Toshkent shahrida xotin-qizlarning xalqaro konferensiyasini oʻtkazish toʻgʻrisida (196-son)
11.04.1994
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mamlakatimizda ayol, oila va jamiyat munosabatlarida erishilgan yutuqlarni keng targʻib etish, mavjud muammolarni hamkorlikda hal etish borasida oʻzaro fikr almashinish hamda “YUNESKO” tomonidan 1994-yil xalqaro oila yili deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan shuningdek, har tomonlama sogʻlom avlodni kamol toptirishda respublika xotin-qizlarining oʻziga xos faoliyat koʻrsatishlariga zarur shart-sharoitlarni yanada yaxshilash va ushbu jarayonda keng jamoatchilikning yanada faol ishtirok etishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Sogʻlom avlod uchun”, “EKOSAN” xalqaro jamgʻarmalari va “Mahalla” xayriya jamgʻarmasining Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oʻzbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi bilan birgalikda 1994-yilning 8 — 10-iyun kunlari Toshkent shahrida “Ayol, oila va jamiyat” mavzuida xalqaro xotin-qizlar konferensiyasini oʻtkazish haqidagi takliflari qabul qilinsin.
2 “Ayol, oila va jamiyat” mavzuidagi xalqaro konferensiyani tayyorlash va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmitaning tarkibi 1-ilovaga, konferensiyaning dasturi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova berilmaydi.
Konferensiya ishini “Kinochilar uyi”da oʻtkazishga rozilik bildirilsin.
Tashkiliy qoʻmita bir hafta muddatda konferensiyani tayyorlash va uni oʻtkazish tadbirlarini ishlab chiqsin va amalga oshirishga kirishsin.
3. “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi hamda Toshkent shahar hokimligi xalqaro konferensiya ishtirokchilarini Oʻzbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qoʻmitasining buyurtmasiga binoan “Oʻzbekiston” va “Toshkent” mehmonxonalariga joylashtirsinlar va ularning ovqatlanishini joyida tashkil etsinlar.
“Oʻzbekiston” mehmonxonasiga joylashgan xorijiy mamlakatlardan kelgan mehmonlarning turar joyi va ovqatlanishi uchun sarflangan xarajatlar Oʻzbekiston fuqarolari uchun belgilangan miqdorda soʻm-kuponlarda qoplanishiga ruxsat berilsin.
4. “Toshshaharyoʻlovchitrans” uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi xotin-qizlar qoʻmitasining buyurtmasiga muvofiq tegishli avtotransport vositalari belgilangan jadval asosida xalqaro konferensiya ishtirokchilari uchun xizmat etishini taʼminlasin.
5. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi chet ellik mehmonlarini “VIR” zali orqali kutib olish va kuzatishni tashkil etsin hamda ularga bepul xizmat koʻrsatishni taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga chet ellardan keluvchi mehmonlarning hujjatlarini tegishli soliqlardan ozod qilgan holda oʻz vaqtida rasmiylashtirish topshirilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi xalqaro konferensiyani oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarni joriy baholarda 3-ilovaga* muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qoʻmitasiga ajratsin va ushbu xarajatlarning yarmi (50 foizi) ni Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan va qolgan yarim (50 foizi) ni homiylar hisobidan qoplashni eʼtiborda tutsin.
* 3-ilova berilmaydi.
8. Oʻzdavteleradiokompaniyasi, Milliy axborot agentligi, gazeta va jurnallar tahririyatlari Xalqaro konferensiyaga tayyorgarlikning borishi hamda uning oʻtkazilishini keng yoritsinlar.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari M. Qoraboyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 11-aprel,
196-son
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 11-apreldagi 196-son qaroriga 1-ILOVA
Xalqaro xotin-qizlar konferensiyasini tayyorlash va oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmitasining
TARKIBI
