597-modda. Jinoyat ishi materiallarini xorijiy davlatning vakolatli organiga yuborish
Sudlar, prokurorlar, tergovchilar va surishtiruv organlarining xorijiy davlatlar vakolatli organlari bilan oʻzaro hamkorligi tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-262-son) · Sana: 28.09.2010 · Amalda
Chet el fuqarosi Oʻzbekiston Respublikasi hududida jinoyat sodir etgan, keyinchalik uning hududidan chiqib ketgan hamda protsessual harakatlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududida uning ishtirokida bajarishning imkoni boʻlmagan taqdirda, tergov qilinayotgan jinoyat ishining barcha materiallari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga topshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mazkur materiallarni xorijiy davlatning vakolatli organiga tergov qilish uchun yuborish toʻgʻrisidagi masalani hal qiladi.
Jinoyat ishi materiallariga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi ariza, shuningdek dalillar ilova qilinadi. Ishdagi har bir hujjat mazkur jinoyat ishini yuritayotgan organning gerbli muhri bilan tasdiqlangan va yuborilayotgan xorijiy davlatning rasmiy tiliga yoki Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida nazarda tutilgan boshqa tilga tarjima qilingan boʻlishi kerak.
