“Avesto” yaratilganining 2700 yilligini nishonlash toʻgʻrisida (110-son)
29.03.2000
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Dunyoning eng qadimgi dinlaridan biri zardushtiylikning muqaddas kitobi “Avesto”ning jahon madaniyati va dinlar tarixida tutgan oʻrnini hisobga olgan holda hamda YUNESKO bosh konferensiyasining 1999-yil noyabr oyida Parijda oʻtgan 30-sessiyasining “Avesto” yaratilganining 2700 yilligini dunyo miqyosida keng nishonlash haqidagi qaroridan kelib chiqib Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining taklifiga binoan YUNESKO bosh konferensiyasi 30-sessiyasining “Avesto” yaratilganining 2700 yilligini YUNESKO rahnamoligida 2001-yilda dunyo miqyosida keng nishonlash haqidagi qarori toʻla qoʻllab-quvvatlansin va asos uchun qabul qilinsin.
2. “Avesto” yaratilganining 2700 yilligini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish Respublika tashkiliy qoʻmitasining tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Respublika tashkiliy qoʻmitasi “Avesto” yaratilganining 2700 yilligini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tadbirlari rejasini bir oy muddatda ishlab chiqsin va amalga oshirishga kirishsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Xorazm Maʼmun akademiyasi, Madaniyat ishlari vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Respublika “Maʼnaviyat va maʼrifat” kengashi, YUNESKO ishlari boʻyicha milliy komissiya, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Xorazm viloyati hokimligi va Toshkent Islom universitetining jahon dinlarini qiyosiy oʻrganish YUNESKO kafedrasi bilan birgalikda 2001-yilning oktyabr oyida “Avesto” va uning insoniyat taraqqiyotidagi oʻrni” mavzuida xalqaro ilmiy konferensiya va tantanali bayram tadbirlarini oʻtkazsin.
4. Xorazm viloyati hokimligiga “Avesto” yaratilganining 2700 yilligi bayrami munosabati bilan Urganch shahrida bogʻ barpo etish va shaharni koʻkalamzorlashtirish topshirilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi:
“Avesto”ning xorijiy davlatlarda va fuqarolarda saqlanayotgan nusxalarini aniqlash hamda ularning katalogini tuzish chora-tadbirlarini belgilasin;
“Oltin meros” xalqaro jamgʻarmasi, “Sharq” nashriyot-matbaa konserni bilan birgalikda “Avesto”ning toʻla matnini oʻzbek tilida nashrga tayyorlashni va chop etishni taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda “Avesto” haqida tayyorlangan ilmiy va badiiy asarlarni chop etishni rejalashtirsin.
7. Oʻzbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi “Avesto” yaratilganining 2700 yilligiga bagʻishlab pochta markalari, xatjildlar chiqarsin va ularning savdosini tashkil etsin.
8. Oʻzbekiston Teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalari “Avesto” yaratilganining 2700 yilligini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq tadbirlarni telekoʻrsatuv va radio eshittirishlarda, gazeta va jurnallarda keng yoritsinlar.
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, “Jahon” axborot agentligi va Oʻzbekiston Teleradio kompaniyasi “Avesto” yaratilganining 2700 yilligi munosabati bilan amalga oshirilayotgan ishlarni targʻib qilish, xorijiy axborot vositalarini zarur maʼlumotlar bilan taʼminlash chora-tadbirlarini koʻrsinlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Avesto” yaratilganining 2700 yilligini nishonlash xarajatlari uchun belgilangan tartibda respublika budjeti, Xorazm viloyati budjeti hamda viloyat tashkilotlari va korxonalarining homiylik badallari hisobidan qoplanishini hisobga olgan holda 2-ilovaga* muvofiq mablagʻ ajratsin, shu jumladan 2000-yildagi qismini tasdiqlangan budjet doirasida, 2001-yildagi qismini shu yilning davlat budjetida rejalashtirsin.
* 2-ilova berilmaydi.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 29-mart,
110-son
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 29-martdagi 110-son qaroriga 1-ILOVA
“Avesto” yaratilganining 2700 yilligini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish Respublika tashkiliy qoʻmitasi
TARKIBI
Eslatma: tashkiliy qoʻmita tarkibiga kirgan shaxslar boshqa ishga oʻtgan taqdirda ularning oʻrniga yangi tayinlangan shaxslar tashkiliy qoʻmita tarkibiga kiritiladi.
