14-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarning oʻzaro nisbati
Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida (160-II-son) · Sana: 14.12.2000 · Amalda
Turli normativ-huquqiy hujjatlarning yuridik kuchi boʻyicha oʻzaro nisbati Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organning vakolatiga va maqomiga, shuningdek, hujjatlarning turlariga muvofiq belgilanadi.
Normativ-huquqiy hujjat oʻziga qaraganda yuqoriroq yuridik kuchga ega boʻlgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq boʻlishi shart.
Normativ-huquqiy hujjatlar bir-biriga toʻgʻri kelmagan hollarda yuqoriroq yuridik kuchga ega boʻlgan normativ-huquqiy hujjat qoʻllaniladi.
Teng yuridik kuchga ega boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar bir-biriga toʻgʻri kelmagan hollarda keyinroq qabul qilingan hujjat qoidalari amal qiladi.
Normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan vazirlik, davlat qoʻmitasi yoki idorasining ijtimoiy munosabatlarning muayyan sohasini tartibga solish uchun maxsus vakolati boʻlsa, ushbu organ qabul qilgan hujjat bir xil darajadagi boshqa vazirlik, davlat qoʻmitasi yoki idorasining normativ-huquqiy hujjatiga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega boʻladi.
