18-modda. Rieltorlik tashkilotiga va rieltorga taqdim etiladigan axborot
Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-269-son) · Sana: 22.12.2010 · Amalda
Rieltorlik tashkilotiga quyidagi organlar va tashkilotlar tomonidan axborot taqdim etiladi:
yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organlar tomonidan — yuridik shaxslarning davlat reyestriga kiritilgan maʼlumotlar hajmida;
koʻchmas mulk obyektiga boʻlgan huquqlarni va u haqda tuzilgan bitimlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organlar tomonidan — koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarning davlat reyestriga va koʻchmas mulk haqidagi ochiq foydalanish mumkin boʻlgan boshqa maʼlumotlar bazalariga kiritilgan maʼlumotlar hajmida;
davlat soliq xizmati organlari tomonidan — bitim predmeti boʻlgan koʻchmas mulk obyekti boʻyicha soliqlarni toʻlash yuzasidan qarz mavjud emasligi haqida;
ichki ishlar organlari tomonidan — bitim predmeti boʻlgan koʻchmas mulk obyekti manzili boʻyicha fuqarolar qayd etilganligi haqida;
notarial idoralar tomonidan — bitim predmeti boʻlgan koʻchmas mulk obyektini boshqa shaxsga oʻtkazishning taqiqlanmaganligi va mazkur koʻchmas mulk obyektining xatlanmaganligi toʻgʻrisida;
kommunal xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotlar tomonidan — bitim predmeti boʻlgan koʻchmas mulk obyekti boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar uchun haq toʻlash yuzasidan qarz mavjud emasligi haqida;
uy-joy mulkdorlari shirkatlari, boshqaruvchi tashkilotlar yoki boshqaruvchilar tomonidan — bitim predmeti boʻlgan koʻchmas mulk obyekti boʻyicha umumiy mol-mulkni saqlash uchun majburiy badallarni toʻlash yuzasidan qarz mavjud emasligi haqida;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimlari, sogʻliqni saqlash muassasalari va xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish tuman (shahar) boʻlimlari tomonidan — fuqarolarning ayrim toifalariga mansub shaxsning (voyaga yetmaganlar va belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan boshqa shaxslar, nogironligi boʻlgan shaxslar, pensionerlar va boshqalarning) muomala layoqatini aniqlash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar hajmida;
fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan — bitim predmeti boʻlgan koʻchmas mulk obyektiga nisbatan huquqqa ega boʻlgan shaxslar tomonidan nikohning tuzilganligi yoki bekor qilinganligi toʻgʻrisida yoxud ularning tugʻilganligi yoki oʻlimi toʻgʻrisida dalolatnoma yozuvining mavjudligi yoxud mavjud emasligi haqida.
