Tibbiy-mehnat ekspertiza xizmati faoliyatini tashkil etishni takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (193-son)
02.09.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tibbiy-mehnat ekspertiza xizmati faoliyatini boshqarish va tashkil etish tuzilmasini yanada takomillashtirish, nogironlarni sifatli tibbiy tekshirishdan oʻtkazish hamda samarali tibbiy-ijtimoiy va kasb boʻyicha reabilitatsiya qilish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, shuningdek tibbiy-mehnat ekspert komissiyalarini yuqori malakali, halol ishlovchi tibbiyot kadrlari bilan mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
2. Quyidagilar Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
hayot faoliyati cheklanganligini ekspertizadan oʻtkazish, nogironlik guruhini, sabablari, boshlangan vaqti va muddatlarini aniqlash boʻyicha tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari (keyingi oʻrinlarda TMEK deb yuritiladi) faoliyatiga rahbarlik qilish;
ekspertizalar natijalarini, davolash-profilaktika muassasalari tomonidan taqdim etilgan tibbiy hujjatlarni va fuqarolarni tibbiy tekshirishdan oʻtkazish natijalarini doimiy oʻrganish asosida nogironlikning holatini, uning oʻzgarishini va unga sabab boʻlgan omillarni tizimli tahlil qilish;
nogironlik profilaktikasi sohasida kompleks dasturlarni ishlab chiqishda, nogironlarni tibbiy-ijtimoiy va kasb boʻyicha reabilitatsiya qilish chora-tadbirlarini amalga oshirish va ularni ijtimoiy himoya qilishda qatnashish;
TMEK vrach-ekspertlari lavozimiga tanlash va tavsiya qilish boʻyicha Malaka komissiyasi faoliyatini tashkil etish, TMEK mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalalarida idoraviy mansub TMEKga metodik yordam koʻrsatish.
Belgilansinki, davlat boshqaruvi organlari xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash shartlari Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi xodimlariga joriy etiladi.
3. Quyidagilar:
bosh, ixtisoslashtirilgan, tumanlararo va tuman (shahar) tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining tibbiy-mehnat ekspertiza xizmatining tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;
ixtisoslashtirilgan, tumanlararo va tuman (shahar) tibbiy-mehnat ekspert komissiyalarining namunaviy tuzilmasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki:
Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi boshligʻi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining buyrugʻi bilan lavozimga tayinlanadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari raislari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi boshligʻining taqdimnomasi boʻyicha Sogʻliqni saqlash vazirining qarori bilan tayinlanadi;
TMEK muassasalari taqdim etilgan tibbiy hujjatlarda va tibbiy-maslahat komissiyalarining dastlabki tashxislariga shubha qilingan taqdirda fuqarolarni bepul takroriy tekshirishlar oʻtkazish uchun zarur asbob-uskunalar bilan jihozlangan, ushbu qarorga 1-ilovada koʻrsatilgan shahar va tuman shifoxonalariga biriktiriladi;
ixtisoslashtirilgan, tumanlararo, tuman va shahar tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tibbiy tekshirishdan oʻtkazish natijalari boʻyicha faqat kollegial asosda qarorlar qabul qiladi;
bosh TMEK darajasida ixtisoslashtirilgan, tumanlararo va tumanlar (shaharlar) tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari qarorlari yuzasidan shikoyat qilish holatlari, shuningdek tibbiyot xodimlariga, tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari xodimlariga va ularning yaqin qarindoshlariga mansub xodimlarni nogiron deb eʼtirof etish holatlari koʻrib chiqiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari TMEK boʻlinmalarini belgilangan talablarga javob beradigan, fuqarolarning borishi uchun qulay boʻlgan binolar va xonalarda joylashtirishda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga har tomonlama yordam bersinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi tuzilmasida 3 nafar xodimdan iborat boʻlgan TMEK xizmati faoliyatini nazorat qilish boʻlimi tashkil etilsin, tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining markaziy apparati boshqaruv xodimlarining cheklangan soni koʻpaytirilsin.
Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari xizmati faoliyatini nazorat qilish boʻlimiga, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi mutaxassislarini jalb etgan holda tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari faoliyatini doimiy nazorat qilib borish, oʻtkazilgan tekshirishlarning toʻgʻriligi va asoslanganligini, shu jumladan davolash-profilaktika muassasalaridan taqdim etilgan boshlangʻich tibbiy hujjatlarning toʻgʻriligi va ishonchliligini oʻrganish yoʻli bilan tekshirishlarni amalga oshirish vazifalari yuklansin.
6. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq:
tibbiy-mehnat ekspert komissiyalarining notoʻgʻri xulosa chiqarganligi uchun asos boʻlgan tibbiy hujjatlarda qasddan soxta maʼlumotlar koʻrsatgan shaxslar, shuningdek soxta xulosalar bergan yoki nogironlik guruhini qasddan notoʻgʻri belgilagan vrachlar va ekspertlar qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka tortiladilar;
hujjatlarni soxtalashtirish va nogironlik toʻgʻrisida asoslanmagan xulosalar berishga yoʻnaltirilgan boshqa xatti-harakatlar natijasida toʻlangan pensiya va nafaqalar summasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aybdor shaxslar hisobidan toʻliq miqdorda undirib olinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi koʻrsatib oʻtilgan qoida buzilishlarida aybdor boʻlgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning huquqni muhofaza qilish organlariga belgilangan tartibda yuborilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markaziga bajarilayotgan vazifalarga qoʻshimcha ravishda quyidagilar yuklansin:
nogironlikning holati va sabablarini tizimli asosda chuqur tahlil qilish, nogironlikning oldini olish boʻyicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqilishi va joriy etilishini tashkil qilish;
reabilitatsiya markazlari va davolash-profilaktika muassasalari bilan birgalikda nogironlarni tibbiy-ijtimoiy hamda kasb boʻyicha reabilitatsiya qilish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
nogironlarga faol hayotiy faoliyat, oʻqish va mehnat faoliyati imkoniyatlarini olishda koʻmaklashish.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga:
Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi huzurida bir hafta muddatda Malaka komissiyasi tashkil etsin, unga tibbiy-mehnat ekspert komissiyalarining vrach-ekspertlar lavozimiga tanlash va tavsiya etishni amalga oshirish, shuningdek har uch yilda kamida bir marta tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari vrachlarini egallab turgan lavozimiga muvofiqligi yuzasidan muntazam ravishda attestatsiyadan oʻtkazish funksiyalarini yuklasin;
Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining tibbiyot oliy oʻquv muassasalari negizida maxsus kasb-hunar taʼlimi dasturlarini joriy etish yoʻli bilan barcha darajalardagi tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari vrachlari malakasining oshirilishini har besh yilda kamida bir marta majburiy, muntazam ravishda taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
Respublika tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi buyurtmanomalariga binoan, 2011-yildan boshlab, Davlat budjeti parametrlarida ushbu qarordan kelib chiqadigan tadbirlarni amalga oshirishga va tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari xizmatining moddiy-texnika bazasini, shu jumladan tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tuzilmasini maqbullashtirish natijasida boʻshaydigan mablagʻlar hisobiga mustahkamlashga mablagʻlarni nazarda tutsin. Bunda tumanlararo (zarurat boʻlganda qishloq tumanlari) tibbiy-mehnat ekspert komissiyalarini joylarga borib tekshirishlar oʻtkazish uchun transport vositalari bilan taʼminlash nazarda tutilsin;
ikki hafta muddatda tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari muassasalari tomonidan dastlabki tashxis oʻtkazish uchun zarur boʻlgan tibbiy va yordamchi asbob-uskunalarning namunaviy roʻyxatini, shuningdek tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari muassasalarini koʻrsatib oʻtilgan asbob-uskunalar bilan namunaviy roʻyxatga muvofiq jihozlash jadvalini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
10. Vazirlar Mahkamasining “Tibbiy-mehnat ekspertiza xizmati boshqarish tuzilmasini va faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2008-yil 8-avgustdagi 175-son qarori 1-bandining beshinchi xatboshi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2008-y., 8-son, 44-modda) hamda ushbu qarorga 4 va 5-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 2-sentabr,
193-son
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-sentabrdagi 193-son qaroriga 1-ILOVA
Bosh, ixtisoslashtirilgan, tumanlararo va tuman (shahar) tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari
roʻyxati
Izoh: Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishgan holda TMEKlarining umumiy soni doirasida ushbu roʻyxatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishga haqlidir.
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-sentabrdagi 193-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining tibbiy-mehnat ekspertiza xizmati
TASHKILIY TUZILMASI
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-sentabrdagi 193-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi
TUZILMASI
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-sentabrdagi 193-son qaroriga 5-ILOVA
Ixtisoslashtirilgan, tumanlararo va tuman (shahar) tibbiy-mehnat ekspert komissiyalarining
NAMUNAVIY TUZILMASI
Izoh: transport vositasi mavjud boʻlgan taqdirda haydovchi lavozimi, alohida bino mavjud boʻlgan taqdirda — qorovul lavozimi joriy etiladi.
