Amerika Qoʻshma Shtatlarida “Oʻzbekiston madaniyati haftaligi”ni oʻtkazish toʻgʻrisida (464-son)
15.10.1999
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi va Amerika Qoʻshma Shtatlari oʻrtasidagi madaniy, doʻstlik munosabatlarini yanada mustahkamlash, milliy madaniyat yutuqlarini xalqaro miqyosda keng targʻib etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, “Oʻzbekmuzey” jamgʻarmasi hamda Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi tadbirkor va jamoat guruhlarining 1999-yil 2—12-noyabr kunlari Amerika Qoʻshma Shtatlarida “Oʻzbekiston madaniyati haftaligini oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
AQShda “Oʻzbekiston madaniyati haftaligi” doirasidagi “Buyuk Ipak yoʻli” nomli badiiy koʻrgazma Filadelfiya va Nyu-York shaharlarida 2000-yil 15-yanvarga qadar davom etishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Amerika Qoʻshma Shtatlarida “Oʻzbekiston madaniyati haftaligi”ga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish respublika tashkiliy qoʻmitasi tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Tashkiliy qoʻmita 10 kun muddatda tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va uni bajarishga kirishsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi haftalik davomida oʻzbek milliy folklor sanʼati namunalaridan iborat konsert dasturlarini namoyish etishni tashkil etsin;
Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekistonning qadimiy tarixini va mustaqillik davridagi bunyodkorlik ishlarini aks ettiruvchi badiiy koʻrgazmani yuqori saviyada oʻtkazish chora-tadbirlarini belgilasin.
4. “Oʻzbeksavdo” kompaniyasi, “Usto” birlashmasi va “Musavvir” ilmiy-ishlab chiqarish markazi haftalik davomida oʻzbek milliy taomlari va xalq amaliy sanʼati namunalarining savdo-koʻrgazmasini tashkil qilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi haftalik qatnashchilarining vizalarini belgilangan muddatda toʻlovlarsiz rasmiylashtirsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi haftalik tadbirlariga olib boriladigan va qaytarib olib kelinadigan ashyolarni bojxona toʻlovlarisiz rasmiylashtirishni taʼminlasin.
7. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi haftalik ishtirokchilarini Toshkent-Nyu-York-Toshkent yoʻnalishi boʻyicha aviachiptalar bilan taʼminlasin va badiiy koʻrgazmaning yuklarini aeroport yigʻimlarisiz rasmiylashtirsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi haftalikni oʻtkazishga oid plakat, buklet, taklifnoma, dasturlar tayyorlash chora-tadbirlarini belgilasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi haftalikni oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va Toshkent-Nyu-York-Toshkent yoʻnalishi boʻyicha xarajatlarni qoplash uchun 2-ilovaga* muvofiq mablagʻ ajratsin.
* 2-ilova berilmaydi.
Amerikadagi sarf-xarajatlar AQSh tadbirkor va jamoat guruhlarining homiylik mablagʻlari hisobidan qoplanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
10. “Oʻzteleradio” kompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga haftalikka tayyorgarlik koʻrish va uning oʻtishini muntazam yoritib borish tavsiya etilsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari X.S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 15-oktabr,
464-son
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 15-oktabrdagi 464-son qaroriga 1-ILOVA
Amerika Qoʻshma Shtatlarida “Oʻzbekiston madaniyati haftaligining oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita
TARKIBI
