Tanlov savdolarida sotilgan iqtisodiy nochor korxonalar boʻyicha tijorat banklari tomonidan investitsiya majburiyatlarini bajarilishi yuzasidan monitoring yuritish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida (2181-son)
13.01.2011
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MONOPOLIYADAN ChIQARISh VA RAQOBATNI RIVOJLANTIRISh DAVLAT QOʻMITASI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOShQARUVI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI IQTISODIYOT VAZIRLIGINING
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 13-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2181]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 19-noyabrdagi F-4010-son “Iqtisodiy nochor korxonalarni tijorat banklariga sotish tartibini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoyishiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Markaziy bank Boshqaruvi va Iqtisodiyot vazirligi qaror qiladilar:
1. Tanlov savdolarida sotilgan iqtisodiy nochor korxonalar boʻyicha tijorat banklari tomonidan investitsiya majburiyatlarini bajarilishi yuzasidan monitoring yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi J. ISMAILOV
Toshkent sh.,
2010-yil 31-dekabr,
6-son
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2010-yil 31-dekabr,
42/2-son
Iqtisodiyot vaziri R. GULYAMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 31-dekabr,
1-son
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Markaziy bank Boshqaruvi va Iqtisodiyot vazirligining 2010-yil 31-dekabrdagi 6, 42/2, 1-son qaroriga ILOVA
Tanlov savdolarida sotilgan iqtisodiy nochor korxonalar boʻyicha tijorat banklari tomonidan investitsiya majburiyatlarini bajarilishi yuzasidan monitoring yuritish tartibi toʻgʻrisida
Nizom
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 19-noyabrdagi F-4010-sonli “Iqtisodiy nochor korxonalarni tijorat banklariga sotish tartibini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoyishiga muvofiq tanlov savdolarida sotilgan iqtisodiy nochor korxonalar boʻyicha tijorat banklari tomonidan qabul qilingan investitsiya majburiyatlari bajarilishi yuzasidan monitoring olib borishni tartibga soladi.
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar ishlatiladi:
Komissiya — Iqtisodiy nochor korxonalarni tijorat banklariga sotish boʻyicha Respublika komissiyasi;
Komissiyaning Ishchi organi — Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi;
sotuvchi — “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq tayinlangan sud boshqaruvchisi (tashqi boshqaruvchi, tugatish boshqaruvchisi);
xaridor — tanlov savdolari natijalariga koʻra investitsiya majburiyatlari evaziga iqtisodiy nochor korxonani (bundan buyon matnda bankrot-korxona deb yuritiladi) sotib olish boʻyicha oldi-sotdi shartnomasi (bundan buyon matnda shartnoma deb yuritiladi) tuzgan tijorat banki;
tanlov savdolari — bankrot-korxonalar va ularning mol-mulkini nol qiymatda sotish uchun, gʻolib-tijorat banki tomonidan investitsiya majburiyatlari bilan bir vaqtda “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 134-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan sarf-xarajatlarni toʻlashni va talablarni qondirishni hamda ish haqi boʻyicha qarzlarni toʻlashni qabul qilish boʻyicha tashkil etiladigan savdo turi;
investitsiya majburiyatlari — tijorat banklari tomonidan bankrot-korxonani yoki uning mol-mulkini sotib olishda ishlab chiqarishni qayta tiklash, modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash hamda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish boʻyicha qabul qilingan majburiyatlar.
investitsiyalash obyekti — bankrot-korxona yoki uning mol-mulki negizida tijorat banklari (ishlab chiqarishni tashkil qilish va yoʻlga qoʻyish, ishlab chiqarilgan mahsulotni sotish boʻyicha yetarli tajribaga ega boʻlgan) tomonidan yangi tashkil qilinayotgan yuridik shaxs.
