20-modda. Rieltorlik xizmatlari koʻrsatish shartnomasiga taalluqli majburiy talablar
Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-269-son) · Sana: 22.12.2010 · Amalda
Rieltorlik xizmatlari koʻrsatish shartnomasi rieltorlik tashkiloti yoki rieltor tomonidan buyurtmachi bilan yozma shaklda tuziladi.
Rieltorlik xizmatlari koʻrsatish shartnomasi quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
rieltorlik xizmatlarining mazmuni;
rieltorlik xizmatlari koʻrsatish muddatlari;
koʻrsatilgan rieltorlik xizmatlariga toʻlanadigan haqning miqdori, shartlari va muddatlari;
rieltorlik tashkiloti yoki rieltor hamda buyurtmachining huquq va majburiyatlari;
taraflarning shartnoma majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi hamda uchinchi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzganligi uchun javobgarligi;
shartnomani bekor qilish tartibi va shartlari;
shartnoma boʻyicha majburiyatlar bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda mablagʻlarni qaytarish tartibi;
rieltorning malaka sertifikati mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
rieltorlik tashkilotida yoki rieltorda oʻz fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish polisining mavjudligi haqidagi maʼlumotlar.
Rieltorlik xizmatlari koʻrsatish shartnomasiga qonunchilikka muvofiq boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin.
