2002/2003 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga qabul toʻgʻrisida (198-son)
04.06.2002
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Kadrlar tayyorlash milliy dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, ilgʻor zamonaviy talablarga javob beradigan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni tashkil etish, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi turlarini oliy maʼlumotli pedagog kadrlar bilan taʼminlashni jadallashtirish hamda oliy taʼlim muassasalariga iqtidorli va qobiliyatli yoshlarni tanlab olish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2002/2003 oʻquv yilida:
bakalavrlar tayyorlash boʻyicha umumiy qabul soni 51100, shu jumladan 19900 davlat grantlari va 31200 toʻlov-kontrakt asosida belgilanib, ular oliy taʼlim muassasalari va taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha 1-ilovaga muvofiq taqsimlansin;
magistrlar tayyorlash boʻyicha umumiy qabul soni 4500, shu jumladan 1400 davlat grantlari va 3100 toʻlov-kontrakt asosida belgilanib, ular oliy taʼlim muassasalari va mutaxassisliklar boʻyicha 2-ilovaga muvofiq taqsimlansin.
2. 2002/2003 oʻquv yilida oliy taʼlim muassasalari tarkibidagi maxsus sirtqi boʻlimlarga oʻrta maxsus maʼlumot va tegishli taʼlim turi boʻyicha kamida uch yil amaliy pedagogik stajga ega boʻlgan pedagog kadrlardan bakalavrlar tayyorlash uchun umumiy qabul soni 3000, shu jumladan 1200 davlat grantlari va 1800 toʻlov-kontrakt asosida belgilanib, ular oliy taʼlim muassasalari va taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha 3-ilovaga muvofiq taqsimlansin.
3. 2002/2003 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasining tarkibi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oliy taʼlim muassasalariga ega boʻlgan vazirlik va idoralar Davlat test markazi bilan birgalikda bir hafta muddatda oʻzlariga qarashli taʼlim muassasalarida davlat grantlarini va toʻlov-kontrakt asosidagi bakalavriat va magistratura boʻyicha oʻrinlar kvotasini taʼlim shakllari va tillari boʻyicha taqsimlash toʻgʻrisidagi takliflarini Davlat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritsinlar.
5. Davlat komissiyasiga, Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda, oliy taʼlim muassasalari bakalavriati va magistraturasiga qabul qilish test sinovlari natijalaridan kelib chiqib, toʻlov-kontrakt asosida belgilangan umumiy qabul kvotalari doirasida, qabul koʻrsatkichlariga zarur oʻzgartirishlar kiritishga ruxsat berilsin.
6. Mamlakatimiz iqtisodiyotining soha va tarmoqlarini yuqori malakali mutaxassislar bilan taʼminlashning samarali mexanizmini shakllantirish hamda davlat grantlari hisobidan oliy taʼlimga ega boʻlgan yosh mutaxassislarning intellektual salohiyatidan unumli foydalanish va ularni ish bilan taʼminlashda koʻmaklashish maqsadida, 2002/2003 oʻquv yilidan boshlab, oliy taʼlim muassasalari bakalavriati va magistraturasiga davlat grantlari asosida qabul qilingan talabalar, oliy taʼlim muassasasi va potensial ish beruvchi oʻrtasida ixtiyoriy asosda yosh mutaxassislarni ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish toʻgʻrisidagi shartnomalar tuzish amaliyoti joriy etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda yosh mutaxassisni ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish toʻgʻrisidagi namunaviy shartnomani ishlab chiqsin, belgilangan tartibda tasdiqlasin va barcha oliy taʼlim muassasalariga yetkazsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2002/2003 oʻquv yilida davlat grantlari asosida bakalavriat va magistraturaga hamda maxsus sirtqi boʻlimlarga belgilangan qabulni hisobga olgan holda, budjetdan zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H.S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 4-iyun,
198-son
Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 4-iyundagi 198- son qaroriga 1-ILOVA
2002/2003 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarida bakalavrlar tayyorlash boʻyicha qabul kvotalari
* Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Umid” jamgʻarmasi granti hisobiga (umumiy qabul miqdorida hisobga olinmagan)
Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 4-iyundagi 198-son qaroriga 2-ILOVA
2002/2003 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga magistrlar tayyorlash boʻyicha qabul kvotalari
Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 4-iyundagi 198-son qaroriga 3-ILOVA
2002/2003 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarining maxsus sirtqi boʻlimlarida bakalavrlar tayyorlash boʻyicha qabul kvotalari
Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 4-iyundagi 198-son qaroriga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasining tarkibi
