Xizmat majburiyatlarini bajarayotganda harbiy xizmatchilar (harbiy xizmatga majburlar) halok boʻlgan yoki tan jarohati olgan holda bir yoʻla toʻlanadigan nafaqani toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida (2144-son)
07.10.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 7-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2144]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 30-apreldagi 168-sonli qaroriga muvofiq va harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish maqsadida buyuraman:
1. Xizmat majburiyatlarini bajarayotganda harbiy xizmatchilar (harbiy xizmatga majburlar) halok boʻlgan yoki tan jarohati olgan holda bir yoʻla toʻlanadigan nafaqani toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir Q. BERDIYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 5-avgust,
430-son
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining 2010-yil 5-avgustdagi 430-son buyrugʻiga ILOVA
Xizmat majburiyatlarini bajarayotganda harbiy xizmatchilar (harbiy xizmatga majburlar) halok boʻlgan yoki tan jarohati olgan holda bir yoʻla toʻlanadigan nafaqani toʻlash tartibi toʻgʻrisida
YOʻRIQNOMA
Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 30-apreldagi 168-sonli qaroriga muvofiq xizmat majburiyatlarini bajarayotgan harbiy xizmatchilar (harbiy xizmatga majburlar) halok boʻlgan yoki tan jarohati olgan holda bir yoʻla toʻlanadigan nafaqani (keyingi oʻrinlarda nafaqa deb yuritiladi) toʻlash tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining quyidagi harbiy xizmatchilariga (harbiy xizmatga majburlarga) nisbatan qoʻllaniladi:
muddatli harbiy xizmatni oʻtayotganlarga;
safarbarlik chaqiruvi rezervida harbiy xizmatni oʻtayotganlarga;
kontrakt boʻyicha harbiy xizmatni oʻtayotganlarga;
rezervchilar sifatida harbiy xizmatni oʻtayotganlarga;
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining oliy harbiy taʼlim muassasalarida kursant (tinglovchi) sifatida harbiy xizmatni oʻtayotganlarga.
2. Harbiy xizmatchi harbiy xizmat majburiyatlarini bajarayotganda halok boʻlgan holda, ularning oila aʼzolariga marhum pul taʼminotining 50 barobarigacha boʻlgan miqdorda nafaqa toʻlanadi.
Harbiy xizmatchi harbiy xizmat majburiyatlarini bajarayotganda tan jarohati olganda (yaralangan, jarohatlangan, kontuziyalangan) (keyingi oʻrinlarda tan jarohati deb yuritiladi), ularga nafaqa:
ogʻir tan jarohati olganda — pul taʼminoti oylik maoshining 25 barobarigacha boʻlgan miqdorda;
oʻrtacha ogʻir tan jarohati olganda — pul taʼminoti oylik maoshining 10 barobarigacha boʻlgan miqdorda toʻlanadi.
II. Nafaqani toʻlash shartlari
3. Ofitserlar, serjantlar va oddiy askarlar tarkibiga mansub kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarga yoki ularning oila aʼzolariga toʻlanadigan nafaqa miqdori, ular halok boʻlgan yoki tan jarohati olgan kuni ularning harbiy unvoni va lavozimi uchun belgilangan maoshdan tashkil topadigan pul taʼminotining miqdoridan, biror-bir koʻrinishdagi koʻpaytirish yoki oshirishlarsiz hisoblab chiqariladi.
4. Muddatli harbiy xizmat oʻtayotgan, oliy harbiy taʼlim muassasalarining kursantlari (tinglovchilari) sifatida harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilarga yoki ularning oila aʼzolariga toʻlanadigan nafaqa miqdori biror-bir koʻrinishdagi koʻpaytirish yoki oshirishlarsiz ular halok boʻlgan yoki tan jarohati olgan kundagi ularning lavozim maoshidan kelib chiqib, harbiy xizmatni rezervchilar sifatida oʻtayotganlar va harbiy xizmatni safarbarlik chaqiruvi rezervida oʻtayotganlar uchun nafaqa miqdori esa, ularning harbiy unvoni va yigʻinda egallagan lavozimi uchun belgilangan maoshdan hisoblanadi.
5. Tan jarohatining harbiy xizmatchilarning harbiy xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan boʻlgan sababiy bogʻlanish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-dekabrdagi PQ-4076-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomda hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni tashkil etish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda (roʻyxat raqami 3147, 2019-yil 3-aprel) belgilangan tartibda harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan aniqlanadi.