II. Investitsiya majburiyatlarining tijorat banklari tomonidan bajarilishi yuzasidan monitoring yuritish
2. Xaridorlar tomonidan investitsiya majburiyatlarining bajarilishi yuzasidan yuritiladigan monitoring Komissiyaning Ishchi organi tomonidan:
shartnomalarning hisobi, shartnoma boʻyicha asosiy majburiyatlarni koʻrsatgan holda ularning reyestrini yuritish orqali amalga oshiriladi;
shartnoma shartlari va investitsiya majburiyatlarini bajarish jadvaliga muvofiq investitsiya majburiyatlarining bajarilishi yuzasidan xaridor tomonidan taqdim etiladigan har oylik maʼlumotlar va choraklik hisobotlarni toʻplaydi va tahlil qiladi;
mazkur Nizomda va shartnoma shartlarida belgilangan tartibda investitsiya majburiyatlarini xaridorlar tomonidan bajarilishini qabul qilish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
3. Xaridor shartnomaga asosan investitsiya majburiyatlarining bajarilishi yuzasidan maʼlumotni har oyda mazkur Nizomning 1-ilovasiga, investitsiya majburiyatlarining bajarilishi yuzasidan choraklik hisobotni mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq, agar shartnomada boshqacha qoida koʻzda tutilmagan boʻlsa, hisobot va maʼlumotlarni hisobot oyidan keyingi oyning beshinchi sanasidan kechiktirmasdan Komissiyaning Ishchi organiga taqdim etadi.
Shartnomada investitsiyalash obyektida yangi ish oʻrinlari yaratish nazarda tutilgan boʻlsa, mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq yaratilgan yangi ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi choraklik hisobot, agar shartnomada boshqacha qoida koʻzda tutilmagan boʻlsa, hisobot oyidan keyingi oyning beshinchi sanasidan kechiktirmasdan taqdim etib boriladi. Investitsiyalash obyektidagi mavjud ish oʻrinlari soni shartnomani tuzish vaqtida davlat soliq xizmati organlariga oxirgi hisobot davrida taqdim etilgan hisobotlar asosida Komissiyaning Ishchi organi tomonidan tasdiqlanadi.
4. Mazkur Nizomning 3-bandida koʻrsatib oʻtilgan maʼlumot va hisobotga qoʻshimcha ravishda xaridor Komissiyaning Ishchi organiga obyektning sotilgunga qadar va hisobot taqdim etilayotgan davrdagi moliyaviy-iqtisodiy ahvoli toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etadi.
5. Xaridor tomonidan investitsiya majburiyatlarining bajarilishi:
pul mablagʻlarini kiritish, shu jumladan aylanma mablagʻlarni shakllantirish va toʻldirish koʻrinishida amalga oshirilganda — investitsiyalar investitsiyalash obyektining hisobiga (balansiga) olingan sanasi boʻyicha;
ishlab chiqarishni rekonstruksiyalash va qayta jihozlash uchun asbob-uskunalar, ehtiyot va butlovchi qismlar yetkazib berish koʻrinishida amalga oshirilganda — asbob-uskunalarni foydalanishga topshirish sanasi hamda ehtiyot va butlovchi qismlarni oʻrnatish sanasi boʻyicha;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa moddiy qimmatliklarni kiritish koʻrinishida amalga oshirilganda — investitsiyalar investitsiyalash obyektining hisobiga (balansiga) olingan sanasi boʻyicha;
yuqori malakali menejyerlar va boshqaruvchi kompaniyalarni jalb qilish koʻrinishida amalga oshirilganda — ular bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuzilgan shartnomalar kuchga kirgan sanasi boʻyicha aniqlanadi.
Agar shartnomada birdan ortiq koʻrinishda investitsiya kiritish nazarda tutilgan boʻlsa, u holda monitoring davomida majburiyatlar bajarilishi sanasi shartnomada (investitsiya majburiyatlarini bajarish jadvalida) koʻrsatilgan har bir investitsiya turi boʻyicha alohida qabul qilinadi.
