Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya qoʻshma qirolligida Oʻzbekiston Respublikasining elchixonasini ochish toʻgʻrisida (163-son)
06.05.1995
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatish toʻgʻrisida 1992-yil 18-martdagi Protokolga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. London shahrida Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligida Oʻzbekiston Respublikasining Elchixonasi taʼsis etilsin.
2. Elchixonaning 1995-yil uchun shtat jadvali va xarajatlar smetasi 1, 2-ilovalarga* muvofiq taʼsis etilsin.
* Ilovalar berilmaydi.
1995-yil uchun Elchixona xodimlari soni 8 kishidan, shu jumladan diplomatik tarkib — 5 kishidan, texnik tarkib — 3 kishidan iborat qilib belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 1995-yil uchun zarur mablagʻlarni xarajatlar smetasiga muvofiq toʻldirilishiga qarab ajratsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bir oy muddatda shtat jadvaliga muvofiq Elchixonaning diplomatik tarkibini butlash uchun nomzodlar boʻyicha takliflar kiritsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi Elchisi maishiy, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish shart-sharoitlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi vaziriga tenglashtirilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 6-may,
163-son
