Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisida (611-II-son)
29.04.2004
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi elektron hujjat aylanishi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisidagi qonunchilik
Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan maxsus huquqiy rejim oʻrnatilgan hududda elektron hujjat aylanishi sohasidagi munosabatlar ushbu Qonunda belgilanganidan boshqacha qoidalar bilan tartibga solinadi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Elektron hujjat aylanishi sohasidagi davlat siyosati
Elektron hujjat aylanishi sohasidagi davlat siyosati elektron hujjat aylanishi keng qoʻllanilishini taʼminlashga, elektron hujjat aylanishi ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, elektron hujjatdan foydalanish standartlari, normalari va qoidalarini ishlab chiqishga qaratilgan.
4-modda. Elektron hujjat aylanishi
Elektron hujjat aylanishi elektron hujjatlarni axborot tizimi orqali joʻnatish va qabul qilib olish jarayonlari yigʻindisidan iborat boʻladi.
Elektron hujjat aylanishidan bitimlar tuzish (shu jumladan shartnomalar tuzish), hisob-kitoblarni, rasmiy va norasmiy yozishmalarni amalga oshirish hamda boshqa axborotni uzatishda foydalanish mumkin.
5-modda. Elektron hujjat
Elektron shaklda qayd etilgan, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va elektron hujjatning uni identifikatsiya qilish imkoniyatini beradigan boshqa rekvizitlariga ega boʻlgan axborot elektron hujjatdir.
Elektron hujjat texnika vositalaridan va axborot tizimlari xizmatlaridan hamda axborot texnologiyalaridan foydalanilgan holda yaratiladi, ishlov beriladi va saqlanadi.
Elektron hujjat elektron hujjat aylanishi ishtirokchilarining mazkur hujjatni idrok etish imkoniyatini inobatga olgan holda yaratilishi kerak.
6-modda. Elektron hujjatning rekvizitlari
Elektron hujjatning majburiy rekvizitlari quyidagilardan iborat:
elektron raqamli imzo;
elektron hujjatni joʻnatuvchi yuridik shaxsning nomi yoki elektron hujjatni joʻnatuvchi jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi;
elektron hujjatni joʻnatuvchining pochta va elektron manzili;
hujjat yaratilgan sana.
Qonunchilikda yoki elektron hujjat aylanishi ishtirokchilarining kelishuvi bilan elektron hujjatning boshqa rekvizitlari ham belgilanishi mumkin.
7-modda. Elektron hujjatning yuridik kuchi
Elektron hujjat qogʻoz hujjatga tenglashtiriladi va u bilan bir xil yuridik kuchga ega boʻladi.
8-modda. Elektron hujjatning asl nusxasi
Elektron hujjatning bir xil har qaysi aynan nusxasi, basharti u belgilangan tartibda haqiqiy deb tasdiqlangan boʻlsa, asl nusxadir.
9-modda. Elektron hujjatning qogʻoz nusxasi
Elektron hujjatning qogʻoz nusxasi boʻlishi mumkin.
Elektron hujjatning qogʻoz nusxasi qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlanadi va saqlanadi.
10-modda. Elektron hujjat aylanishining ishtirokchilari
Elektron hujjatni joʻnatuvchi va elektron hujjatni qabul qilib oluvchi elektron hujjat aylanishining ishtirokchilaridir.
Elektron hujjat aylanishida axborot vositachilari ham ishtirok etishlari mumkin.
11-modda. Elektron hujjatni joʻnatuvchi
Elektron hujjat rekvizitlarida nomi koʻrsatilgan hamda elektron hujjatni qabul qilib oluvchiga elektron hujjatni joʻnatayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs elektron hujjatni joʻnatuvchidir.
12-modda. Elektron hujjatni qabul qilib oluvchi
Elektron hujjatni joʻnatuvchi tomonidan elektron hujjat qaysi yuridik yoki jismoniy shaxsga yoʻllangan boʻlsa, shu shaxs elektron hujjatni qabul qilib oluvchidir.
13-modda. Axborot vositachisi
Elektron hujjat aylanishi bilan bogʻliq xizmatlarni shartnoma asosida koʻrsatuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs axborot vositachisidir.
Axborot vositachisi, agar elektron hujjat aylanishining ishtirokchilari bilan tuzilgan shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, elektron hujjatlar mazmunini yoki ulardan foydalanish tartibini oʻzgartirishga haqli emas.
14-modda. Elektron hujjatni joʻnatish
Elektron hujjat, agar u bevosita elektron hujjatni joʻnatuvchi yoki uning axborot vositachisi tomonidan joʻnatilgan boʻlsa, joʻnatilgan deb hisoblanadi.
Agar qonunchilikda yoki taraflarning kelishuvida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, elektron hujjatni joʻnatuvchi tomonidan uning bekor qilinishi mumkin boʻlmagan joʻnatilish vaqti elektron hujjatni joʻnatish vaqti deb hisoblanadi.
15-modda. Elektron hujjatni qabul qilib olish
Agar qonunchilikda yoki taraflarning kelishuvida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa:
elektron hujjatni qabul qilib oluvchi tomonidan koʻrsatilgan axborot tizimi orqali elektron manzil boʻyicha elektron hujjat kelib tushgan vaqt elektron hujjat qabul qilib olingan vaqt deb hisoblanadi;
elektron hujjat, agar elektron hujjatning qabul qilib olinishini taʼminlagan axborot tizimi hatto boshqa yerda joylashgan boʻlsa ham, elektron hujjatni qabul qilib oluvchi turgan joyda qabul qilib olingan deb hisoblanadi.
16-modda. Elektron hujjatlarni saqlash
Elektron hujjatlar elektron hujjat aylanishi ishtirokchilari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda saqlanishi kerak.
Elektron hujjatlarni saqlash chogʻida ulardan erkin foydalanish va ularning qogʻoz nusxalarini taqdim etish imkoniyati taʼminlanishi lozim.
Elektron hujjatni saqlash muddati, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, shunga oʻxshash maqsadga moʻljallangan qogʻoz hujjat uchun belgilangan muddatdan kam boʻlmasligi kerak.
17-modda. Elektron hujjat aylanishida elektron hujjatlarni muhofaza qilish
Elektron hujjat aylanishida elektron hujjatlarni muhofaza qilish elektron hujjat aylanishining ishtirokchilariga yoki boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga zarar yetkazilishining oldini olish maqsadida, qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
18-modda. Nizolarni hal etish
Elektron hujjat aylanishi sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
19-modda. Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 29-aprel,
611-II-son
