Surxondaryo viloyatining Bandixon tumanini tugatish hamda uning hududini Qiziriq tumaniga birlashtirish toʻgʻrisida (181-II-son)
03.11.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
“Oʻzbekiston Respublikasida maʼmuriy-hududiy tuzilish, toponimik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish masalalarini hal etish tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 2 va 5-moddalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qonunchilik palatasi qaror qiladi :
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Surxondaryo viloyatining Bandixon tumanini alohida maʼmuriy-hududiy birlik sifatida tugatib, uning hududini Qiziriq tumaniga birlashtirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Surxondaryo viloyati tarkibida Bandixon va Qiziriq tumanlari negizida umumiy maydoni 58 849 gektar boʻlgan Qiziriq tumani tuzilib, uning tarkibiga Sariq shaharchasi, Bandixon, Boʻston, Kirshak, Mehnatobod, Olmazor, Paxtakor, Chorvador, Yangiyoʻl, Yangi hayot va Qiziriq qishloq fuqarolar yigʻinlari kiritilsin.
Sariq shaharchasi Qiziriq tumanining maʼmuriy markazi etib belgilansin.
3. Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanining chegaralari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan grafik chizmaga muvofiq tasdiqlansin (ilova qilinadi).
4. Belgilab qoʻyilsinki, tugatilayotgan Bandixon tumanidagi saylov okruglaridan saylangan xalq deputatlari Bandixon tuman Kengashi deputatlari xalq deputatlari Qiziriq tuman Kengashi deputatlari hisoblanadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu Qarorning ijrosi boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlasin.
6. Ushbu Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborilsin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TAShMUXAMEDOVA
Toshkent sh.,
2010-yil 3-noyabr,
181-II son