6. Halok boʻlish yoki tan jarohatining harbiy xizmatchilarning harbiy xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan boʻlgan sababiy bogʻlanish quyidagi hollarda aniqlanadi:
jangovar harakatlarda ishtirok etgan, xizmat majburiyatlarini ijro etgan boʻlsa;
jangovar navbatchilikni (jangovar xizmatni) oʻtagan boʻlsa;
kun tartibi bilan belgilangan xizmat vaqti davomida yoxud bu xizmat zaruratidan kelib chiqqan boʻlib, harbiy qism hududida boʻlsa;
xizmat safari yoxud davolanishda boʻlsa;
xizmat joyiga, davolanishga yoxud orqaga yoʻl bosgan boʻlsa;
harbiy yigʻinlarda ishtirok etgan boʻlsa;
asirga tushgan (oʻz ixtiyori bilan asir tushishdan tashqari), garovga olingan yoxud haydab ketilgan ahvolda boʻlsa;
bedarak ketganda — harbiy xizmatchi belgilangan tartibda bedarak yoʻqolgan deb topilgunga yoxud vafot etgan deb eʼlon qilingunga qadar;
shaxsning hayoti, sogʻligʻi, or-nomusi va qadr-qimmatini himoya qilgan boʻlsa;
qonuniylik va huquqiy tartibotni taʼminlashda huquqni muhofaza qilish organlariga yordam bergan boʻlsa;
sud tomonidan jamiyat va davlat manfaatlari yoʻlida sodir etilgan deb tan olingan boshqa xatti-harakatlarni bajargan boʻlsa;
qonunchilikda belgilangan boshqa hollarda.
7. Harbiy xizmatchilar quyidagi hollarda xizmat majburiyatlarini bajargan deb eʼtirof etilmaydilar:
oʻzini koʻngilli ravishda giyohvand, spirtli yoki zaharli moddalardan mast holatga keltirgan boʻlsa;
jinoyatchilikka oid qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan jamiyat uchun xavfli xatti-harakatlarni sodir etgan boʻlsa;
oʻz-oʻzini oʻldirgan yoxud oʻz-oʻzini oʻldirishga suiqasd qilgan boʻlsa, agar bunday harakatlar kasallik holati yoxud oʻzini oʻzi oʻldirish darajasiga yetkazish tufayli sodir etilgan boʻlmasa;
qism qarorgohidan tashqarida dam olishda, javob berishda yoxud taʼtilda yurganda, shuningdek, oʻzboshimchalik bilan qism qarorgohidan tashqarida yoxud harbiy qism hududidan tashqarida belgilangan xizmat joylaridan tashqarida yurganda, bundan asirda boʻlgan, garovga olingan yoxud haydab ketilgan hollar, sud tomonidan jamiyat va davlat manfaatlari yoʻlida sodir etilgan, deb topilgan boshqa xatti-harakatlar mustasno.
8. Agar harbiy xizmatchi mazkur Yoʻriqnomaning 7-bandida koʻzda tutilgan vaziyatda halok boʻlgan yoki tan jarohati olgan boʻlsa, unga yoki uning oila aʼzolariga nafaqa toʻlanmaydi.
III. Nafaqani rasmiylashtirish va toʻlash
9. Nafaqa harbiy qism komandiri (muassasa boshligʻi) tomonidan harbiy xizmatchining xizmat joyi boʻyicha toʻlanadi.
10. Halok boʻlish yoki ogʻir tan jarohati olishning vaziyat va sabablarini surishtirish uchun harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni va unga tenglashtirilgan mansabdor shaxs qarori bilan maxsus komissiya tuziladi. Komissiya 15 sutka davomida halok boʻlish, ogʻir tan jarohati olishning vaziyat va sabablari yuzasidan surishtiruv ishlarini oʻtkazadi.
Harbiy xizmatchi harbiy xizmat majburiyatlarini bajarishda halok boʻlgan har bir holda yuqorida koʻrsatilgan Komissiyaga tibbiy muassasa yoki sud-tibbiy ekspertiza byurosining oʻlim haqidagi tibbiy guvohnomasining nusxasi taqdim etiladi.
