Navroʻz umumxalq bayramini nishonlash toʻgʻrisida (106-son)
27.02.1993
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xalqimizning qadimiy va saxovatli bayrami boʻlgan Navroʻzni 1993-yilda keng nishonlash uchun, shuningdek, milliy urf-odatlar negizida umuminsoniy qadriyatlarni ulugʻlash, xalq ijodkorlik qudratini namoyon etish, Vatanga muhabbat, mehr-shafqat, yurtimizda yashovchi barcha millatlar oʻrtasida doʻstlik, hamjihatlik, osoyishtalikni yanada mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha respublika tashkiliy qoʻmitasining tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Tashkiliy qoʻmitaga bir haftalik muddatda bayramni oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan tadbirlarni ishlab chiqish vazifasi topshirilsin.
Joylarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, Toshkent shahar va barcha viloyatlar hokimlarining shaxsiy rahbarligida shunday tashkiliy qoʻmitalar tuzilsin.
2. Respublika korxonalari, muassasalari, hamda va davlat xoʻjaliklari, shirkatlar, jamoat tashkilotlariga oʻz ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib, bayram tadbirlarini tegishli transport vositalari, oziq-ovqat mahsulotlari, sanoat mollari va boshqa zarur ashyolar bilan taʼminlash vazifasi yuklatilsin. Ushbu maqsadlarga yoʻnaltirilgan sarf-xarajatlar ularning zimmalarida boʻlishi nazarda tutilsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va barcha viloyatlar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi, Davlat jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasi, “Mahalla” va “Navroʻz” xayriya jamgʻarmalari, ijodiy uyushmalar va boshqa tegishli tashkilotlarga joylarda bayram madaniy tadbirlarini, ommaviy sport musobaqalarini xalq oʻyinlarini keng tashkil etish, turli koʻrik-tanlovlar oʻtkazish tavsiya etilsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Navroʻz bayramida respublikadagi barcha milliy madaniyat markazlarining oʻz dasturlari bilan ishtirok etishlari uchun zarur shart-sharoit yaratib bersinlar.
5. Navroʻz bayrami tadbirlarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar mahalliy budjetlar hisobidan qoplanishi koʻzda tutilsin.
“Mahalla”, “Navroʻz”, EKOSAN, Sharof Rashidov nomli jamgʻarmalarning bayram tadbirlarini mablagʻ bilan taʼminlashda koʻmaklashish borasidagi tashabbuslari qoʻllab-quvvatlansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi poytaxtda bayram tadbirlarini oʻtkazish munosabati bilan boʻladigan sarf-xarajatlarni Toshkent shahar hokimligi taqdim etgan moliyaviy hujjatlar asosida Toshkent shahar va respublika budjetlari hisobidan teng miqdorda qoplasin.
7. Respublika ommaviy axborot vositalari bayram tayyorgarligi va uning oʻtish jarayonini keng yoritsinlar, Oʻzbekiston Davlat teleradiokompaniyasi va “Navroʻz” xayriya jamgʻarmasining 21-mart kuniga moʻljallangan “Mustaqillik — insonni eʼzozlashdir” shiori ostida telemarafon oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi maqullansin.
8. Navroʻz bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha respublika tashkiliy qoʻmitasiga bayramni tayyorlash va oʻtkazish ishlarida faol ishtirok etgan barcha idoralar, jamoalar hamda fuqarolarni ragʻbatlantirish haqida tavsiyalar tayyorlash topshirilsin.
Vazirlar Mahkamasining raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 27-fevral,
106-son
Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 27-fevraldagi 106-son qaroriga ILOVA
Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha respublika tashkiliy qoʻmitasining
TARKIBI
