Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisida (617-II-son)
Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisida (617-II-son)
30.04.2004
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
I. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi siyosiy partiyalarni moliyalashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisidagi qonunchilik
Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun, “Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
3-modda. Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish manbalari
Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish manbalari quyidagilardan iborat:
kirish va aʼzolik badallari, agar siyosiy partiyaning ustavida bunday badallar toʻlash nazarda tutilgan boʻlsa;
qonunchilikka muvofiq tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ushbu Qonunga muvofiq ajratiladigan mablagʻlar;
Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxslari va fuqarolari tomonidan ushbu Qonunga muvofiq beriladigan xayriya yordami.
4-modda. Siyosiy partiyalarni moliyalashtirishning asosiy prinsiplari
Qonuniylik, ochiqlik, oshkoralik va siyosiy partiyalarning teng huquqliligi siyosiy partiyalarni moliyalashtirishning asosiy prinsiplaridir.
5-modda. Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning barcha uchun ochiqligi
Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning mazkur partiyalar aʼzolari va jamoatchilik uchun ochiqligi siyosiy partiyalarning oʻzi tomonidan taʼminlanadi.
Siyosiy partiyalar oʻz faoliyatining moliyalashtirilishi hajmi va manbalari haqida axborot eʼlon qilib turishi kerak.
6-modda. Siyosiy partiyalarning moliyaviy va boshqa mablagʻlardan belgilangan maqsadda foydalanishi
Siyosiy partiyalar moliyaviy va boshqa mablagʻlardan qonunda hamda ustavlarida nazarda tutilgan maqsadlarda foydalanadi. Bu mablagʻlardan boshqa maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi.
Siyosiy partiyalarning mol-mulki va pul mablagʻlari siyosiy partiya aʼzolari oʻrtasida taqsimlanishi mumkin emas.
Siyosiy partiyalarga, ularning tashkilotlariga bittadan ortiq bankda bank hisobvaraqlariga, shuningdek chet el banklarida hisobvaraqlarga ega boʻlish taqiqlanadi.
Siyosiy partiyalar bitta bankda quyidagi talab qilib olinguncha saqlanadigan depozit hisobvaraqlariga ega boʻlishi mumkin:
asosiy hisobvaraq — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlarni oʻtkazish, ulardan foydalanish va ularni nazorat qilish uchun;
ikkita ikkilamchi hisobvaraq:
a) aʼzolik badallari, xayriyalar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan kelib tushadigan mablagʻlarni oʻtkazish va ulardan foydalanish uchun;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasidan kelib tushadigan mablagʻlarni oʻtkazish va ulardan foydalanish uchun.
II. Siyosiy partiyalarni davlat tomonidan moliyalashtirish
7-modda. Siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini davlat tomonidan moliyalashtirish
Siyosiy partiya, agar u Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) saylov yakunlari boʻyicha “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuniga muvofiq Qonunchilik palatasida siyosiy partiya fraksiyasini tuzish uchun zarur miqdorda deputatlik oʻrinlarini olgan boʻlsa, oʻzining ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun davlat mablagʻlarini olish huquqiga ega boʻladi.
Siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablagʻlarining yillik hajmi shu mablagʻlarni ajratish moʻljallanayotgan yildan oldingi yilning 1-sentabridagi holatga koʻra belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining ikki yarim foizini Qonunchilik palatasiga oʻtkazilgan oxirgi saylovda saylovchilar roʻyxatiga kiritilgan fuqarolar soniga koʻpaytmasi miqdorida shakllantiriladi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan davlat mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qonunchilik palatasiga oxirgi saylovning Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan aniqlangan natijalariga asosan bu mablagʻlarni olish huquqiga ega boʻlgan siyosiy partiyalar oʻrtasida quyidagi tartibda taqsimlaydi:
ajratiladigan mablagʻlarning qirq foizi siyosiy partiyalar oʻrtasida teng miqdorda;
ajratiladigan mablagʻlarning oltmish foizi siyosiy partiyalar oʻrtasida ularning Qonunchilik palatasida olgan deputatlik oʻrinlari miqdoriga mutanosib ravishda.
Bunda Qonunchilik palatasi deputatlarining soni oʻzgargan taqdirda, davlat mablagʻlarini qayta taqsimlash amalga oshirilmaydi.
8-modda. Siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish
Siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish belgilangan tartibda faqat ana shu maqsadlar uchun ajratiladigan davlat mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. Siyosiy partiyalarni saylovda boshqa mablagʻlar hisobidan moliyalashtirish va moddiy jihatdan oʻzgacha tarzda qoʻllab-quvvatlash taqiqlanadi.
Siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablagʻlarining bir nomzod hisobiga toʻgʻri keladigan miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablagʻlari shu partiyadan koʻrsatilgan nomzodlar roʻyxatga olinganidan keyin roʻyxatga olingan nomzodlar soniga muvofiq hajmda siyosiy partiyaning hisob-kitob varagʻiga belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
Saylovda siyosiy partiyalarning ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratilgan mablagʻlar siyosiy partiya tomonidan:
tashviqot olib borishga;
nomzodlarning ishonchli vakillari va tashviqot oʻtkazish uchun jalb qilinadigan boshqa faollar ishini tashkil etishga;
saylov kampaniyasini oʻtkazishga doir umumpartiyaviy tadbirlarga sarflanishi kerak.
Agar Qonunchilik palatasiga saylov yakunlari boʻyicha siyosiy partiya fraksiya tuzish uchun zarur miqdorda deputatlik oʻrinlarini ololmagan boʻlsa, siyosiy partiyaning Qonunchilik palatasiga saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratilgan davlat mablagʻlari mazkur partiyaning boshqa manbalardan olgan mablagʻlari hisobidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga qaytarilishi kerak.
9-modda. Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiya fraksiyalarining faoliyatini davlat tomonidan moliyalashtirish
Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiya fraksiyalarining faoliyatini tashkiliy, texnikaviy jihatdan va boshqa tarzda taʼminlash uchun ajratiladigan davlat mablagʻlari Qonunchilik palatasining xarajatlar smetasida nazarda tutiladi.
10-modda. Davlat tomonidan moliyalashtirish manbai va uni ajratish tartibi
Siyosiy partiyalarni davlat tomonidan moliyalashtirish manbai Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining mablagʻlaridir.
Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablagʻlari siyosiy partiyalarning bank hisobvaraqlariga belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
Siyosiy partiya tomonidan moliya yili mobaynida foydalanilmagan davlat mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga qaytarilmaydi va bu mablagʻlardan kelgusi yillarda ularning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun foydalaniladi.
Siyosiy partiya davlat mablagʻlarini olishdan voz kechishga haqli.
11-modda. Siyosiy partiyani davlat tomonidan moliyalashtirishni toʻxtatib turish yoki tugatish
Siyosiy partiyani davlat tomonidan moliyalashtirish partiya faoliyati toʻxtatib turilgan yoki tugatilgan taqdirda toʻxtatib turiladi yoxud tugatiladi.
Siyosiy partiya ustav faoliyatini davlat tomonidan moliyalashtirishni toʻxtatib turish yoki tugatish uchun quyidagilar ham asos boʻlishi mumkin:
qonunchilikda belgilangan tartibda siyosiy partiyaning qayta tashkil etilganligi (boshqa siyosiy partiyalarga qoʻshib yuborish va qoʻshib olish bundan mustasno);
ushbu Qonunning 16 va 17-moddalarida nazarda tutilgan talablarning siyosiy partiya tomonidan bajarilmaganligi;
siyosiy partiya davlat mablagʻlaridan belgilanmagan maqsadda foydalanganligi, shu jumladan ustavda nazarda tutilgan faoliyati uchun ajratilgan mablagʻlardan saylovda ishtirok etishni moliyalashtirish uchun foydalanganligi.
Siyosiy partiya ustav faoliyatini davlat tomonidan moliyalashtirishni toʻxtatib turish yoki tugatish toʻgʻrisidagi qaror ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan asoslarga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan qabul qilinadi. Davlat tomonidan moliyalashtirishni toʻxtatib turish yoki tugatish toʻgʻrisidagi qaror ustidan siyosiy partiya Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilishi mumkin.
Siyosiy partiya qoʻshib yuborish yoki qoʻshib olish shaklida qayta tashkil etilganda siyosiy partiyaning huquqiy vorisi davlat tomonidan moliyalashtirilish huquqiga ega boʻladi.
III. Siyosiy partiyalarga beriladigan xayriya yordami
12-modda. Siyosiy partiyalarning Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxslari va fuqarolaridan xayriya yordami olish huquqi
Siyosiy partiya xayriya yordamini faqat Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxslari (chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar bundan mustasno) va fuqarolaridan pul shaklida hamda mol-mulk berish, xizmatlar koʻrsatish, ishlar bajarish tarzida va faqat ustavda nazarda tutilgan faoliyatni amalga oshirish uchun olish huquqiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxslari va fuqarolari tomonidan xayriya yordami berish ixtiyoriy ravishda va ularning faqat oʻz mablagʻlaridan amalga oshiriladi, ushbu Qonun 15-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan manbalardan olinadigan mablagʻlar bundan mustasno.
