2011-2015-yillarda madaniyat va istirohat bogʻlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida (322-son)
29.12.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 27-yanvardagi PQ-1271-son qarori bilan tasdiqlangan “Barkamol avlod yili” Davlat dasturi ijrosini taʼminlash, 2011 — 2015-yillarda madaniyat va istirohat bogʻlarini bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilish va zamonaviy attraksionlar bilan jihozlash, ularning faoliyatini yanada takomillashtirish asosida aholi, ayniqsa bolalar va oʻsmirlar, barcha yoshlarning madaniy dam olishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan Iqtisodiyot vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2011 — 2015-yillarda madaniyat va istirohat bogʻlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb ataladi) 1-ilovaga muvofiq;
madaniyat va istirohat bogʻlarini yangidan tashkil etish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish, kapital va joriy taʼmirlash boʻyicha koʻrsatkichlar 2 va 2a-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda Madaniyat va sport ishlari vazirligi bilan kelishgan holda, ikki oy muddatda yangi tashkil etiladigan madaniyat va istirohat bogʻlarining 3 tipdagi namunaviy loyihalarini tayyorlasin. Bu namunaviy loyihalarda quyidagilar nazarda tutilsin:
madaniyat va istirohat bogʻlarini aholining madaniy dam olishi uchun qulay va koʻrkam joylarda joylashtirish, manzarali daraxtlar va har xil gullar ekish orqali bogʻning kamida 50 foiz umumiy maydoni sathida koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish;
attraksionlar va koʻngilochar oʻyinlar qurilmalarining ixcham, qulay va zamonaviy turlarini sanitariya va yongʻin xavfsizligi qoidalariga hamda jamoat tartibi talablariga rioya qilgan holda oʻrnatish;
aholi, ayniqsa bolalar hamda oʻsmir yoshlarning madaniy dam olishi uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida bolalarning moʻjaz sport maydonchalari, attraksionlar, suv havzalari, shuningdek, raqs va koʻchma sirk uchun moʻljallangan maydonchalar, amfiteatr, shinam oʻrindiqlar hamda savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalari barpo etish.
Madaniyat va istirohat bogʻlari hududida namunaviy loyihalar talablariga rioya etilgan holda, madaniy va hordiq chiqarish obyektlarini joylashtirish yuzasidan tuman (shahar) hokimlarining shaxsan javobgarligi belgilab qoʻyilsin.
3. Dasturni amalga oshirish boʻyicha asosiy ijrochilar etib Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari belgilansin hamda ularning zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin:
madaniyat va istirohat bogʻlari mol-mulkini toʻliq xatlovdan oʻtkazish, mavjud bino va inshootlar, attraksionlar va boshqa turdagi vositalardan samarali va maqsadli foydalanish boʻyicha zarur choralar koʻrish hamda ularning asossiz hisobdan chiqarilishiga yoʻl qoʻymaslik;
yangi madaniyat va istirohat bogʻlarini tashkil etish, mavjudlarini kapital rekonstruksiya qilish, kapital va joriy taʼmirlash hamda zamonaviy attraksionlar bilan jihozlash boʻyicha manzilli hududiy dasturlarni uch oy muddatda ishlab chiqish va tasdiqlash hamda har bir madaniyat va istirohat bogʻi boʻyicha texnik-iqtisodiy asosnomani tayyorlash;
madaniyat va istirohat bogʻlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bilan bogʻliq amaliy ishlarni moliyaviy taʼminlashda tadbirkorlik imkoniyatlaridan keng foydalanish, bunda bogʻ hududidagi yerlarni (namunaviy loyihada koʻzda tutilgan taqsimotga rioya etgan holda) attraksionlar, savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalari qurish uchun tanlov savdosi asosida tadbirkorlarga ijaraga berish;
Dasturni amalga oshirish uchun mahalliy budjet daromadlarining oshirib bajarilgan qismini hamda hokimliklarning budjetdan tashqari va homiylar, investorlar mablagʻlarini jalb qilish va maqsadli yoʻnaltirish.
4. Madaniyat va istirohat bogʻlarining namunaviy loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi buyurtmachi etib belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi namunaviy loyihalarni ishlab chiqish uchun Madaniyat va sport ishlari vazirligiga nazarda tutilgan budjet mablagʻlari doirasida mablagʻ ajratsin.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
madaniyat va istirohat bogʻlari tuman (shahar) hokimliklari muassisligida davlat korxonasi shaklida tashkil etiladi va faoliyat koʻrsatadi;
madaniyat va istirohat bogʻlarining faoliyatini taʼminlash boʻyicha xarajatlar ularning oʻz daromadlari, korxona va tashkilotlar hamda jismoniy shaxslarning homiylik mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan tushgan daromadlar hisobidan amalga oshiriladi;
zarur hollarda, madaniyat va istirohat bogʻlarining koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish hamda bogʻbonlarga ish haqi toʻlash bilan bogʻliq xarajatlari mahalliy budjetlar parametrlarida obodonlashtirish xarajatlari uchun nazarda tutiladigan mablagʻlar doirasida moliyalashtirilishi mumkin.
6. Tuman (shahar) hokimliklari madaniyat va istirohat bogʻlarida elektr energiyasi va boshqa resurslardan tejamkorlik bilan foydalanish, har bir attraksionda elektr hisoblagichlar oʻrnatilishini taʼminlash va barcha tushumlarning qonuniy aylanishi yuzasidan qatʼiy va doimiy nazorat oʻrnatsin.
7. Madaniyat va istirohat bogʻlari maʼmuriyatining namunaviy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish hamda Moliya vazirliklari bilan kelishgan holda, 10 kun muddatda madaniyat va istirohat bogʻlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi Nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
8. Tijorat banklariga madaniyat va istirohat bogʻlari uchun hamda mazkur dasturni amalga oshirishda ishtirok etayotgan korxona va tashkilotlarga belgilangan tartibda imtiyozli kredit mablagʻlarini ajratish tavsiya qilinsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda madaniyat va istirohat bogʻlari uchun attraksionlarni mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish chora-tadbirlari dasturini bir oy muddatda ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tegishli vazirliklar, idoralar mazkur qarorning 1-ilovasi bilan tasdiqlangan “2011 — 2015-yillarda madaniyat va istirohat bogʻlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari dasturi”da belgilangan vazifalarning bajarilishi yuzasidan nazorat oʻrnatsin hamda har chorak yakunida Vazirlar Mahkamasiga axborot bersin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 29-dekabr,
322-son
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 29-dekabrdagi 322-son qaroriga 1-ILOVA
2011 — 2015-yillarda madaniyat va istirohat bogʻlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari
DASTURI
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 29-dekabrdagi 322-son qaroriga 2-ILOVA
Madaniyat va istirohat bogʻlarini yangidan tashkil etish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish, kapital va joriy taʼmirlash boʻyicha
KOʻRSATKIChLAR
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 29-dekabrdagi 322-son qaroriga 2a-ILOVA
Madaniyat va istirohat bogʻlarining tiplari boʻyicha
KOʻRSATKIChLAR
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 29-dekabrdagi 322-son qaroriga 3-ILOVA
Madaniyat va istirohat bogʻlari maʼmuriyatining
NAMUNAVIY TUZILMASI
* Texnik xodimlar soni madaniyat va istirohat obyektlarining turi va sonidan kelib chiqib belgilanadi;
** Xizmat koʻrsatuvchi xodimlar soni oʻrnatilgan meʼyorlardan kelib chiqib belgilanadi.
