Oʻzbekiston Respublikasida tashqi savdo faoliyatini yanada erkinlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PF-3321-son)
26.09.2003
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Tashqi savdo faoliyatini yanada erkinlashtirish, eksport-import operatsiyalari amalga oshirilishi ustidan maʼmuriy nazorat usullarini qisqartirish hamda tashqi savdoni tartibga solish mexanizmini takomillashtirish maqsadida:
1. 2003-yilning 1-oktabridan import kontraktlarini Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligida oldindan roʻyxatga olish bekor qilinsin.
2. 2003-yilning 1-oktabridan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududida import kontraktlarining bojxona monitoringi tizimi joriy etilsin. Bunday tizim import qilinadigan tovarlarni bojxona orqali baholashni, shuningdek vakolatli organlarning axborot ayirboshlash borasidagi hamkorligini koʻzda tutadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi import kontraktlarining bojxona monitoringini oʻtkazishni taʼminlaydigan vakolatli organ etib belgilansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Import operatsiyalarini tartibga solishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1998-yil 18-fevraldagi PF-1930-son Farmonining 3 va 4-bandlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda mazkur Farmonning ijrosi yuzasidan tegishli qaror qabul qilsin.
5. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻ. T. Sultonov zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 26-sentabr,
PF-3321-son