11. Harbiy xizmatchi ogʻir yoki oʻrtacha ogʻir tan jarohati olgan holda, harbiy qism komandiri (muassasa boshligʻi) qarori bilan baxtsiz hodisa boʻyicha surishtiruv oʻtkazuvchi maxsus komissiya tuziladi. Komissiya tarkibiga tekshirish oʻtkaziladigan hodisaga aloqasi boʻlmagan shaxslar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining tegishli harbiy qismda nazorat olib boradigan Davlat texnik nazorat va xavfsizlik texnikasi organlari (keyingi oʻrinlarda — Davtexnazorat organlari deb yuritiladi) vakillari kiritiladi. Komissiya 5 sutka davomida tan jarohati yetishiga olib kelgan vaziyat va sabablar yuzasidan surishtiruv ishlarini oʻtkazadi.
Surishtiruv natijalariga koʻra, harbiy qism komandiri (muassasa boshligʻi) uch kunlik muddat ichida harbiy-davolash muassasasiga tan jarohati olingan (yaralangan, shikast yegan, kontuziyalangan) vaziyat haqidagi maʼlumotnomani (keyingi oʻrinlarda maʼlumotnoma deb yuritiladi) mazkur Yoʻriqnomaning 1-ilovasiga muvofiq taqdim etadi.
Harbiy qism komandiri (muassasa boshligʻi) hamda baxtsiz hodisa boʻyicha surishtiruv oʻtkazuvchi maxsus komissiya raisi maʼlumotnomada bayon etilgan maʼlumotlar ishonchli boʻlishi uchun shaxsan javob beradi.
12. Harbiy xizmatchining davolanishi nihoyasiga yetgach, harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni va unga tenglashtirilgan mansabdor shaxs qarori bilan tuzilgan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy qismlari va muassasalarida jarohatlanish va boshqa baxtsiz hodisalarning oldini olish boʻyicha komissiya (keyingi oʻrinlarda jarohatlanish va boshqa baxtsiz hodisalarning oldini olish boʻyicha komissiya deb yuritiladi) oʻz yigʻilishida harbiy qism komandiri (muassasa boshligʻi) tomonidan berilgan maʼlumotnomaning asosliligini oʻrganib chiqadi hamda tan jarohatining ogʻirlik darajasi va mehnat qobiliyati yoʻqotilgan vaqtga qarab joriy meʼyorlardan kelib chiqqan holda beriladigan nafaqa miqdori toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Jarohatlanish va boshqa baxtsiz hodisalarning oldini olish boʻyicha komissiya qarori harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni va unga tenglashtirilgan mansabdor shaxs tomonidan tasdiqlanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
13. Harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni va unga tenglashtirilgan mansabdor shaxs nafaqa toʻlash masalasi yuzasidan yakuniy qaror chiqarilishi uchun 5 kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Markaziy apparatining doimiy faoliyat yurituvchi komissiyasiga (keyingi oʻrinlarda doimiy faoliyat yurituvchi komissiya deb yuritiladi) quyidagi hujjatlarni taqdim qiladi:
a) harbiy xizmat majburiyatlarini bajarishda harbiy xizmatchi halok boʻlgan holda:
harbiy qism komandirining (muassasa boshligʻining) marhumni shaxsiy tarkib roʻyxatidan chiqarish toʻgʻrisidagi buyrugʻidan koʻchirma;
harbiy xizmatchi halok boʻlgan sabablar va vaziyat yuzasidan oʻtkazilgan maxsus surishtiruv materiallari;
harbiy xizmatchining vafot etganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasi;
nikoh tuzilganligi haqida guvohnoma nusxasi;
bolalarning tugʻilganligi haqida guvohnomalar nusxalari;
Jarohatlanish va boshqa baxtsiz hodisalarning oldini olish boʻyicha komissiyasi yigʻilishining bayonnomasi;
b) harbiy xizmat majburiyatlarini bajarishda harbiy xizmatchining badaniga ogʻir yoki oʻrtacha ogʻir tan jarohati yetgan holda:
mazkur Yoʻriqnomaning 2-ilovasiga muvofiq bir yoʻla toʻlanadigan nafaqa puli yuzasidan bildirgi;
mazkur Yoʻriqnomaning 3-ilovasiga muvofiq harbiy shifokorlar komissiyasi maʼlumotnomasi;
tan jarohati olishning sabab va vaziyati yuzasidan oʻtkazilgan surishtiruv materiallari;
jarohatlanish va boshqa baxtsiz hodisalarning oldini olish boʻyicha komissiya yigʻilishining bayonnomasi;
zarur hollarda huquqni muhofaza qilish va Davtexnazorat organlarining qarori (xulosasi).
