Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining Buxoro filialini tashkil etish toʻgʻrisida (182-son)
20.08.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash vazifalarining tobora kengayib borayotgan koʻlamlarini, shuningdek ayrim mintaqalardagi qishloq xoʻjaligi yerlarining minerallashishi va shoʻrlanganlik holatining oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olib hamda mamlakat iqtisodiyotining ushbu eng muhim sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Buxoro viloyati hokimligining Buxoro davlat universitetining gidromelioratsiya fakulteti negizida Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining Buxoro filialini tashkil etish, unda “Suv xoʻjaligi va melioratsiya”, “Suv xoʻjaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash”, “Yer tuzish va yer kadastri” taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha bakalavrlar tayyorlash toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Buxoro filialiga har yilgi talabalar qabul qilish soni belgilangan tartibda tasdiqlanadigan respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish kvotalaridan kelib chiqqan holda belgilansin.
3. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, 2010/2011 oʻquv yilida Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti Buxoro filialining 1 kursida oʻqiydiganlar kontingenti soni 100 kishini, shu jumladan Buxoro davlat universitetiga tegishli taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha 1 kursga qabul qilingan talabalar hisobiga: “Suv xoʻjaligi va melioratsiya” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha — 40 kishini, “Suv xoʻjaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha — 30 kishini, “Yer tuzish va yer kadastri” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha — 30 kishini tashkil qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 2010-yil 1-sentabrgacha Buxoro davlat universitetida ixtisoslik taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha oʻqiyotgan ikkinchi va uchinchi kurslar talabalari kontingentining Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining Buxoro filialiga oʻtkazilishini taʼminlasinlar.
4. Quyidagilar:
Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Buxoro filiali faoliyatini tashkil etish, uning oʻquv-laboratoriya bazasini shakllantirish, oʻquv-metodik va ilmiy-pedagogik taʼminlash chora-tadbirlari dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri hamda Buxoro viloyati hokimi zimmasiga koʻrsatib oʻtilgan dasturning belgilangan muddatlarda sifatli bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 2010-yil 1-sentabrgacha boʻlgan muddatda:
Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining Buxoro filialini tanlov asosida yuqori malakali professor-oʻqituvchilar va oʻquv-yordamchi xodimlar bilan taʼminlasinlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining Buxoro filialida oʻquv-metodik jarayonning tashkil etilishini taʼminlash, shtat jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlash, uni darsliklar va oʻquv adabiyotlari, zamonaviy kompyuter texnikasi bilan taʼminlash boʻyicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsinlar;
Buxoro davlat universitetining tashkiliy tuzilmasiga, shuningdek Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti hamda Buxoro davlat universiteti ustavlariga zarur oʻzgartirishlar kiritsinlar.
6. Buxoro viloyati hokimligi Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining Buxoro filialini Buxoro shahri, Gazli shoh koʻchasi, 32-uyga joylashtirsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Buxoro davlat universitetining xarajatlar smetasiga, undagi “Gidromelioratsiya” fakultetining tugatilishini hisobga olgan holda tegishli oʻzgartirishlar kiritsin;
2010/2011 oʻquv yilidan boshlab Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Buxoro filiali faoliyatini amalga oshirish uchun belgilangan tartibda zarur budjet mablagʻlari ajratsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 20-avgust,
182-son
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 20-avgustdagi 182-son qaroriga 2-ILOVA
Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining Buxoro filialini tashkil etish, uning oʻquv-laboratoriya bazasini shakllantirish va ilmiy-pedagogik taʼminlash chora-tadbirlari
DASTURI
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 34-son, 292-modda; 2015-y., 44-son, 563-modda, 2017-y., 34-son, 899-modda)
