Toshkent viloyatining Yangiyoʻl shahri va Yangiyoʻl tumani hududlarini birlashtirish hamda Yangiyoʻl shahrini tuman boʻysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritish toʻgʻrisida (199-II-son)
19.11.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
“Oʻzbekiston Respublikasida maʼmuriy-hududiy tuzilish, toponimik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish masalalarini hal etish tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 2, 5, 9 va 11-moddalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklifi qabul qilinib, Toshkent viloyatining Yangiyoʻl shahri va Yangiyoʻl tumani hududlari birlashtirilsin hamda Yangiyoʻl shahri tuman boʻysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritilsin.
2. Toshkent viloyati tarkibida Yangiyoʻl shahri va Yangiyoʻl tumani negizida umumiy maydoni 43 148 gektar boʻlgan Yangiyoʻl tumani tuzilsin hamda uning tarkibiga Yangiyoʻl shahri, Gulbahor qoʻrgʻoni, A.Ortiqov nomli, “Navbahor”, “Niyozbosh”, U.Musayev nomli, “Xalqobod”, “Eski Qovunchi”, “Shoʻralisoy” va “Qoʻshyogʻoch” qishloq fuqarolar yigʻinlari kiritilsin.
Yangiyoʻl shahri Yangiyoʻl tumanining maʼmuriy markazi etib belgilansin.
3. Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumanining chegarasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan grafik chizmaga muvofiq tasdiqlansin (ilova qilinadi).
4. Belgilab qoʻyilsinki, Yangiyoʻl shahridagi saylov okruglaridan saylangan xalq deputatlari Yangiyoʻl shahar Kengashi deputatlari xalq deputatlari Yangiyoʻl tuman Kengashi deputatlari hisoblanadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu Qarorning ijrosi boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlasin.
6. Ushbu Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborilsin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOShMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2010-yil 19-noyabr,
199-II son
