13-modda. Taʼlimni boshqarish organlari va taʼlim muassasalari
Voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-263-son) · Sana: 29.09.2010 · Amalda
Taʼlimni boshqarish organlari oʻz vakolatlari doirasida:
voyaga yetmaganlarda qonunga itoatkorlik xulq-atvorini shakllantirishga, ularga axloq va sogʻlom turmush tarzi asoslarini singdirishga yoʻnaltirilgan dasturlar hamda uslublarni ishlab chiqadi va taʼlim muassasalarining ish amaliyotiga joriy etadi;
voyaga yetmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash vazifalarini amalga oshirayotgan muassasalarning faoliyatini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
taʼlim muassasalaridagi mashgʻulotlarga uzrli sabablarsiz kelmayotgan yoxud muntazam ravishda qatnashmayotgan voyaga yetmaganlarni aniqlaydi hamda ularning hisobini yuritadi, ularning umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, taʼlim olishiga doir chora-tadbirlarni koʻradi;
voyaga yetmaganlarga oʻz hayot yoʻlini va kasb-hunar tanlashida ularning qobiliyati, qiziqishi, moyilligi hamda sogʻligʻining holatiga muvofiq psixologik yordam koʻrsatadi;
rivojlanishida yoki xulq-atvorida nuqsoni boʻlgan voyaga yetmaganlarni aniqlaydigan, ularni kompleks tekshiruvdan oʻtkazadigan hamda ularning kelgusidagi taʼminoti, tarbiyasi va taʼlimi shakllarini belgilash boʻyicha tavsiyalar tayyorlaydigan psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyalar tuzadi;
yakka tartibdagi profilaktika ishini olib borishda ishtirok etadi;
taʼlim muassasalarida ommabop sport seksiyalari, texnik va boshqa toʻgaraklar, klublar tashkil etilishini hamda voyaga yetmaganlarni ularda qatnashishga jalb etishni taʼminlaydi, voyaga yetmaganlarning bandligi va dam olishini tashkil etishda qatnashadi.
Umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari hamda boshqa taʼlim muassasalari oʻz vakolatlari doirasida:
rivojlanishida yoki xulq-atvorida nuqsoni yoxud oʻqishida muammolari boʻlgan voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-psixologik hamda pedagogik yordam koʻrsatadi;
ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda boʻlgan, shuningdek taʼlim muassasalaridagi mashgʻulotlarga uzrli sabablarsiz kelmayotgan yoxud muntazam ravishda qatnashmayotgan voyaga yetmaganlarni aniqlaydi, ularni taʼminlash, tarbiyalash va ularga taʼlim berishga doir chora-tadbirlarni koʻradi;
taʼlim muassasalarida ommabop sport seksiyalari, texnik va boshqa toʻgaraklar, klublar tashkil qiladi hamda voyaga yetmaganlarni ularda qatnashishga jalb etadi;
