Boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish va maʼmuriy boshqaruv apparati xodimlari sonini qisqartirish boʻyicha respublika komissiyasini tashkil etish toʻgʻrisida (398-son)
12.10.2000
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish va maʼmuriy-boshqaruv xodimlari ish samaradorligini oshirish, ular sonini xoʻjalik yuritishning bozor usullari shartlariga muvofiqlashtirish, shuningdek boshqaruv xodimlari taʼminotiga davlat budjeti xarajatlarini qisqartirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish va maʼmuriy-boshqaruv apparati xodimlari sonini qisqartirish boʻyicha ilovaga muvofiq tarkibda Respublika komissiyasi tashkil etilsin.
2. Respublika komissiyasi:
boshqaruvning amaldagi tuzilmasini va uning professional xodimlar bilan taʼminlanganligini, shuningdek maʼmuriy-boshqaruv apparati taʼminotining samaradorligini respublika darajasida va hududiy darajada tanqidiy oʻrganib chiqsin;
oʻrganib chiqish asosida kengaytirib yuborilgan, ortiqcha, bir-biriga oʻxshash tuzilmalarni, ularni mablagʻ bilan taʼminlash manbalaridan (budjet, budjetdan tashqari fondlar, xoʻjalik faoliyatidan ajratmalar) qatʼi nazar, tugatish, birlashtirish, qayta tashkil etish yuzasidan takliflar ishlab chiqsin;
tabaqalashtirilgan yondashishni hisobga olib, Vazirlar Mahkamasi komplekslarining takliflari asosida shu yil 15-dekabrgacha boʻlgan muddatda budjetdan mablagʻ bilan taʼminlanadigan va xoʻjalik hisobidagi tashkilotlarning maʼmuriy-boshqaruv xodimlarini 20 foizgacha qisqartirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
3. Vazirlar Mahkamasi komplekslari oʻz tarkibiga kiruvchi vazirliklar, idoralar, uyushmalar, konsernlar, korporatsiyalar, kompaniyalar va birlashmalar bilan birgalikda maʼmuriy-boshqaruv apparati xodimlari sonini 20 foizgacha qisqartirish haqida 2000-yil 1-noyabrgacha Respublika komissiyasiga takliflar taqdim etsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 12-oktabr,
398-son
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-oktabrdagi 398-son qaroriga ILOVA
Boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish va maʼmuriy-boshqaruv apparati xodimlari sonini qisqartirish boʻyicha Respublika komissiyasi
TARKIBI
