Taʼlim muassasalarining bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PF-4232-son)
28.07.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
“Barkamol avlod yili” Davlat dasturiga muvofiq hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni yanada ragʻbatlantirish, yoshlarni, avvalambor kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Belgilab qoʻyilsinki:
a) mikrofirmalar va kichik korxonalar tomonidan respublikaning akademik litseylari, professional va oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari bilan mehnat shartnomalari tuzilganda, band xodimlarning oʻrtacha yillik soni qonun hujjatlarida belgilangan cheklangan normativdan koʻpi bilan 50 foiz oshirilgan hollarda mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun nazarda tutilgan imtiyozlar, kafolatlar va huquqlar ularda saqlanib qoladi;
b) mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan xodimlarining kamida 30 foizini umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalari bitiruvchilari tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga quyidagi imtiyozlar va preferensiyalar beriladi:
davlat mulki obyekti uchun ijara toʻlovini ushbu obyektga nisbatan eng kam ijara toʻlovi stavkasining 50 foizi miqdorida belgilash.
Bunda xodimlar sonining oshirilishiga yoʻl qoʻyiladi, imtiyozlar va preferensiyalar esa Oʻzbekiston Respublikasining mazkur taʼlim muassasalari bitiruvchilarining oʻqishni yakunlagan kunidan boshlab uch yildan ortiq vaqt oʻtmagan taqdirdagina taqdim qilinadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
3. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 28-iyul,
PF-4232-son
