Navoiy viloyati Tomdibuloq tuman markazida yashovchilarni koʻchirish toʻgʻrisida (273-son)
31.07.1996
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi seysmologiya institutining Navoiy viloyati Tomdibuloq tuman markazi mintaqasida yaqin vaqtlarda tektonik hodisalar namoyon boʻlishi xavfi toʻgʻrisidagi prognozlari va Tomdibuloq tuman markazini koʻchirish boʻyicha respublika komissiyasi xulosasini hisobga olib Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Tomdibuloq tuman markazini koʻchirish boʻyicha respublika komissiyasi, Navoiy viloyati hokimligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan birgalikda Tomdibuloq tuman markazidagi seysmik ishonchliligini yoʻqotgan uylarda yashovchi 54 oilani koʻchirishni 1996-yil 30-avgustgacha tugallasinlar;
koʻchiriladigan oilalarni zarur sanitariya-maishiy sharoitlar (suv, elektr energiyasi, yoqilgʻi va boshqalar) bilan taʼminlasinlar;
koʻchirilayotgan oilalarga ularning xohishlariga qarab viloyat shaharlari, shaharchalari va qishloqlarida shaxsiy uy qurish uchun yer uchastkalari bersinlar.
2. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
1996-yilning birinchi yarim yilligi yakunlari boʻyicha davlat budjeti mablagʻlari hisobidan mablagʻ bilan taʼminlanadigan joriy yil qurilishlarining, ularni Tomdi tumanining yangi markazi obyektlari boʻyicha 2,9 mln soʻmga (1991-yil narxlari) koʻpayishini hisobga olgan holda qurilishlar aniq roʻyxatini aniqlashtirishga oid taklif kiritsinlar;
1997-1998-yillarga moʻljallangan investitsiya dasturi loyihalarini tuzishda 1-ilovaga muvofiq qurilish obyektlariga markazlashtirilgan kapital mablagʻlar ajratishni va mablagʻ bilan taʼminlash manbalarini nazarda tutsinlar;
Navoiy viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi bilan birgalikda Tomdibuloq tumani markazida yashovchilarni avariya holatidagi uylardan yangi joyga koʻchirish boʻyicha xarajatlarni qoplash manbalari va tartibini belgilasinlar.
3. Navoiy viloyati hokimligi 1-ilovada koʻrsatilgan obyektlarning kapital qurilish prognozlarida belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, “Oʻzavtotrans” davlat-aksionerlik korporatsiyasi, “Oʻzdavneftmahsulot” birlashmasi, Oʻzbekbirlashuvning 1996-1997-yillarda oʻz mablagʻlari hisobiga 2-ilovaga muvofiq tuman yangi markazi infrastrukturasi obyektlarini qurish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Tomdibuloq tuman markazini koʻchirish boʻyicha respublika komissiyasi zimmasiga yuklansin.
Komissiya va Navoiy viloyati hokimligi 1997-yil 1-yanvardan boshlab har yarim yillik yakunlari boʻyicha mazkur qarorning bajarilishi toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga axborot bersin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
1996-yil 31-iyul,
273-son
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 31-iyuldagi 273-son qaroriga 1-ILOVA
1997-1998-yillarda davlat budjetidan mablagʻ bilan taʼminlanadigan Navoiy viloyati Tomdi tumani yangi markazining obyektlari
ROʻYXATI
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 31-iyuldagi 273-son qaroriga 2-ILOVA
Navoiy viloyatining Tomdi tumani yangi markazida vazirliklar va idoralarning oʻz mablagʻlari hisobiga quriladigan obyektlar
ROʻYXATI