6. Xaridor shartnomada belgilangan muddatda mazkur Nizomning 3 va 4-bandlarida koʻrsatilgan maʼlumot va hisobotlarga asoslangan holda investitsiya majburiyatlarining bajarilishi yakunlanganligi toʻgʻrisidagi yakuniy hisobotni Komissiyaning Ishchi organiga taqdim qiladi. Ushbu hisobotga investitsiya majburiyatlarining shartnoma shartlariga muvofiq bajarilganligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari, auditorlik xulosasi, baholovchi tashkilotning hisoboti, moliyaviy hisobotlar nusxalari ilova qilinadi.
Ishlab chiqarishni rekonstruksiyalash va qayta jihozlash uchun asbob-uskunalar, ehtiyot va butlovchi qismlar yetkazib berish koʻrinishida amalga oshirilgan investitsiya majburiyatlarining bajarilishi va boshqa moddiy qimmatliklar sarflari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, baholovchi tashkilot tomonidan tasdiqlangan bozor qiymati boʻyicha aniqlanadi.
III. Investitsiya majburiyatlarini bajarilishi natijalarini qabul qilish
7. Investitsiya majburiyatlarini bajarilishi, mazkur Nizomning 6-bandiga muvofiq yakuniy hisobot olingan kundan eʼtiboran bir oydan koʻp boʻlmagan muddatda Komissiya tomonidan qabul qilinadi.
8. Har bir investitsiyalash obyekti boʻyicha investitsiya majburiyatlari bajarilishi natijalarini qabul qilish uchun tarkibi Komissiya qarori bilan tasdiqlanadigan investitsiya majburiyatlarini bajarilishini qabul qilish boʻyicha ishchi guruh (keyingi oʻrinlarda Ishchi guruh deb yuritiladi) tashkil etiladi.
Ishchi guruh faoliyatiga rahbarlikni uning raisi — Komissiyaning ishchi organi vakili amalga oshiradi.
Ishchi guruh majlisida xaridorning vakili ishtirok etishga haqlidir.
9. Ishchi guruh shakllangandan soʻng bir hafta muddat ichida investitsiyalash obyektiga chiqqan holda, taqdim etilgan materiallar asosida investitsiya majburiyatlarini shartnoma shartlariga muvofiq turlari va hajmlari boʻyicha bajarilishini aniqlaydi.
Komissiyaning Ishchi organi Ishchi guruh bilan kelishgan holda, xaridor tomonidan investitsiya majburiyatlarining bajarilishi boʻyicha maʼlumotlarni ekspertizadan oʻtkazish uchun shartnoma asosida mustaqil ekspertni (baholash, auditor, moliya, konsalting tashkilotini va shu kabilarni) jalb etishi mumkin.
10. Ish natijalariga koʻra Ishchi guruhi investitsiya majburiyatlarini bajarilgan yoki bajarilmagan deb topish toʻgʻrisida xulosa tayyorlaydi va materiallarni Komissiyaning navbatdagi yigʻilishiga kiritish uchun Komissiyaning Ishchi organiga topshiradi.
Komissiyaning Ishchi organi Ishchi guruh xulosasi va oʻrganish materiallarini olgandan soʻng, belgilangan tartibda oʻz vaqtida Komissiyaning yigʻilishiga zarur materiallarni tayyorlashni taʼminlaydi va tegishli qaror qabul qilish uchun Komissiyaga kiritadi.
11. Agarda Komissiya tomonidan investitsiya majburiyatlari toʻliq hajmda bajarilgan deb eʼtirof etilsa, Komissiya investitsiyalash obyektiga bankrot-korxona yoki uning mulkiga nisbatan mulk huquqini berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va Komissiyaning Ishchi organiga xaridorning investitsiyalash obyektiga boʻlgan mulk huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazishni taʼminlash toʻgʻrisida koʻrsatma beradi.
12. Komissiyaning Ishchi organi besh ish kuni mobaynida xaridor, investitsiyalash obyekti va “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasining tegishli hududiy boʻlinmasini Komissiya tomonidan qabul qilingan qaror toʻgʻrisida yozma shaklda xabardor qiladi.
