Boshoqli don ekinlari hosildorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (321-son)
16.09.1996
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
[Koʻchirma]
1997-yilda Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 27-avgustdagi 299-son qarori bilan belgilangan hajmlarda boshoqli ekinlar doni yetishtirish va tayyorlashni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 1997-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va tumanlar boʻyicha boshoqli don ekinlari hosildorligini oshirish tadbirlari 1—1n-ilovalarga* muvofiq maʼqullansin.
* 1—1n- ilovalar berilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vaziriga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisiga, viloyatlar va tumanlar hokimlariga koʻrsatib oʻtilgan tadbirlar amalga oshirilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin. Bunda bugʻdoy Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 27-avgustdagi 299-son qaroriga muvofiq hajmlarda yetishtirilishini taʼminlovchi maydonlarda ekilishiga alohida eʼtibor bersinlar.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” davlat-kooperativ qoʻmitasi, Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari:
gʻalla ekinlari tozalangan va dorilangan urugʻliklar bilan ekilishini taʼminlasinlar, ekin maydonlarini shartnoma asosida aniq ijarachilarga yoki oilaviy zvenolarga biriktirib qoʻysinlar;
qarorga ilovada moʻljallangan chora-tadbirlar bajarilishi uchun zarur sharoitlarni yaratsinlar xamda boshoqli don yetishtirish agrotexnikasiga qatʼiy rioya qilinishini taʼminlasinlar;
bir hafta muddatda Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqilgan boshoqli don ekinlaridan yuqori hosil olishga doir tavsiyalarni har bir xoʻjalikka yetkazsinlar.
3. “Oʻzkimyosanoat” uyushmasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va respublika viloyatlari boʻyicha qishloq xoʻjaligi korxonalariga mineral oʻgʻitlar yetkazib berish jadvalini ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar, bunda quyidagi hajmlardan kelib chiqilsin (yuz foiz taʼsir qiluvchi moddalarga qayta hisoblaganda):
tuproqni tayyorlash va ekish davrida (1996-yil 10-noyabrgacha tugallagan holda) — 120 ming tonna azotli oʻgitlar, 60 ming tonna fosforli oʻgʻitlar;
oʻsish davrida (1997-yil yanvar-mart) — 140 ming tonna azotli oʻgʻitlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzkimyosanoat” uyushmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari ichki ishlar organlari ishtirokida mineral oʻgʻitlar saqlanishini va ulardan maqsadli foydalanilishini taʼminlasinlar.
4. “Oʻzkimyosanoat” uyushmasi keyinchalik respublika xoʻjaliklariga joʻnatish uchun berilgan xomashyodan ishlab chiqilgan 35 ming tonna fosforli oʻgʻitlar (yuz foiz taʼsir qiluvchi moddalarga qayta hisoblaganda) sotib olish masalasini “Koratov” aksionerlik jamiyati (Qozogʻiston Respublikasi) bilan kelishsin.
5. Xoʻjaliklarga Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 27-avgustdagi 299-son qaroriga muvofiq boshoqli don ekinlaridan boʻshagan sugʻoriladigan yerlarga paxta-don-beda almashlab ekishni joriy etish maqsadida va qishloq xoʻjaligi ekinlarini navbati bilan ekishni taʼminlash uchun ustun darajada beda ekish tavsiya qilinsin.
Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi ekinlarni navbati bilan ekishning koʻrsatib oʻtilgan tartibini joriy etishga doir tavsiyalarni xoʻjaliklarga yetkazsinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi kuzgi boshoqli don ekinlari ekish yakunlari, urugʻlik sifati va sarfiga nisbatan qoʻyiladigan talablarning xoʻjaliklar tomonidan bajarilishi, shuningdek boshoqli ekinlarning holati toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga axborot bersin.
sugʻoriladigan yerlar boʻyicha — 1996-yil 1-noyabrgacha;
lalmikor yerlar boʻyicha — 1996-yil 1-dekabrgacha.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari R.L. Giniyatullin zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 16-sentabr,
321-son
