Respublikada qogʻozni tejash va undan oqilona foydalanishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (155-son)
22.07.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida qogʻozni tejash va undan oqilona foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 7-iyundagi 291-son qarorida va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2005-yil 8-iyundagi PQ-117-son qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga doir amaliy chora-tadbirlar keyingi yillarda qogʻozning yozuv, gazeta va ofset turlaridan yanada oqilona foydalanish va ularni tejashni taʼminladi.
Qogʻoz mahsulotlarini tender asosida xarid qilish tizimi va sotib olish xarajatlarini kamaytirish takomillashmoqda, qogʻozning, avvalo yozuv va nusxa koʻpaytirish uchun ishlatiladigan turlarini hisobga olish hamda ularning sarflanishi ustidan nazorat kuchaytirildi. Keyingi uch yilda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari apparatlarida qogʻoz sarfi yiliga 10 foizdan 40 foizgacha qisqardi.
Boshqaruv tizimini takomillashtirish, mahalliy va tarmoqlararo vazifalarni tezkor hal etish, shuningdek qogʻoz sarfini qisqartirish maqsadida kompyuter va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, shu jumladan elektron hujjat aylanishi, axborot tizimlari izchil surʼatlarda joriy etilmoqda, davlat va idoraviy interaktiv xizmat koʻrsatish turlari tarmogʻi rivojlanmoqda. Kompyuter texnikasi bilan jihozlash darajasi davlat qoʻmitalarida — 61,0 foizni, vazirliklarda — 81,0, hokimliklarda — 91,0 foizni tashkil etadi. Respublika davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining yarmida qogʻoz sarfini ancha kamaytirish imkonini bergan lokal tarmoqlar va elektron hujjat aylanishi tizimi faoliyat koʻrsatmoqda.
Nashriyot-matbaa faoliyati, shuningdek ommaviy axborot vositalari sohasida qogʻozning gazeta va ofset turlarini tejash va ulardan oqilona foydalanishga doir kompleks chora-tadbirlar qabul qilindi. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, “Sharq” kompaniyasi va boshqa matbaa korxonalari tomonidan oʻz mablagʻlari hisobiga modernizatsiya qilish va bosma mahsulotlarni ishlab chiqarishning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish taʼminlanmoqda. Kitob chiqarish va davriy nashrlarni chop etishning barcha bosqichlarida qogʻoz sarfini qatʼiy tartibga solish va texnologik xarajatlarni qisqartirish imkonini bergan standartlar kompleksi ishlab chiqildi va joriy etildi.
Shu bilan birga, “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasida, “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasida, “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasida, “Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasida, Toshkent viloyati va Toshkent shahar hokimliklarida, shuningdek boshqaruvning boshqa organlarida ishlarning ahvolini oʻrganish yozuv va nusxa koʻpaytirish uchun ishlatiladigan qogʻozni sarflashda zarur tartib oʻrnatish, ushbu maqsadlar uchun ajratilayotgan budjet mablagʻlari va budjetdan tashqari mablagʻlarni maqbullashtirish, hujjatlar aylanishini qisqartirish, qogʻoz mahsulotlaridan tejab foydalanishda xodimlarga talabchanlikni kuchaytirish boʻyicha kamchiliklarni bartaraf etish zarurligini koʻrsatdi.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda respublikada qogʻozdan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanish, ushbu maqsadlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini va tizimlarini joriy etish samaradorligini oshirish, shuningdek boshqaruv va ijro etuvchi apparatlar faoliyatini maqbullashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar amalga oshirilishi uchun davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari rahbarlari qogʻozni tejash va undan oqilona foydalanish rejimini hamma joyda kuchaytirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish, qogʻozbozlik va rasmiyatchilikni bartaraf etish, ortiqcha hujjatlar aylanishini yanada qisqartirish, koʻp sonli majlislar va yigʻilishlar oʻtkazish, asoslanmagan hisobot va axborot-maʼlumotnoma tarzidagi materiallarni soʻrash amaliyotini keskin cheklash yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlarning natijadorligi uchun qatʼiy ogohlantirilsinlar.
