Choʻponlar koʻp yillik xizmati uchun pensiya olish huquqiga ega boʻlgan jumhuriyatdagi suvsiz choʻl nohiyalarining va suvsiz choʻl nohiyalari hududida joylashgan qishloq xoʻjaligi korxonalarining roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida (215-son)
09.08.1991
Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“SSSRda fuqarolarning pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi SSSR Qonuniga va SSSR Davlat mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasining “Choʻponlar koʻp yillik xizmati uchun pensiya olish huquqiga ega boʻlgan suvsiz choʻl rayonlarini belgilash toʻgʻrisida” 1990-yil 26-noyabrdagi 437-son qaroriga binoan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Choʻponlar koʻp yillik xizmati uchun pensiya olish huquqiga ega boʻlgan jumhuriyatdagi suvsiz choʻl nohiyalarining va suvsiz choʻl nohiyalari hududida joylashgan qishloq xoʻjaligi korxonalarining roʻyxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Qoraqalpogʻiston MSSJ Vazirlar Kengashiga Qoraqalpogʻiston MSSJ nohiyalari uchun shunday roʻyxatni tuzish huquqi berilsin.
2. SSSR Davlat mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasining 1990-yil 26-noyabrdagi 437-son qarori bilan tasdiqlangan choʻponlar koʻp yillik xizmati uchun pensiya olish huquqiga ega boʻlgan suvsiz choʻl nohiyalari hududida joylashgan qishloq xoʻjaligi korxonalarini aniqlash boʻyicha Metodik tavsiyalar, 2-ilovaga muvofiq, amal qilish uchun qabul qilinsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 9-avgust,
215-son
Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 9-avgustdagi 215-son qaroriga 1-ILOVA
Choʻponlar koʻp yillik xizmati uchun pensiya olish huquqiga ega boʻlgan jumhuriyatdagi suvsiz choʻl nohiyalarining va suvsiz choʻl nohiyalari hududida joylashgan qishloq xoʻjaligi korxonalarining
ROʻYXATI
Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 9-avgustdagi 215-son qaroriga 2-ILOVA
Choʻponlar koʻp yillik xizmati uchun pensiya olish huquqiga ega boʻlgan suvsiz choʻl nohiyalari hududida joylashgan qishloq xoʻjaligi korxonalarini aniqlash boʻyicha
METODIK TAVSIYALAR
Hududida ishlaganligi uchun choʻponlar koʻp yillik xizmati uchun pensiya olish huquqiga ega boʻlgan suvsiz choʻl nohiyalariga keskin radiatsion va jazirama issiq, shuningdek, oʻta suvsizlik bilan xarakterlanuvchi mutlaq noqulay (keskin qumlik) va ekstremal noqulay (kuchli qumlik) zonalardagi joylar kiradi.
Suvsiz choʻl nohiyalarining roʻyxati SSSR Fanlar akademiyasining geografiya instituti oʻtkazgan SSSR hududini rayonlashtirish asosida qumlik va suvsizlik darajasiga koʻra aniqlangan.
Qumlilik darajasiga koʻra hududlarni tabaqalashtirish insonning fiziologik issiqlik sezishini xarakterlovchi bioiqlim koʻrsatkichlari yigʻindilari va hududning iqlim xususiyatlarini aks ettiruvchi tuproq-oʻsimlik sharoitlari boʻyicha amalga oshirilgan.
Ochiq havoda ishlash chogʻidagi noqulaylik qumlik bilan bogʻlangan. U quyoshning bevosita radiatsiyasidan doimiy himoya qilishni, ishda alohida sutkalik tartib, ovqatlanish, suv bilan taʼminlashni talab qiluvchi inson uchun tabiiy zonaning katta qismidagi iqlim sharoitlarining xususiyatlari (kunlik haroratning juda yuqoriligi, kam bulutli ob-havo, kun mobaynida haroratning keskin oʻzgarib turishi, havoning quruqligi) bilan bogʻliq.
Koʻchma qumlar, shoʻrxoklar, kuchli shamol, qum va tuz boʻronlari, zaharli ilonlar, zaharli va qon soʻruvchi hasharotlar qoʻshimcha murakkablashtiruvchi omillar hisoblanadi.
Shu bilan birga choʻl zonalari chegaralarida yaxshiroq tabiiy iqlim sharoitlari boʻlgan, transport tarmoqlari koʻp va ijtimoiy infrastruktura yetarlicha rivojlangan (yirik aholi istiqomatgohlari, sanoat markazlari, vohalar, daryo vodiylari, togʻli joylar va hokazo) rayonlar mavjud. Shu sababli suvsiz choʻl nohiyalarining roʻyxati qumlik va suvsizlik bilan bogʻliq turmush sharoitlari qulayliklarining umumiy zonal oʻzgarishlarini aks ettiradi.
Choʻponlarning koʻp yillik xizmati uchun pensiya olish huquqini belgilash faqat suvsiz choʻl nohiyalari hududida joylashgan qishloq xoʻjaligi korxonalarini albatta aniq belgilagan holdagina amalga oshirilishi mumkinki, mazkur joylarda ishlash yuqorida koʻrsatilgan omillarning inson organizmga taʼsir qilishi bilan bogʻliq boʻladi. Bu korxonalarning yoki ular boʻlinmalarining roʻyxatini tasdiqlashda yaylovlarning suv manbalariga, sanoat va madaniyat markazlariga, aholi istiqomatgohlariga nisbatan joylashgan oʻrnini, hududning transport va energetika infrastrukturasi bilan taʼminlanganligini, shuningdek, boshqa mahalliy sharoitlarni hisobga olish zarur.
