Bir talabani oʻqitish xarajatlaridan kelib chiqib budjet mablagʻlari hisobiga oliy taʼlim muassasalarining xarajatlarini normativ rejalashtirish va moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2136-son)
26.08.2010
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA OʻRTA MAXSUS TAʼLIM VAZIRLIGINING
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 26-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2136]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 28-maydagi PQ-1345-sonli “2010/2011 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga qabul toʻgʻrisida”gi qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 16-avgustdagi 178-sonli “Respublikaning oliy taʼlim muassasalarini moliyalashtirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi qaror qiladilar:
1. Bir talabani oʻqitish xarajatlaridan kelib chiqib budjet mablagʻlari hisobiga oliy taʼlim muassasalarining xarajatlarini normativ rejalashtirish va moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 20-avgust,
67-son
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri B. XODIYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 20-avgust,
329-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 2010-yil 20-avgustdagi 67 va 329-son qaroriga ILOVA
Bir talabani oʻqitish xarajatlaridan kelib chiqib budjet mablagʻlari hisobiga oliy taʼlim muassasalarining xarajatlarini normativ rejalashtirish va moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 28-maydagi PQ-1345-sonli “2010/2011 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga qabul toʻgʻrisida”gi qarorining 6-bandi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 16-avgustdagi 178-sonli “Respublikaning oliy taʼlim muassasalarini moliyalashtirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oliy taʼlim muassasalari budjetlarini hisoblash uchun xarajatlarning bazaviy normativlari va ularga tuzatish koeffitsiyentlarini qoʻllash yoʻli bilan budjet mablagʻlari hisobidan oliy taʼlim muassasalari xarajatlarini rejalashtirish va moliyalashtirish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Xarajatlarning bazaviy normativlari respublika budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan oliy taʼlim muassasalari (keyingi oʻrinlarda — OTMlar deb yuritiladi) uchun ajratiladigan budjet mablagʻlari hajmini hisoblash maqsadida qoʻllaniladi, mazkur Nizomning 1-ilovasida koʻrsatilgan OTMlar bundan mustasno.
2. Oʻqitishning toʻlov-kontrakt shaklidan tushadigan mablagʻlarni rejalashtirish (xarajatlar smetasini tuzish) va xarajat qilish Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida oʻqitishning toʻlov-kontrakt shakli va undan tushgan mablagʻlarni taqsimlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 2431, 2013-yil 26-fevral) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 9-son, 120-modda) asosan hamda qonunchilikka muvofiq tegishli xarajatlarni moliyalashtirishning ketma-ketligi taʼminlangan holda amalga oshiriladi.
3. Xarajatlarning bazaviy normativlari va ularga tuzatish koeffitsiyentlarini qoʻllash yoʻli bilan OTMlar uchun budjet mablagʻlari hajmini aniqlash tegishli yil uchun tasdiqlanadigan respublika budjeti parametrlarining “Oʻrta maxsus, oliy taʼlim va kadrlar malakasini oshirish” xarajatlari doirasida amalga oshiriladi.
3-1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi har yili kelgusi moliya yili uchun budjet mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan respublika oliy taʼlim muassasalarining guruhlari boʻyicha bir talabani oʻqitish xarajatlarining bazaviy normativlarini tasdiqlaydilar.
