11-modda. Ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning profilaktikasi boʻlinmalari
Voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-263-son) · Sana: 29.09.2010 · Amalda
Ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning profilaktikasi boʻlinmalari oʻz vakolatlari doirasida:
yakka tartibdagi profilaktika ishini olib boradi;
qidiruv eʼlon qilingan voyaga yetmaganlarni, shuningdek ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda boʻlgan voyaga yetmaganlarni aniqlashga doir chora-tadbirlarni amalga oshiradi hamda belgilangan tartibda ularni voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasini amalga oshiruvchi tegishli organlarga yoki muassasalarga yuboradi;
voyaga yetmaganlarni huquqbuzarliklar yoki boshqa gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarni sodir etishga jalb qilayotgan yoxud voyaga yetmaganlarga nisbatan boshqa gʻayrihuquqiy qilmishlar sodir etayotgan shaxslarni, shuningdek voyaga yetmaganlarni taʼminlash, tarbiyalash va ularga taʼlim berish boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishdan boʻyin tovlayotgan yoki lozim darajada bajarmayotgan yoxud voyaga yetmaganlarning xulq-atvoriga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan yoki ular bilan shafqatsiz muomalada boʻlayotgan ota-onalarni yoki ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxslarni aniqlaydi hamda ularga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisida tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlarga takliflar kiritadi;
voyaga yetmaganlarning, ularning ota-onasi yoki ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxslarning, shuningdek boshqa shaxslarning voyaga yetmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishi bilan bogʻliq shikoyatlari va arizalarini koʻrib chiqadi;
huquqbuzarliklar yoki boshqa gʻayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etgan voyaga yetmaganlarga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisida voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasini amalga oshiruvchi tegishli organlar va muassasalarga takliflar kiritadi;
voyaga yetmaganlarni ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazlariga belgilangan tartibda joylashtirish uchun ularga taalluqli hujjatlarni tayyorlaydi;
voyaga yetmaganlarning nazoratsizligi, qarovsizligi, huquqbuzarliklari yoki boshqa gʻayriijtimoiy xatti-harakatlari faktlari, shuningdek ularga imkon berayotgan sabablar va shart-sharoitlar toʻgʻrisida tegishli davlat organlari hamda boshqa tashkilotlarni xabardor qiladi;