IV. Yakuniy qoidalar
13. Xaridor shartnoma boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarmaganligi, shu jumladan mazkur Nizomning 3 va 4-bandlarida koʻrsatilgan investitsiya majburiyatlarining bajarilishi toʻgʻrisida maʼlumot va hisobotlarni belgilangan muddatlarda Komissiyaning Ishchi organiga taqdim etmaganligi uchun xaridor javobgar hisoblanadi.
14. Monitoring natijalariga koʻra xaridor tomonidan shartnoma shartlari belgilangan muddatda bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan hollarda Komissiyaning Ishchi organi:
bir hafta muddatda xaridorga investitsiya majburiyatlarini bajarish muddatlarini buzilishini bartaraf etish va investitsiya majburiyatlarini belgilangan muddatda bajarilmaganligi sabablari toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etish toʻgʻrisida taqdimnoma yuboradi;
shartnomada nazarda tutilgan muddat oʻtgandan keyin uch oy mobaynida xaridor tomonidan investitsiya majburiyatlarining navbatdagi qismi shartnomada nazarda tutilgan hajmda kiritilmagan hollarda, belgilangan tartibda shartnomani bekor qilish tashabbusi bilan chiqadi, ushbu bandning toʻrtinchi xatboshisida koʻrsatilgan hollar bundan mustasno.
Agar xaridor majburiyatlarning bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi yengib boʻlmaydigan kuch, yaʼni favqulodda va muayyan sharoitlarda oldini olib boʻlmaydigan vaziyatlar (fors-major) tufayli yuzaga kelganligini isbotlay olsa, shartnoma shartlari bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan deb hisoblanmaydi.
15. Shartnomada koʻrsatilgan investitsiya majburiyatlarining bajarilish muddati tugagandan keyin uch oy davomida xaridorning shartnoma muddatini uzaytirish boʻyicha asoslangan yozma murojaati kelib tushgan taqdirda, ushbu yozma murojaat Ishchi guruh tomonidan bir hafta muddat ichida koʻrib chiqiladi va xulosa tayyorlanadi va Komissiyaga tegishli qaror qabul qilishi uchun taqdim etiladi. Komissiya tomonidan shartnoma muddatini uzaytirish yoki uzaytirmaslik toʻgʻrisidagi qaror bir oydan ortiq boʻlmagan muddat ichida qabul qilinadi.
16. Mazkur Nizom talablarini buzgan aybdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Tanlov savdolarida sotilgan iqtisodiy nochor korxonalar boʻyicha tijorat banklari tomonidan investitsiya majburiyatlarini bajarilishi yuzasidan monitoring yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq bankrot-korxonaga mulkiga kiritilayotgan investitsiya majburiyatlarini bajarilishi yuzasidan
MAʼLUMOT
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Markaziy banki Boshqaruvi va Iqtisodiyot vazirligining 2014-yil 10-apreldagi 01/22-26/14, 7/8, 63-sonli qarori (roʻyxat raqami 2181-1, 12.05.2014-y.) tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 20-son, 230-modda)
Tanlov savdolarida sotilgan iqtisodiy nochor korxonalar boʻyicha tijorat banklari tomonidan investitsiya majburiyatlarini bajarilishi yuzasidan monitoring yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq bankrot-korxonaga kiritilayotgan investitsiya majburiyatlarini bajarilishi yuzasidan
HISOBOT
* Tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalari ilova qilinishi kerak.
Tanlov savdolarida sotilgan iqtisodiy nochor korxonalar boʻyicha tijorat banklari tomonidan investitsiya majburiyatlarini bajarilishi yuzasidan monitoring yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq bankrot-korxonada yaratilgan yangi ish oʻrinlari toʻgʻrisida
HISOBOT
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Markaziy banki Boshqaruvi va Iqtisodiyot vazirligining 2014-yil 10-apreldagi 01/22-26/14, 7/8, 63-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 2181-1, 12.05.2014-y.) asosan kiritilgan — OʻR QHT, 2014-y., 20-son, 230-modda)