4. Moliya yiliga OTM uchun budjet mablagʻlar hajmini aniqlashda quyidagi xarajatlarning bazaviy normativlari qoʻllaniladi:
a) qonunchilik bilan belgilangan barcha ustama va qoʻshimchalarni hisobga olgan holda professor-oʻqituvchilar tarkibi, boshqaruv, maʼmuriy-xoʻjalik va oʻquv-yordamchi xodimlarning mehnatiga haq toʻlash xarajatlari, stipendiya toʻlovlari, ish haqiga tenglashtirilgan toʻlovlar hamda OTMni saqlash bilan bogʻliq boshqa joriy xarajatlarni (davlat budjeti xarajatlarining iqtisodiy tasnifiga muvofiq kommunal xizmatlar, foydalanish va oʻqitish xarajatlari, joriy taʼmirlash, chiqimga oid materiallar va kam baholi inventarlar hamda boshqa joriy xarajatlar) oʻz ichiga oluvchi bir talabani oʻqitish uchun joriy xarajatlarning bazaviy normativlari, mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq;
b) asosiy aktivlarni xarid qilish va kapital taʼmirlash uchun ajratiladigan budjet mablagʻlari hajmi aniqlanadigan OTMning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va yaxshilash xarajatlari boʻyicha xarajatlarning bazaviy normativlari, mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq;
v) toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan yetim va ota-onasining qarovisiz qolgan OTMning bitta talabasini ovqat, kiyim-bosh, poyabzal va shaxsiy gigiyena buyumlari, shuningdek, bitiruv va ishga joylashish uchun beriladigan bir yoʻla nafaqa bilan taʼminlash boʻyicha xarajatlarning bazaviy normativlari, mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq;
g) OTMdagi oʻquv jarayonining oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, bir talabani oʻqitish xarajatlarining bazaviy normativlariga qoʻllaniladigan tuzatish koeffitsiyentlari, mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq.
5. Bir talabani oʻqitish uchun joriy xarajatlarning bazaviy normativlarini aniqlashda OTMlar talabalarni tayyorlashning asosiy yoʻnalishidan kelib chiqib guruhlarga boʻlinadi.
Davlat universitetlari hamda oʻquv jarayonining oʻziga xos xususiyatlari bilan boshqa OTMlardan farqlanadigan OTMlar ham alohida guruhlarga birlashtiriladi.
II. Xarajatlarning bazaviy normativlari va ularga tuzatish koeffitsiyentlarini qoʻllash yoʻli bilan OTM uchun budjet mablagʻlari hajmini hisoblash
6. OTMga ajratiladigan budjet mablagʻlari hajmining hisobi quyidagi formula asosida amalga oshiriladi:
BSV = (BNZ1 * K1 * (N + Nko)) + ((BNZ2 * K2 + BNZ3) * (N + Nko)) + (BND1 * (Nds – Ndsv) + BND2 * Ndsv) + (OTsns * Nsns), bunda:
BSV — OTM uchun budjet mablagʻlari hajmi;
BNZ1 — mehnatga haq toʻlash, yagona ijtimoiy toʻlov, stipendiya va mehnatga soatbay haq toʻlash xarajatlarini hamda moddiy ragʻbatlantirish maxsus jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ustamalar va qonunchilik bilan belgilangan boshqa ustama va qoʻshimchalarni oʻz ichiga oluvchi OTMning bir talabasi uchun joriy xarajatlarning bazaviy normativi;
BNZ2 — 4-guruh xarajatlari boʻyicha OTMning bir talabasi uchun joriy xarajatlarning bazaviy normativi;
BNZ3 — asosiy aktivlarni xarid qilish va kapital taʼmirlash uchun ajratiladigan budjet mablagʻlari hajmi aniqlanadigan OTMning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va yaxshilash xarajatlari boʻyicha xarajatlarning bazaviy normativi;
N — hamma taʼlim yoʻnalishlari va bosqichlari boʻyicha oʻrtacha yillik talabalar soni (sirtqi taʼlim talabalari uchun 0,1 koeffitsiyenti qoʻllaniladi);
Oʻrtacha yillik talabalar soni moliya yilida rejalashtiriladigan talabalar sonining kurslar boʻyicha oʻzgarishini inobatga olgan holda aniqlanadi (qabul, bitiruv, talabalar safidan chiqarish) va quyidagi formula asosida hisoblanadi:
N = Un + Up/3 – Uv/2 – Uo * 0,6, bunda:
N — oʻrtacha yillik talabalar soni;
Un — yil boshiga talabalar soni;
Up — talabalarni qabul qilishning kutilayotgan soni;
Uv — bitiruvchi talabalarning kutilayotgan soni;
Uo — talabalar safidan chiqarishning kutilayotgan soni;
Nko — OTMning klinik ordinaturasida oʻqiyotgan shaxslarning oʻrtacha yillik soni (tibbiyot OTMlari uchun);
K1 — OTMdagi oʻquv jarayonining oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib qoʻllaniladigan OTMning mehnatga haq toʻlash, yagona ijtimoiy toʻlov va stipendiya xarajatlari hajmini oshiruvchi tuzatish koeffitsiyenti;
K2 — OTMdagi oʻquv jarayonining oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib qoʻllaniladigan OTMning 4-guruh xarajatlari hajmini oshiruvchi tuzatish koeffitsiyenti;
BND1 — toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan yetim va ota-onasining qarovisiz qolgan OTMning bir talabasining taʼminoti boʻyicha xarajatlarning bazaviy normativi;
BND2 — toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan yetim va ota-onasining qarovisiz qolgan OTMning bir bitiruvchi talabasining taʼminoti boʻyicha xarajatlarning bazaviy normativi;
Nds — toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan yetim va ota-onasining qarovisiz qolgan OTM talabalarining yil boshiga soni;
Ndsv — joriy moliya yilida toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan yetim va ota-onasining qarovisiz qolgan OTMning bitiruvchi talabalari soni.