Ushbu Qonunning 15-moddasida nazarda tutilgan cheklashlar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning xodimlari sifatida oladigan ish haqiga tatbiq etilmaydi.
Siyosiy partiya xayriya yordamini qabul qilishni rad etishga haqli.
13-modda. Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxslari tomonidan beriladigan xayriya yordami
Siyosiy partiya Oʻzbekiston Respublikasining bir yuridik shaxsidan bir yil mobaynida olgan xayriya yordami summasi xayriya yordami berilgan yilning 1-yanvaridagi holatga koʻra belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining besh ming baravaridan oshmasligi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxsi siyosiy partiyaga pul mablagʻlari shaklidagi xayriya yordamini berishda uni siyosiy partiyaning hisob-kitob varagʻiga yuridik shaxslar uchun naqd pulsiz hisob-kitoblar qoidalarida nazarda tutilgan rekvizitlarni koʻrsatgan holda oʻtkazadi va toʻlov topshiriqnomasida ushbu Qonunning 15-moddasida nazarda tutilgan xayriya yordami berishga cheklashlar yoʻqligi haqida belgi qoʻyadi.
Xayriya yordami, agar u ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan summadan ortiqroq boʻlsa, olingan kundan eʼtiboran bir oy ichida siyosiy partiya xayriya yordami beruvchiga uni qaytarishi, qaytarish imkoniyati boʻlmagan taqdirda esa, davlat daromadiga oʻtkazishi lozim.
14-modda. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan beriladigan xayriya yordami
Siyosiy partiya Oʻzbekiston Respublikasining bir fuqarosidan bir yil mobaynida olgan xayriya yordami summasi xayriya yordami berilgan yilning 1-yanvaridagi holatga koʻra belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining besh yuz baravaridan oshmasligi lozim. Ushbu cheklash siyosiy partiya aʼzolari partiya ustaviga asosan toʻlaydigan aʼzolik badallariga tatbiq etilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi siyosiy partiyaga pul mablagʻlari tarzidagi xayriya yordamini berishda uni siyosiy partiyaning hisob-kitob varagʻiga shaxsan, pasportini yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasini yoxud uning oʻrnini bosuvchi hujjatni taqdim etgan hamda toʻlov topshiriqnomasida yoxud pul joʻnatmasida familiyasini, ismini, otasining ismini va pasportiga yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasiga oid maʼlumotlarni koʻrsatgan holda oʻz mablagʻlaridan oʻtkazadi.
Xayriya yordami, agar u ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan summadan ortiqroq boʻlsa, olingan kundan eʼtiboran bir oy ichida siyosiy partiya xayriya yordami beruvchiga uni qaytarishi, qaytarish imkoniyati boʻlmagan taqdirda esa, davlat daromadiga oʻtkazishi lozim.
15-modda. Siyosiy partiyalarga xayriya yordami berishdagi cheklashlar
Siyosiy partiyalarga pul mablagʻlari shaklidagi, mol-mulk berish, xizmatlar koʻrsatish, ishlar bajarish tariqasidagi (shu jumladan grantlar ajratish, texnik yordam koʻrsatish, safarlar bilan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida va undan tashqarida oʻtkaziladigan treninglar, seminarlar, konferensiyalar bilan bogʻliq xarajatlarga haq toʻlash orqali) xayriya yordami quyidagilar tomonidan berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi:
chet davlatlar;
chet davlatlarning yuridik shaxslari, ularning vakolatxonalari va filiallari;
xalqaro tashkilotlar, ularning vakolatxonalari va filiallari;
chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar;
chet el fuqarolari;
fuqaroligi boʻlmagan shaxslar.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, diniy tashkilotlar va nomi yashirilgan yoki faqat taxallusi koʻrsatilgan shaxslar tomonidan siyosiy partiyalarga pul mablagʻlari shaklida, mol-mulk berish, xizmatlar koʻrsatish, ishlar bajarish tarzida xayriya yordami berilishiga ham yoʻl qoʻyilmaydi.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan xayriya yordami olingan kundan eʼtiboran bir oy ichida xayriya yordami beruvchiga qaytarilishi, qaytarish imkoniyati boʻlmagan taqdirda esa, davlat daromadiga oʻtkazilishi lozim.