2. Respublikada qogʻozni tejash va undan oqilona foydalanishni taʼminlash boʻyicha quyidagi asosiy vazifalarni amalga oshirishni nazarda tutadigan qoʻshimcha chora-tadbirlar kompleksi (keyingi oʻrinlarda Qoʻshimcha chora-tadbirlar kompleksi deb ataladi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
qogʻoz mahsulotlarini xarid qilish, hisobga olish boʻyicha nazorat tizimini kuchaytirish, Davlat budjeti xarajatlari klassifikatsiyasiga qogʻoz xarid qilish uchun alohida moddani joriy etish, 2010 — 2012-yillarda qogʻoz sarfini kamida 30 foizga, har yili — 10 foizdan qisqartirish. Gʻaznachilik va uning boʻlinmalari tomonidan ushbu maqsadlar uchun mablagʻlardan foydalanish maqbullashtirilishi ustidan muntazam ravishda monitoringni amalga oshirish;
2011-yilda boshqaruv organlarining maʼmuriy-boshqaruv xodimlarini kompyuter texnikasi bilan taʼminlashni yakunlashni nazarda tutgan holda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish, qogʻoz yozishmalarini, eng avvalo ichki idoraviy qogʻoz yozishmalarini tegishli ravishda qisqartirgan holda elektron hujjat aylanishini kengaytirish parametrlarini qayta koʻrib chiqish va 2011 — 2015-yillar uchun yangi maqsadli parametrlarni belgilash, lokal va korporativ kompyuter tarmoqlarini, shuningdek boshqa axborot tizimlarini joriy etish;
boshqaruv organlari va ishlab chiqarish korxonalari rahbarlari hamda mutaxassislarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish borasidagi malakasi va koʻnikmalari darajasini oshirish, ularni davriy attestatsiyadan oʻtkazishni joriy etish;
nashriyotlarning mavzu rejalari monitoringini olib borish va tahlil qilish, dolzarb ahamiyatga ega boʻlmagan ijtimoiy ahamiyati kam boʻlgan adabiyotlar nashr etilishini bartaraf etish. Matbaa korxonalarini yanada modernizatsiya qilish, nashriyotlar va bosma ommaviy axborot vositalari faoliyatiga zamonaviy ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, nashriyot-matbaa jarayonlarini maqbullashtirish boʻyicha tarmoq standartlarini va boshqa normativ hujjatlarni qayta koʻrib chiqish hamda ishlab chiqish, shu asosda qogʻozning gazeta, ofset va boshqa turlaridan yanada tejab foydalanishni taʼminlash;
maktablarning ayrim sinflarida darsliklar va oʻquv qoʻllanmalardan foydalanish muddatlarini uzaytirishni nazarda tutgan holda ularni yangilash va nashr etish davriyligini maqbullashtirish;
respublikaning mahalliy qogʻoz mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha faoliyat koʻrsatayotgan korxonalari va ishlab chiqarishlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, ularda resurslar va energiyani tejash texnologiyalarini joriy etish, mahsulotlar hajmini koʻpaytirish va nomenklaturasini kengaytirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
qogʻoz mahsulotlari ishlab chiqarishning xomashyo bazasini yanada rivojlantirish, ikkilamchi qogʻoz chiqindilarini qayta ishlash uchun toʻplash, tayyorlash va yetkazib berish, shuningdek qayta ishlash tizimini kuchaytirish va takomillashtirish.
4. Vazirlar, davlat qoʻmitalari va davlat boshqaruvi boshqa organlarining raislari, xoʻjalik birlashmalari rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlari 10 kun muddatda ushbu qaror talablari va tasdiqlangan Qoʻshimcha chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish boʻyicha amaliy tadbirlar dasturini ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida qogʻozni tejash va undan oqilona foydalanish chora-tadbirlari dasturi toʻgʻrisida” 1999-yil 7-iyundagi 291-son qarori va Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 15-iyundagi 275-f-son farmoyishi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari A.N. Aripov va B.A. Xoʻjayev, Ijro etuvchi apparat boshqaruvchisi D.O. Musayev zimmasiga yuklansin.
Qarorning bajarilishi va natijalari toʻgʻrisida 2011-yil yanvar oyida axborot berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 22-iyul,
155-son
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 22-iyuldagi 155-son qaroriga 1-ILOVA
Respublikada qogʻozni tejashni va undan oqilona foydalanishni taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar
KOMPLEKSI
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 30-son, 252-modda; 2012-y., 36-son, 412-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.02.2019-y., 09/19/161/2600-son)