OTsns — joriy moliya yilidagi katta ilmiy xodim-izlanuvchining mehnatiga haq toʻlash jamgʻarmasi, yagona ijtimoiy toʻlovni hisobga olgan holda (joriy moliya yilining 1-yanvar holatidagi katta ilmiy xodim-izlanuvchining lavozim maoshidan kelib chiqqan holda hisoblanadi);
Nsns — OTMning oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim institutlarida oʻqiyotgan katta ilmiy xodim-izlanuvchilarning oʻrtacha yillik soni.
III. Budjet mablagʻlari hisobidan OTMning xarajatlar smetasini tuzish (rejalashtirish)
7. OTMning xarajatlar smetasini tuzish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetida turuvchi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtatlar jadvalini tuzish, koʻrib chiqish, tasdiqlash va roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami № 2157, 2010-yil 19-noyabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 47-son, 440-modda) asosan amalga oshiriladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 3-sentabrdagi 414-son “Budjet tashkilotlarini mablagʻ bilan taʼminlash tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi (“Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari toʻplami”, 1999-y., 9-son, 51-modda) qaroriga, budjetdan moliyalashtirishning tasdiqlangan xarajatlarning bazaviy normativlari va mazkur Nizomning 2, 3 va 4-ilovalariga muvofiq OTM mustaqil ravishda xarajatlar smetasini hamda tasdiqlangan namunaviy shtat birliklari asosida shtatlar jadvalini tuzadi va tasdiqlaydi.
9. Xarajatlar smetasi, shtatlar jadvali va professor-oʻqituvchilar tarkibining shtat formulyarlarini tuzish oʻrnatilgan tartibga qatʼiy rioya qilgan holda va xarajatlarning bazaviy normativlari va tuzatish koeffitsiyentlari asosida hisoblangan mablagʻlar hajmi doirasida amalga oshiriladi.
10. Xarajatlarning bazaviy normativlari va ularga tuzatish koeffitsiyentlarini qoʻllash asosida hisoblangan OTM uchun budjet mablagʻlari hajmi quyidagi qatʼiy tartibda taqsimlanadi:
ish haqi va yagona ijtimoiy toʻlov;
stipendiyalar;
toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan yetim va ota-onasining qarovisiz qolgan OTM talabalarini moddiy taʼminlash;
kommunal xizmatlar uchun xarajatlar;
qolgan joriy xarajatlar va boshqa xarajatlar.
Bunda:
xarajatlar smetasiga ish haqi mablagʻlari bazaviy lavozim maoshlari, Yagona tarif setkasi boʻyicha razryadlar va ish haqi stavkalari, ularga qonunchilik bilan belgilangan ustama va qoʻshimchalardan kelib chiqib hamda amaldagi namunaviy shtat birliklari va normativlarga, professor-oʻqituvchilar tarkibining yillik individual ish rejalariga va boshqalarga amal qilgan holda kiritiladi;
yagona ijtimoiy toʻlov miqdori xarajatlar smetasiga qonunchilikda oʻrnatilgan miqdorlarda kiritiladi;
stipendiya xarajatlari stipendiyalar miqdorlari va amaldagi stipendiya bilan taʼminlash tartibiga muvofiq hisoblanadi;
toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan yetim va ota-onasining qarovisiz qolgan OTM talabalarining moddiy taʼminoti boʻyicha xarajatlar qonunchilikka muvofiq hisoblanadi;
energiya resurslari, kommunal xizmatlar xarajatlari va joriy xarajatlarni hisoblash natural koʻrsatkichlar, energiya resurslari va kommunal xizmatlarning amaldagi narxlari va tariflariga asosan amalga oshiriladi.
