Ahmad al-Fargʻoniy tavalludining 1200 yilligini nishonlash toʻgʻrisida (520-son)
27.11.1997
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Aniq fanlar rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan ulugʻ vatandoshimiz, qomusiy alloma Ahmad al-Fargʻoniy ilmiy merosining xalqimiz maʼnaviy-madaniy hayotidagi oʻrnini, alloma tavalludining 1200 yilligi YUNESKOning 1998-yildagi tadbirlari rejasiga kiritilganligini hisobga olib hamda uning merosini avaylab-asrash va avlodlarga toʻla yetkazishga keng yoʻl ochish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Fargʻona viloyati hokimligi, Madaniyat ishlari vazirligi, respublika “Maʼnaviyat va maʼrifat” jamoatchilik markazi va ilmiy-ijodiy ziyolilarning Ahmad al-Fargʻoniy tavalludining 1200 yilligini 1998-yilda YUNESKO ishtirokida keng miqyosda nishonlash haqidagi takliflari qabul qilinsin.
Ushbu sanaga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Tashkiliy qoʻmita tegishli vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda tadbirlar ishlab chiqsin va uni amalga oshirishga kirishsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Madaniyat ishlari vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, respublika “Maʼnaviyat va maʼrifat” jamoatchilik markazi, YUNESKO ishlari boʻyicha milliy komissiya, Fargʻona viloyati hokimligi birgalikda 1998-yilning oktyabr oyida “Ahmad al-Fargʻoniy ilmiy merosining jahon fani taraqqiyotida tutgan oʻrni” mavzuida xalqaro konferensiya va tantanali bayram tadbirlarini tayyorlasinlar va oʻtkazsinlar.
3. Ahmad al-Fargʻoniy tavalludining 1200 yilligi munosabati bilan Fargʻona viloyatida quriladigan va taʼmirlanadigan inshootlar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamda Fan va texnika davlat qoʻmitasi Ahmad al-Fargʻoniyning xorijiy davlatlardagi kutubxonalarda va fuqarolarda saqlanayotgan merosini aniqlash va toʻplash uchun 1997-yildan boshlab maxsus arxeografik ekspeditsiyalar tashkil qilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, oʻquv yurtlariga ega boʻlgan vazirliklar va idoralar 1997-1998-yillarda oʻz tasarruflaridagi barcha turdagi taʼlim muassasalarida Ahmad al-Fargʻoniy oʻquvlarini tashkil etsinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Davlat matbuot qoʻmitasi 1997—1999-yillarda Ahmad al-Fargʻoniy asarlari va uning hayoti va ijodiga oid nashrlarni oʻzbek, arab, rus, ingliz va fransuz tillarida chop etishni taʼminlasinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Madaniyat ishlari vazirligi, Davlat matbuot qoʻmitasi, “Oʻzteleradio” kompaniyasi, Badiiy akademiya, “Oʻzbekkino” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, “Oʻzbeknavo” gastrol-konsert birlashmasi, Yozuvchilar uyushmasi, Bastakorlar uyushmasi oʻz yoʻnalishlari boʻyicha Ahmad al-Fargʻoniy merosining mohiyatini va bugungi kundagi ahamiyatini ochib beruvchi eng yaxshi ilmiy, adabiy-badiiy, tasviriy sanʼat, televideokino, publitsistika, musiqa asarlari uchun xalqaro tanlovlar eʼlon qilsinlar.
8. “Oʻzbekkino” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi 1998-yilda Ahmad al-Fargʻoniy hayoti va ilmiy faoliyati haqida 2 qismli hujjatli, ilmiy-ommabop, publitsistik film yaratishni va uning xorijiy tillarga dublyaj qilinishini rejalashtirsin.
9. Oʻzbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi “Oʻzbek allomalari” turkumida pochta markalari va konvertlar chiqarishni muntazam yoʻlga qoʻysin va uning birinchisini Ahmad al-Fargʻoniy tavalludining 1200 yilligiga bagʻishlasin.
10. Ommaviy axborot vositalari Ahmad al-Fargʻoniy hayoti va ilmiy faoliyatining jahon ilm-fani taraqqiyotidagi oʻrni va ahamiyatini, yubileyga tayyorgarlikning borishini keng yoritsinlar.
11. Oʻzbekiston milliy axborot agentligi, “Jahon” axborot agentligi va “Oʻzteleradio” kompaniyasi Ahmad al-Fargʻoniy tavalludining 1200 yilligi munosabati bilan amalga oshirilayotgan ishlarni targʻib-tashviq qilish, xorijiy ommaviy axborot vositalarini zarur maʼlumotlar bilan taʼminlash chora-tadbirlarini koʻrsinlar.
12. Belgilab qoʻyilsinki, yubiley tadbirlarini tayyorlash va oʻtkazish, shuningdek yubiley inshootlarini qurish va taʼmirlash bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va mahalliy budjetlar hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.
Yubiley tadbirlarini oʻtkazishga korxonalar va tashkilotlar, jamgʻarmalarning, shuningdek xorijiy homiylarning oʻz ulushlarini qoʻshish haqidagi taklif-istaklari qoʻllab-quvvatlansin va ularga nisbatan qonunlarda belgilangan soliqqa oid tegishli imtiyozlar joriy qilinsin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari I. Joʻrabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 27-noyabr,
520-son
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 27-noyabrdagi 520-son qaroriga 1-ILOVA
Ahmad al-Fargʻoniy tavalludining 1200 yilligiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 27-noyabrdagi 520-son qaroriga 2-ILOVA
Ahmad al-Fargʻoniy tavalludining 1200 yilligi munosabati bilan Fargʻona viloyatida quriladigan va taʼmirlanadigan inshootlar
ROʻYXATI