14. Doimiy faoliyat yurituvchi komissiyasining tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining qarori bilan belgilanadi. Doimiy faoliyat yurituvchi komissiyasining yigʻilishlari hujjatlar kelib tushishiga qarab, biroq bir oyda kamida bir bor oʻtkaziladi.
Doimiy faoliyat yurituvchi komissiya taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqadi va nafaqa miqdori yuzasidan yakuniy xulosa chiqaradi. Komissiya xulosasi bayonnoma bilan rasmiylashtirilib, Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining oʻrinbosari — Moliya-iqtisod boshqarmasi boshligʻi tomonidan tasdiqlanadi. Doimiy faoliyat yurituvchi komissiyaning nafaqa miqdori yuzasidan chiqargan qarori tegishli harbiy qism komandiriga (muassasa boshligʻiga) yoʻllanadi.
Doimiy faoliyat yurituvchi komissiya hujjatlarni qaytadan rasmiylashtirish uchun qaytarish, quyi pogʻonadagi komissiyalarning nafaqa miqdori yuzasidan chiqargan qarorlarini bekor qilishga haqlidir.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Tibbiyot boshqarmasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy shifokorlar komissiyasi harbiy shifokor komissiyalari tomonidan nafaqa olish uchun maʼlumotnomalar asosli va toʻgʻri berilishi ustidan nazorat olib boradi.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy shifokor muassasalarida mazkur Yoʻriqnomaning 4-ilovasiga muvofiq nafaqa olish uchun maʼlumotnoma berish hisobining jurnali yuritiladi, jurnal sahifalari raqamlangan, ipdan oʻtkazilgan, muhr bosilgan boʻlishi shart va doimiy saqlovdagi hujjat hisoblanadi. Berilgan maʼlumotnomalarning ikkinchi nusxalari alohida jildda, harbiy shifokor komissiyalari yigʻilishlarining bayonnomalar kitoblariga ilova sifatida saqlanadi.
17. Harbiy qismlarda (muassasalarda) mazkur Yoʻriqnomaning 5-ilovasiga muvofiq rasmiylashtirilgan materiallar va toʻlangan nafaqa summalari hisobining jurnali yuritiladi. Rasmiylashtirilgan materiallar va toʻlangan nafaqa summalari hisobining jurnali doimiy saqlovdagi hujjat hisoblanadi hamda sahifalari raqamlangan, ipdan oʻtkazilgan, muhr bosilgan boʻlishi shart.
18. Baxtsiz hodisaning sabablari va holatlari yuzasidan surishtiruv natijalariga koʻra, nafaqani toʻlagan harbiy qism komandiri (muassasa boshligʻi) aybdor shaxsga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda regress daʼvo qoʻzgʻatish choralarini koʻrishga majbur.
IV. Yakuniy qoida
19. Mazkur Yoʻriqnoma talablarini buzishda aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi
Xizmat majburiyatlarini bajarayotganda harbiy xizmatchilar (harbiy xizmatga majburlar) halok boʻlgan yoki tan jarohati olgan holda bir yoʻla toʻlanadigan nafaqani toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga 1-ILOVA
Xizmat majburiyatlarini bajarayotganda harbiy xizmatchilar (harbiy xizmatga majburlar) halok boʻlgan yoki tan jarohati olgan holda bir yoʻla toʻlanadigan nafaqani toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga 2-ILOVA
Xizmat majburiyatlarini bajarayotganda harbiy xizmatchilar (harbiy xizmatga majburlar) halok boʻlgan yoki tan jarohati olgan holda bir yoʻla toʻlanadigan nafaqani toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga 3-ILOVA
Xizmat majburiyatlarini bajarayotganda harbiy xizmatchilar (harbiy xizmatga majburlar) halok boʻlgan yoki tan jarohati olgan holda bir yoʻla toʻlanadigan nafaqani toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga 4-ILOVA
Nafaqa olish uchun maʼlumotnoma berish hisobining
JURNALI
Xizmat majburiyatlarini bajarayotganda harbiy xizmatchilar (harbiy xizmatga majburlar) halok boʻlgan yoki tan jarohati olgan holda bir yoʻla toʻlanadigan nafaqani toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga 5-ILOVA
Rasmiylashtirilgan materiallar va toʻlangan nafaqa summalari hisobining
JURNALI
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 40-41-son, 353-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.04.2019-y., 10/19/2144-1/2901-son)