Bunda, qoida tariqasida, OTMlariga ish haqi va yagona ijtimoiy toʻlovlar uchun ajratilayotgan budjet mablagʻlarining hajmi, davlat granti asosida taʼlim olayotgan talabalar ulushiga mos ravishda nazarda tutiladi.
11. OTMning ayrim budjet xarajatlari boʻyicha debitor qarzdorligi mavjud boʻlganda xarajatlarning bazaviy normativlari asosida hisoblangan budjet xarajatlarining hajmi mazkur qarzdorlik summasiga kamaytiriladi.
OTMning kreditor qarzdorligi xarajatlarning bazaviy normativlari asosida aniqlangan budjet xarajatlar smetasi mablagʻlari doirasida, mablagʻ yetishmagan taqdirda — mazkur OTMning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
12. Agar 2010-yilda, OTM uchun I va II guruhlar boʻyicha xarajatlarning bazaviy normativlari va tuzatish koeffitsiyentlari asosida hisoblangan budjet mablagʻlari hajmi 2010-yil uchun tasdiqlangan xarajatlar smetasidagi tegishli guruhlar boʻyicha rejalashtirilgan mablagʻlar hajmidan koʻp boʻlsa, mablagʻ yetishmovchilik asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq budjetdan qoʻshimcha ajratiladigan mablagʻlar hisobidan qoplanadi.
Bunda, agar OTMga xarajatlarning bazaviy normativlaridan kelib chiqib ajratilishi koʻzda tutilgan budjet mablagʻlari hajmi, OTMning 2010-yilgi tasdiqlangan budjet xarajatlari smetasidagi tegishli guruh xarajatlari hajmidan kam boʻlsa, 2010-yilga tasdiqlangan budjet xarajatlari smetasidagi mablagʻlar hajmi kamaytirilmaydi.
13. Ish haqi va stipendiyalar miqdorlarining, energiya resurslar va kommunal xizmatlar narxlari va tariflarining oshishi munosabati bilan OTMlarning budjet xarajatlar smetasi boʻyicha vujudga keladigan qoʻshimcha mablagʻga ehtiyoji asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq budjet mablagʻlari hisobidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan oʻrnatilgan tartibda qoplanadi.
131. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga asosan alohida OTMlariga xarajatlarning bazaviy normativlari va ularga tuzatish koeffitsiyentlarini qoʻllash yoʻli bilan hisoblangan IV guruh xarajatlari uchun budjet mablagʻlari hajmiga qoʻshimcha ravishda budjetdan ajratiladigan mablagʻlar nazarda tutilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarini bajarish uchun OTMlari uchun qoʻshimcha budjetdan ajratiladigan mablagʻlar, tasarrufida OTMlari mavjud boʻlgan vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning asoslangan hisob-kitoblariga koʻra nazarda tutiladi va oʻrnatilgan tartibda OTMlarning xarajatlar smetasini tuzish jarayonida yoki tegishli moliya yili davomida nazarda tutilishi mumkin (xarajatlar smetasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritish orqali).
14. Xarajatlar smetasi va shtatlar jadvalini roʻyxatdan oʻtkazish, ularga oʻzgartirishlar kiritish hamda xarajatlar smetasi ijrosi boʻyicha hisob-kitob va hisobotlar qonunchilik bilan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
15. Xarajatlarning bazaviy normativlari va tuzatish koeffitsiyentlarining qoʻllanilishi munosabati bilan OTMlarning budjet xarajatlari qayta hisob-kitob qilinib, OTMlarning 2010-yilga tasdiqlangan budjet xarajatlar smetalariga oʻrnatilgan tartibda tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
IV. OTM xarajatlarini moliyalashtirish (toʻlash)
16. OTM xarajatlarini moliyalashtirish (toʻlash) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 3-sentabrdagi 414-sonli qarori bilan tasdiqlangan Budjet tashkilotlari xarajatlarini moliyalashtirish (toʻlash) Tartibi va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq amalga oshiriladi.