IV. Moliyaviy va boshqa mablagʻlarning kelib tushishi hamda siyosiy partiyalarning ulardan belgilangan maqsadda foydalanishi ustidan nazorat
16-modda. Siyosiy partiyalarning moliyaviy hisobdorligi
Siyosiy partiyalar qonunchilikda belgilangan tartibda va muddatlarda moliyaviy hamda buxgalteriya hisobdorligini amalga oshiradi.
Siyosiy partiya har yili qonunchilikda belgilangan muddatlarda hamda tartibda moliya organlariga, davlat soliq xizmati organlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Adliya vazirligiga hisobot davrida olingan hamda sarflangan moliyaviy va boshqa mablagʻlar toʻgʻrisida moliyaviy hisobot taqdim etishi shart. Siyosiy partiya saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun oʻziga ajratilgan davlat mablagʻlari yuzasidan saylov kunida oraliq hisobotni, saylov natijalari eʼlon qilinganidan keyin esa yakuniy hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etadi.
Siyosiy partiyaning moliyaviy hisobotida siyosiy partiyaning hisob-kitob varagʻiga hisobot davrida kelib tushgan mablagʻlarning manbalari va miqdorlari toʻgʻrisidagi, shu mablagʻlarning sarflanishi haqidagi, siyosiy partiyaning qiymati ham koʻrsatilgan mol-mulki toʻgʻrisidagi, shuningdek mazkur partiyaning davlat roʻyxatidan oʻtganligi haqidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslari va fuqarolaridan xayriya yordami pul mablagʻlaridan boshqa shaklda olingan taqdirda, siyosiy partiya uni Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilikka muvofiq pul ifodasida baholaydi va tegishli maʼlumotlarni, shu jumladan xayriya yordami beruvchi haqidagi maʼlumotlarni siyosiy partiyaning moliyaviy hisobotiga kiritadi.
Siyosiy partiyaning moliyaviy hisobotida davlat mablagʻlarining kelib tushishi va sarflanishi alohida qismda nazarda tutiladi. Bunda siyosiy partiya tomonidan saylovda ishtirok etish uchun sarflangan mablagʻlar alohida hisobga olinadi.
Siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish toʻgʻrisidagi hisobot shakli va uni taqdim etish muddati Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Siyosiy partiyaning hisobotlari uning rasmiy veb-saytida va bosma nashrida eʼlon qilinadi.
17-modda. Siyosiy partiyalarning moliyalashtirish manbalari toʻgʻrisidagi hisobotlari
Siyosiy partiyalar har yili barchaning eʼtibori uchun oʻz budjetlarini eʼlon qiladi va oʻz faoliyatini moliyalashtirish manbalari toʻgʻrisida Qonunchilik palatasiga yoki u vakolat bergan organga belgilangan tartibda hisobot taqdim etadi.
Siyosiy partiyaning hisobotiga uning saylovda ishtirok etishini va ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun hisobot yilida partiyaning hisob-kitob varagʻiga kelib tushgan hamda sarflangan davlat mablagʻlari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, Hisob palatasi va Adliya vazirligining xulosasi ilova qilinadi.
Siyosiy partiyaning moliyalashtirish manbalari toʻgʻrisidagi hisoboti ommaviy axborot vositalari va manfaatdor tashkilotlarning vakillari taklif etilgan holda koʻrib chiqiladi.
18-modda. Moliyaviy va boshqa mablagʻlarning kelib tushishi hamda siyosiy partiyalar tomonidan sarflanishi ustidan nazorat
Moliyaviy va boshqa mablagʻlarning kelib tushishi hamda siyosiy partiyalarning ulardan belgilangan maqsadda foydalanishi ustidan nazoratni Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi amalga oshiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan siyosiy partiyalarning moliyaviy faoliyatini tekshirish natijalari ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
Moliyaviy va boshqa mablagʻlarning kelib tushishini hamda siyosiy partiyalarning ulardan belgilangan maqsadda foydalanishini tekshirish Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida oʻndan bir qismidan iborat deputatlar guruhining murojaatiga binoan Qonunchilik palatasi tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin.
V. Yakunlovchi qoidalar
19-modda. Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish masalalari yuzasidan davlat organlarining qarorlari va ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish
Siyosiy partiya oʻz faoliyatining moliyalashtirilishi masalalari yuzasidan tegishli davlat organlarining qarorlari va ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilishi mumkin.
20-modda. Nizolarni hal qilish
Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal qilinadi.
21-modda. Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV