26-modda. Voyaga yetmaganni ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomaning sud tomonidan koʻrib chiqilishi
Voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-263-son) · Sana: 29.09.2010 · Amalda
Voyaga yetmaganni ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma ichki ishlar organi uni taqdim etgan paytdan eʼtiboran 24 soat ichida jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining sudyasi tomonidan yopiq sud majlisida yakka tartibda koʻrib chiqiladi.
Oʻziga nisbatan ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma koʻrib chiqilayotgan voyaga yetmagan, prokuror, vasiylik va homiylik organining, ichki ishlar organining vakillari sud majlisida ishtirok etishi shart. Iltimosnomani koʻrib chiqishda bolalar masalalari boʻyicha komissiyaning vakili va advokat ishtirok etishi mumkin.
Voyaga yetmaganni ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish ichki ishlar organi vakilining voyaga yetmaganni ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markaziga joylashtirish zarurligini asoslab beradigan maʼruzasidan boshlanadi. Soʻngra prokuror, oʻziga nisbatan iltimosnoma koʻrib chiqilayotgan voyaga yetmagan, advokat, agar u sud majlisida ishtirok etayotgan boʻlsa, sudda hozir boʻlgan boshqa shaxslar eshitiladi, taqdim etilgan materiallar oʻrganiladi.
Ajrim sudya tomonidan alohida xonada chiqariladi.
Voyaga yetmaganni ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqib, sudya quyidagi ajrimlardan birini chiqaradi:
iltimosnomani qanoatlantirish va voyaga yetmaganni ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markaziga joylashtirish toʻgʻrisida;
iltimosnomani qanoatlantirishsiz qoldirish toʻgʻrisida.
Sudyaning voyaga yetmaganni ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani qanoatlantirish yoki qanoatlantirishsiz qoldirish toʻgʻrisidagi ajrimi u oʻqib eshittirilgan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi va darhol ijro etilishi lozim.
Sudyaning voyaga yetmaganni ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma boʻyicha chiqargan ajrimi darhol ichki ishlar organiga ijro etish uchun, voyaga yetmaganga, uning ota-onasi yoki ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxslarga, vasiylik va homiylik organiga, advokatga, agar u sud majlisida ishtirok etgan boʻlsa, maʼlumot uchun yuboriladi.
