2001/2002 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarining maxsus sirtqi boʻlimlariga qabul kvotalari toʻgʻrisida (279-son)
28.06.2001
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Kadrlar tayyorlash milliy dasturi talablari asosida umumtaʼlim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida oʻquv jarayoni sifatini uzluksiz oshirish, ushbu taʼlim muassasalarini oliy maʼlumotli pedagog kadrlar bilan taʼminlashni jadallashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 12-iyundagi 250-son qaroriga muvofiq Toshkent davlat pedagogika universiteti, Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiya instituti, Namangan muhandislik-pedagogika instituti, shuningdek Urganch, Qoraqalpoq, Andijon, Samarqand va Fargʻona davlat universitetlari tarkibida tashkil etilgan maxsus sirtqi boʻlimlarga 2001/2002 oʻquv yilida oʻrta maxsus maʼlumot va tegishli taʼlim turi boʻyicha kamida uch yil amaliy pedagogik stajga ega boʻlgan pedagog kadrlardan bakalavrlar tayyorlash uchun davlat grantlari asosida jami 1200 qabul kvotalari belgilanib, ular oliy taʼlim muassasalari va tegishli taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha ilovaga muvofiq taqsimlansin.
Belgilansinki, Toshkent davlat pedagogika universiteti oʻrta maxsus maʼlumot negizida pedagog kadrlarni oliy taʼlim muassasalarining maxsus sirtqi boʻlimlarida bakalavrlar darajasida oʻqitish usulining ilmiy-metodik asoslarini yaratish, joylarda toʻplangan ijobiy tajribani umumlashtirish va ularning amaliyotga joriy etilishini taʼminlash masalalari yuzasidan muvofiqlashtiruvchi muassasa hisoblanadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Xalq taʼlimi vazirligi va Davlat test markazi bilan birgalikda oliy taʼlim muassasalarining maxsus sirtqi boʻlimlariga ajratilgan qabul kvotalarini oʻqitishning tillari boʻyicha taqsimlash toʻgʻrisidagi takliflarni bir hafta muddatda Davlat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritsinlar.
3. Davlat test markazi ikki hafta muddatda:
oliy taʼlim muassasalarining maxsus sirtqi boʻlimlariga moslashtirilgan kirish test sinovlari materiallarini tayyorlasin, ushbu test sinovlarini adolatli va yuqori saviyada tashkil etishga doir zarur chora-tadbirlarni belgilasin va amalga oshirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Xalq taʼlimi vazirliklari bilan birgalikda oliy taʼlim muassasalarining maxsus sirtqi boʻlimlarida oʻqish istagini bildirgan pedagog kadrlar uchun test sinovlariga tayyorgarlik koʻrish yuzasidan tegishli yoʻriqnomalar tayyorlasinlar va ommaviy axborot vositalari orqali tushuntirish ishlarini tashkil etsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2001/2002 oʻquv yilida oliy taʼlim muassasalarining maxsus sirtqi boʻlimlariga davlat grantlari asosida bakalavriyatga qabulni hisobga olgan holda budjetdan zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H.S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 28-iyun,
279-son
Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 28-iyundagi 279-son qaroriga ILOVA
2001/2002 oʻquv yilida oliy taʼlim muassasalarining maxsus sirtqi boʻlimlariga bakalavrlar tayyorlash boʻyicha qabul kvotalari
