51-modda. Rieltorlik faoliyati sohasidagi professional jamoat birlashmalari
Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-269-son) · Sana: 22.12.2010 · Amalda
Rieltorlik faoliyati sohasidagi professional jamoat birlashmalari kamida ellikta rieltorlik tashkilotining va rieltorning aʼzoligiga asoslangan, rieltorlarning professional darajasini oshirishga va saqlab turishga koʻmaklashish, ularning professional manfaatlarini himoya qilish, shu jumladan sudlarda himoya qilish maqsadida faoliyat yurituvchi nodavlat notijorat tashkilotidir.
Rieltorlik faoliyati sohasidagi professional jamoat birlashmalari:
rieltorning malaka imtihoni uchun test savollarini ishlab chiqishda va malaka imtihonini oʻtkazishda ishtirok etadi;
Rieltorlarning professional xulq-atvori kodeksini tasdiqlaydi hamda unga rioya etilishining tizimli ravishda monitoring qilinishini taʼminlaydi;
rieltorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
rieltorlik tashkilotlari va rieltorlarni belgilangan tartibda aʼzolikka qabul qiladi;
oʻz aʼzolarining reyestrini yuritadi va uni oʻz rasmiy veb-saytiga joylashtiradi;
oʻz aʼzolari tomonidan ushbu Qonun talablariga, rieltorlik xizmatlarining milliy standartlariga, Rieltorlarning professional xulq-atvori kodeksiga, rieltorlik faoliyati sohasidagi boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etishilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
nazorat natijasida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun rieltorlik tashkilotlarini va rieltorlarni aʼzolikdan chiqaradi, vakolatli organga qoidabuzarlikka yoʻl qoʻygan rieltorlar malaka sertifikatining amal qilishini tugatish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritadi;
oʻz aʼzolarining axborot-uslubiy taʼminotini tashkil etadi;
rieltorlik faoliyati sohasidagi xalqaro tashkilotlarning hamda vakolatli davlat organi komissiyalarining ishida ishtirok etadi;
rieltorlar malakasini oshirish tizimi monitoringini taʼminlaydi hamda rieltorlarga taʼlim beruvchi oʻquv markazlarida rieltorlarning malaka oshirish kurslaridan oʻtganligi haqidagi axborotni yil yakunlari boʻyicha 20-yanvarga qadar vakolatli organga taqdim etadi.
Rieltorlik faoliyati sohasidagi professional jamoat birlashmalari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida qabul qilinadigan qarorlar ularning barcha aʼzolari tomonidan bajarilishi majburiydir.
Rieltorlik faoliyati sohasidagi professional jamoat birlashmalari kirish va aʼzolik badallari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi. Bunda badallarning va toʻlov tariflarining miqdorlari ular aʼzolarining umumiy yigʻilishi tomonidan belgilanadi.
