar maktablarida, professional klublarda va terma jamoalarda oʻquv-mashq jarayonining yuksak sifatini taʼminlash, futbolchilar, trenyerlar hamda hakamlarning mahorat va malaka darajasini oshirish, shuningdek respublika aholisining keng qatlamlari oʻrtasida futbolni faol targʻib qilish hamda ommalashtirish maqsadida:
1. 2011 — 2013-yillarda respublikada futbolning moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash va uni rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi 1-ilovaga muvofiq maʼqullansin. Unda quyidagilar nazarda tutiladi:
respublika shaharlarida faoliyat koʻrsatayotgan stadionlarning, shuningdek professional futbol klublari huzuridagi bolalar va oʻsmirlar maktablari sport inshootlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni rekonstruksiya qilish, yangi stadionlar qurish, zarur uskunalar va anjomlar bilan jihozlash hamda tegishli infratuzilmani yaratish;
bolalar va oʻsmirlar jamoalari uchun nomzodlar, professional futbol klublari va Oʻzbekiston terma jamoalari uchun zaxira tayyorlashning asosiy boʻgʻinlari sifatida futbol boʻyicha ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarni hamda professional futbol klublari huzuridagi bolalar va oʻsmirlar sport maktablarini rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
toʻlaqonli ilmiy-metodik rahbarlikni, oʻquv-mashq jarayonlari sifatini hamda respublikada futbolni rivojlantirishdagi anʼanalar davomiyligini va xalqaro maydonlarda yuksak natijalarga erishishni taʼminlashi lozim boʻlgan yuqori malakali trenyerlar, hakamlar, sport vrachlari hamda boshqa futbol mutaxassislarini tayyorlash, ularni davriy attestatsiyadan oʻtkazish mezonlari va metodologiyasini ishlab chiqish;
mamlakatimiz futboli toʻgʻrisidagi axborotlarni yetkazish va targʻib qilishni yanada takomillashtirish, futbol musobaqalarini yoritishga ixtisoslashgan malakali jurnalistlar, sharhlovlar, rejissor va teleoperator kadrlarni tayyorlash.
Ushbu qarorning 1-ilovasida nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi uchun hududiy futbol federatsiyalari prezidentlari hisoblangan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, shuningdek masʼul ijrochilar — respublika vazirliklari, idoralari va xoʻjalik birlashmalarining rahbarlari zimmasiga shaxsiy javobgarlik yuklansin.
2. Ushbu qaror bilan tasdiqlangan Chora-tadbirlar dasturining amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish boʻyicha Respublika komissiyasi tarkibi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*2-ilova berilmaydi.
Respublika komissiyasi (Sh.M. Mirziyoyev) 2011-yilning 10-fevraliga qadar 2011 — 2013-yillarda futbolni yanada rivojlantirish boʻyicha hududiy va tarmoq dasturlari ishlab chiqilishi hamda komissiya majlisida tasdiqlanishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston oliy liga professional futbol klublari tomonidan 3-ilovaga* muvofiq respublika korxonalari va tashkilotlari bilan bosh homiylik toʻgʻrisida bitimlar tuzilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
*3-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
4. Oʻzbekiston Futbol Federatsiyasi, Qashqadaryo viloyati hokimligi va Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining 2011-yilning I yarim yilligida Qarshi shahrida futbol boʻyicha ixtisoslashtirilgan maktab-internat tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
5. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi Oʻzbekiston Futbol federatsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi, “Mahalla” jamgʻarmasi hamda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati bilan birgalikda:
ommaviy axborot vositalarida respublikada futbolning muntazam va tizimli asosda faol targʻib qilinishini va ommalashtirilishini taʼminlasinlar;
2011 — 2013-yillar mobaynida oliy liga futbol klublari stadionlarida radio va telesharhlovchilar uchun zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari bilan jihozlangan maxsus xonalar tashkil etsinlar, futbol oʻyinlarining televideniye va Internet tarmogʻi orqali toʻgʻridan toʻgʻri uzatilishini taʼminlasinlar;
sport internet-jurnalistikasini qoʻllab-quvvatlash, vatanimiz futbolini targʻib qilishga ixtisoslashayotgan mavjud va yangidan ochilayotgan veb-saytlarni moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsinlar va amalga oshirsinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Oʻzbekiston Futbol federatsiyasi bilan birgalikda bir oy muddatda respublikaning ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasalarining hamda Toshkent axborot texnologiyalari universitetining tegishli fakultetlari negizida sport, shu jumladan futbol sohasiga ixtisoslashgan professional jurnalistlar, sharhlovchilar, rejissorlar va teleoperatorlar tayyorlash hamda qayta tayyorlash tizimini shakllantirish yuzasidan takliflar tayyorlasin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida futbolni rivojlantirishni davlat tomonidan yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2009-yil 3-dekabrdagi 304-son qarori 6-bandining uchinchi xatboshi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 19-yanvar,
PQ-1466-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 19-yanvardagi PQ-1466-son qaroriga 1-ILOVA
2011 — 2013-yillarda respublikada futbolning moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash va uni rivojlantirish chora-tadbirlar
DASTURI
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-maydagi PF–5043-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 20-son, 354-modda)
