Respublika Davlat boshqaruvi organlari tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida (PF-3358-son)
09.12.2003
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Jamiyat hayotining barcha tomonlarini erkinlashtirish va isloh qilishning hozirgi bosqichi talablariga muvofiq iqtisodiyotni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, davlat tuzilmalarining hokimiyat vakolatlarini qisqartirish, davlat va xoʻjalik boshqaruvi vazifalarini aniq chegaralab qoʻyish, shuningdek respublika davlat boshqaruvi organlari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida:
1. Belgilab qoʻyilsinki, vazirliklar, davlat qoʻmitalari, qoʻmitalar, agentliklar, shuningdek ular huzurida va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etiladigan davlat boshqaruvi tuzilmalari respublika davlat boshqaruvi organlari jumlasiga kiradi.
2. Respublika davlat boshqaruvi organlarining asosiy vazifalari va funksiyalari quyidagilardan iborat deb hisoblansin:
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar amalda roʻyobga chiqarilishini, ularning ijrosi ustidan taʼsirchan nazorat amalga oshirilishini taʼminlash;
tashqi va ichki siyosatni amalga oshirish, davlatning tashqi va ichki xavfsizligini taʼminlash;
mamlakatni strategik rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, davlatning maqsadli dasturlarini ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirishni tashkil qilish, iqtisodiy islohotlarni roʻyobga chiqarish borasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish;
insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini, aholining taʼlim, tibbiy xizmat, ijtimoiy taʼminotga boʻlgan huquqlarini taʼminlash va himoya qilish, mehnat bozorini tartibga solish, ijtimoiy sohada umumdavlat boshqaruv tizimi faoliyatini boshqarish va muvofiqlashtirish;
tegishli huquqiy muhitni yaratish, litsenziyalash, sertifikatlashtirish va standartlashtirish orqali xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish;
soliqlar, bojxona toʻlovlarini yigʻish, davlat daromadlarini taqsimlash yoʻli bilan xazinaga oid vazifalarni amalga oshirish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 20-iyundagi F-1791-son farmoyishi bilan tuzilgan maʼmuriy islohotni chuqurlashtirish va iqtisodiyotni boshqarish tuzilmasini takomillashtirishga oid takliflarni tayyorlash boʻyicha Respublika komissiyasining quyidagi takliflari qabul qilinsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Geodeziya, kartografiya va davlat kadastri bosh boshqarmasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri boʻyicha davlat qoʻmitasini tashkil qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya bosh boshqarmasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi etib qayta tashkil qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat moddiy zaxiralari bosh boshqarmasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi etib qayta tashkil qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh arxiv boshqarmasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi etib qayta tashkil qilish;
Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat agentligini Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi etib qayta tashkil qilish;
Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish agentligini Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (“Sanoatkontexnazorat”) etib qayta tashkil qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika atamashunoslik qoʻmitasini tugatish.
4. Respublika davlat boshqaruvi organlarining roʻyxati ilovaga muvofiq belgilansin.
5. Ilovada koʻrsatilgan respublika davlat boshqaruvi organlari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda jamiyatni erkinlashtirish va isloh qilishning hozirgi bosqichi talablariga muvofiq yangilangan oʻz nizomlarini hamda boshqaruvning tashkiliy tuzilmalarini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun taqdim etsinlar.
6. Maʼmuriy islohotni chuqurlashtirish va iqtisodiyotni boshqarish tuzilmasini takomillashtirishga oid takliflarni tayyorlash boʻyicha Respublika komissiyasi bosqichma-bosqich ikki oy muddatda ushbu Farmonga muvofiq qayta tashkil etiladigan davlat boshqaruv organlarining tashkiliy tuzilmalari va funksiyalari toʻgʻrisidagi takliflarni ishlab chiqsin hamda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi amaldagi qonunchilikka mazkur Farmondan kelib chiqadigan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar tayyorlanishi hamda belgilangan tartibda kiritilishini taʼminlasin.
8. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻ. T. Sultonov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T. A. Xudoybergenov zimmalariga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 9-dekabr,
PF-3358-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 9-dekabrdagi PF–3358-son Farmoniga ILOVA
Respublika davlat boshqaruvi organlari
roʻyxati
I. Vazirliklar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi
31. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi
4. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi
6. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi
7. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi
8. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi
9. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi
10. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi
11. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi
12. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
13. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi
14. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi
15. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi
16. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi.
22. Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi.
II. Davlat qoʻmitalari
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi
6. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi
9. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi
10. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi.
III. Agentliklar
2. Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi
3. Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi
4. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi
7. “Oʻzarxiv” agentligi
8. Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi.
IV. Qoʻmitalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita
3. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi.
V. Markazlar
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Kasb-hunar taʼlimi markazi
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi
6. Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi
VI. Inspeksiyalar
2. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi
3. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Katta va alohida muhim suv xoʻjaligi obyektlarining texnik holatini hamda bexatar ishlashini nazorat qilish davlat inspeksiyasi
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi
6. Oʻzbekiston Respublikasi Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi
8. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Yoʻl-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi
9. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi
11. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi.
