24-modda. Oʻziga nisbatan yakka tartibdagi profilaktika ishi olib borilayotgan shaxslarning huquqlari
Voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-263-son) · Sana: 29.09.2010 · Amalda
Oʻziga nisbatan yakka tartibdagi profilaktika ishi olib borilayotgan voyaga yetmaganlar, ularning ota-onasi yoki ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxslar qonunchilikda nazarda tutilgan huquqlar bilan taʼminlanadi.
Ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazida saqlanayotgan voyaga yetmaganlar belgilangan tartibda quyidagi huquqlar bilan taʼminlanadi:
ota-onasini yoki ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxslarni voyaga yetmaganlar mazkur muassasalarga olib kelinganligi yoki joylashtirilganligi toʻgʻrisida xabardor qilish;
voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasini amalga oshiruvchi organlar hamda muassasalarning qarorlari va mansabdor shaxslarning harakatlari (harakatsizligi) ustidan yuqori turuvchi organlarga, bolalar masalalari boʻyicha komissiyalarga, prokuratura organlariga yoki sudga shikoyat qilish;
odamning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitmaydigan insoniy muomalada boʻlish;
cheklanmagan miqdorda telefonda soʻzlashuvlar, boshqa aloqa vositalari orqali muloqotlar hamda uchrashuvlar vositasida oilasi bilan aloqada boʻlish, posilkalar, banderollar, yoʻqlovlar olish, xat va telegrammalar olish hamda joʻnatish;
belgilangan normalar boʻyicha bepul ovqat, kiyim-kechak, poyabzal va ashyoviy taʼminotning boshqa buyumlarini olish.
