16-modda. Sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari va sogʻliqni saqlash muassasalari
Voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-263-son) · Sana: 29.09.2010 · Amalda
Sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari va sogʻliqni saqlash muassasalari oʻz vakolatlari doirasida:
voyaga yetmaganlar, ularning ota-onasi yoki ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxslar oʻrtasida sanitariya-gigiyena bilimlarini keng yoyishni, shuningdek sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishni tashkil etadi;
voyaga yetmaganlar oʻrtasida alkogolizm, chekish, giyohvandlik va zaharvandlik hamda ularning xulq-atvoridagi shu bilan bogʻliq nuqsonlarning profilaktikasi boʻyicha tadbirlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini taʼminlaydi;
voyaga yetmaganlar oʻrtasida alkogolizm, chekish, giyohvandlik va zaharvandlikning tarqalishi toʻgʻrisida bolalar masalalari boʻyicha komissiyalarni xabardor qiladi;
uch yoshgacha boʻlgan adashib qolgan, tashlab ketilgan va ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan boshqa bolalarni kecha-kunduz qabul qilish hamda parvarishlashni amalga oshiradi;
voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasini amalga oshiruvchi organlar va muassasalarga, shuningdek voyaga yetmaganlarning ota-onasi yoki ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxslarga maslahat yordamini koʻrsatadi;
alkogol taʼsirida mast holatda boʻlgan yoki giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki aql-iroda faoliyatiga taʼsir etuvchi boshqa moddalar taʼsiri ostida boʻlgan voyaga yetmaganlarni kecha-kunduz qabul qilishni amalga oshiradi va ularga tibbiy yordam koʻrsatadi;
rivojlanishida yoki xulq-atvorida nuqsoni boʻlgan voyaga yetmaganlarga ixtisoslashtirilgan tashxis hamda davolash-tiklash yordamini koʻrsatadi;
spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki aql-iroda faoliyatiga taʼsir etuvchi boshqa moddalarni muntazam ravishda isteʼmol qilayotgan voyaga yetmaganlarni aniqlash, hisobga olish, tekshirish va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilishni tashkil etadi;
jinsiy yoʻl bilan yuqtiriladigan kasalliklarning manbalarini aniqlash, ushbu kasalliklarga chalingan voyaga yetmaganlarni tekshirish va davolashni tashkil etadi.
ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda boʻlgan voyaga yetmaganlarga va oilalarga ijtimoiy yordam koʻrsatish hamda ularni ijtimoiy-pedagogik reabilitatsiya qilishning zamonaviy uslublari va texnologiyalaridan foydalanadi;