17. OTM xarajatlarini toʻlash oʻrnatilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligi va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan respublika gʻaznachilik hisob raqamidan amalga oshiriladi.
18. “Boshqa xarajatlar” IV-guruhi boʻyicha mablagʻlar belgilangan limitlar doirasida quyidagi navbatga rioya qilgan holda sarflanadi:
toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan yetim va ota-onasining qarovisiz qolgan OTM talabalarini moddiy taʼminlash;
dori-darmonlar;
kommunal xizmatlar;
boshqa xarajatlar.
V. Yakuniy qoidalar
19. Xarajatlar smetasining toʻgʻri tuzilishi va roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etilgan xarajatlar smetasi hisob-kitoblarida koʻrsatilgan OTMning ishlab chiqarish koʻrsatkichlari (maydoni, kubaturasi, sarflanayotgan kommunal xizmatlar boʻyicha natural koʻrsatkichlar hajmi va ular boʻyicha xarajatlarning tasdiqlangan xarajatlar smetasiga va pasport maʼlumotiga, shartnomalarga va hokazolarga mosligi)ning toʻgʻriligi va asoslanganligi uchun amaldagi qonunchilikka muvofiq OTM rahbari va bosh buxgalteri shaxsan javobgar hisoblanadilar.
20. Shtatlar jadvalini va professor-oʻqituvchilar tarkibining shtatlar formulyarining toʻgʻri tuzilishi hamda Yagona tarif setkasi boʻyicha razryadlar, bazaviy lavozim maoshlari, ustama va qoʻshimchalarning toʻgʻri qoʻllanilishi boʻyicha javobgarlik OTMlarining moliya va buxgalteriya xizmatlariga yuklatiladi.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi OTMlar tomonidan budjet intizomiga rioya qilinishi ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlaydi, zarur boʻlganda, taqdim etilgan miqdoriy koʻrsatkichlari, shuningdek ishlab chiqarish koʻrsatkichlarining toʻgʻriligi va ulardan xarajatlarning bazaviy normativlarini hisoblashda foydalanilishi ustidan tekshirishlarni amalga oshiradi.
Bir talabani oʻqitish xarajatlaridan kelib chiqib budjet mablagʻlari hisobiga oliy taʼlim muassasalarining xarajatlarini normativ rejalashtirish va moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Bir talabani oʻqitish xarajatlaridan kelib chiqib budjet mablagʻlari hisobiga xarajatlarni normativ rejalashtirish tartibi tatbiq etilmaydigan oliy taʼlim muassasalari
ROʻYXATI
Bir talabani oʻqitish xarajatlaridan kelib chiqib budjet mablagʻlari hisobiga oliy taʼlim muassasalarining xarajatlarini normativ rejalashtirish va moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Oliy taʼlim muassasalari guruhlari boʻyicha bir talabani oʻqitish xarajatlarining bazaviy
NORMATIVLARI
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 2014-yil 11-fevraldagi 7, 5-QQ-sonli qarori (roʻyxat raqami 2136-3, 06.03.2014-y.) tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 10-son, 115-modda)
Bir talabani oʻqitish xarajatlaridan kelib chiqib budjet mablagʻlari hisobiga oliy taʼlim muassasalarining xarajatlarini normativ rejalashtirish va moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan yetim va ota-onasining qarovisiz qolgan oliy taʼlim muassasasining bir talabasini taʼminoti boʻyicha xarajatlarning bazaviy
NORMATIVI
Bir talabani oʻqitish xarajatlaridan kelib chiqib budjet mablagʻlari hisobiga oliy taʼlim muassasalarining xarajatlarini normativ rejalashtirish va moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Oliy taʼlim muassasasining bir talabasini oʻqitish xarajatlarining bazaviy normativlariga qoʻllaniladigan tuzatish
KOEFFITSIYENTLARI
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 34-son, 296-modda; 2011-y., 7-8-son, 82-modda, 38-son, 391-modda; 2014-y., 10-son, 115-modda)
