1998-yilda paxtani plyonka ostida yetishtirish masalalari toʻgʻrisida (37-son)
21.01.1998
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
[Koʻchirma]
Vazirlar Mahkamasi qayd qiladiki, respublikaning koʻpgina xoʻjaliklari agrotexnika talablarini qatʼiy ravishda bajarganliklari tufayli 1997-yilda plyonka ostida oʻstirilgan paxtadan yuqori hosil olishdi. Respublika boʻyicha oʻrtacha paxta hosildorligi gektaridan 33,4 sentnerni tashkil etdi, bu chigit oddiy usulda ekilgandagiga qaraganda 10,4 sentner yuqoridir. Andijon viloyatida 70 ming gektarning har gektaridan 35,1 sentnerdan paxta hosili olindi, hosildorlik 14 sentnerga oshdi. Qoraqalpogʻiston Respublikasida gektaridan 13,6 sentner koʻp hosil olindi.
Shu bilan birga Samarqand, Surxondaryo, Toshkent, Xorazm va boshqa viloyatlarning koʻpgina qishloq xoʻjaligi korxonalarida gʻoʻzani plyonka ostida oʻstirishdan jiddiy samara olinmadi, bu yerlarda hosildorlikning oʻsishi gektaridan 37 sentnerdan oshmadi.
Yuqoridagi mintaqalarda chigitni yangi usulda ekishga boʻsh tayyorgarlik koʻrilganligi, paxtaning noqulay tuproq sharoitlariga joylashtirilishi, butun vegetatsiya davrida agrotexnikaning buzilishi, hokimliklar va qishloq xoʻjaligi organlari tomonidan dalalarni sifatli, oʻz vaqtida tayyorlash va ekish muddatlari nazorat qilinmaganligi plyonka ostida paxta yetishtirish samaradorligi pastligining asosiy sabablari boʻldi. Bir qator hollarda chigit plyonka ostiga kech ekildi, natijada yangi texnologiyaning asosiy erta paxta hosili olish afzalligi yoʻqotildi.
Respublika mintaqalarining tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olib paxtani joylashtirish va toʻplangan tajriba asosida plyonka ostida paxta yetishtirish samaradorligini oshirish maqsadida va Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 22-noyabrdagi 410-son, 1998-yil 15-yanvardagi 24-son qarorlariga qisman oʻzgartirish kiritish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklarining ekish maydonlari, plyonka ostida oʻstiriladigan paxtani navlar boʻyicha joylashtirish va ushbu usulda ekish uchun chigit tayyorlash toʻgʻrisidagi takliflariga 1, 1a-ilovalarga muvofiq rozilik berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda chigitni plyonka ostiga ekishdan paxta hosilini jiddiy koʻpaytirish boʻyicha kompleks agrotexnika chora-tadbirlarini amalga oshirsinlar. Ushbu maqsadlarda:
joriy yilning 1-fevraligacha chigitni plyonka ostiga ekish uchun aniq xoʻjalik va brigadalarni belgilasinlar. Xoʻjaliklar roʻyxatlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarida tasdiqlansin;
joriy yilning 1-fevralidan boshlab joylarda chigitni plyonka ostiga ekish va oʻstirish xususiyatlari boʻyicha xodimlar ommaviy ravishda oʻqitilsin, bunda asosiy eʼtibor dalalarni sifatli tayyorlashga, chigitning kafolatli ekilishini taʼminlashga, seyalkalarning barcha qurilmalari baravar ishlashiga, plyonka chetlarining yopilishiga, ekishdan oldin yoki ekish bilan bir vaqtda meʼyordagi mineral oʻgʻitlarning kamida 60 foizi dalalarga albatta solinishiga qaratilsin;
oʻqitishga 1997-yilda chigit ekish va gʻoʻza oʻstirishning yangi texnologiyasini qoʻllashda yuqori iqtisodiy samara olgan xoʻjaliklar mutaxassislari jalb qilinsin;
plyonka ostiga chigit ekish 10-aprelgacha tugallansin;
qator oralariga sifatli ishlov berish va dalalarning polietilen plyonka qoldiqlari bilan ifloslanishiga yoʻl qoʻymaslik uchun ular gʻoʻzaning gullash davrida olib tashlansin.
2. 1998-yil uchun urugʻlik chigit tayyorlash boʻyicha topshiriq 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 22-noyabrdagi 410-son qaroriga 1-ilovaning 3 ustuni va 1998-yil 15-yanvardagi 24-son qaroriga 2-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. “Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” kompaniyasi (Matchonov), “Oʻzmashsanoat” uyushmasi (Sobirov), “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” davlat-kooperativ qoʻmitasi (Olimjonov), Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi (Kucherov) Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining buyurtmanomalariga binoan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar uchun 3, 3a-ilovalarga muvofiq miqdorlarda maxsus chigit ekish seyalkalari va seriyali ishlab chiqarilayotgan chigit ekish seyalkalariga moslamalarni 1998-yil 1-martgacha tayyorlab bersinlar.
“Oʻzulgurjibirjasavdo” uyushmasi maxsus chigit ekish seyalkalari ishlab chiqaruvchi zavodlarni metall va boshqa moddiy-texnika resurslari bilan taʼminlash boʻyicha barcha masalalarni shartnoma asosida hal qilsin.
“Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” davlat-kooperativ qoʻmitasi va Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi koʻrsatib oʻtilgan muddatda xoʻjaliklardagi mavjud maxsus chigit ekish seyalkalarining texnik holatini tekshirishni nihoyasiga yetkazsinlar, ularni toʻliq ishga tayyorlab qoʻysinlar.
4. Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 22-noyabrdagi 410-son qarori 2-bandining Andijon mexanika zavodida keyingi yillarda 4 ming donadan chigit ekish seyalkalari ishlab chiqarishga oid qismi 1999-yildan boshlab oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Chigit ekishda foydalanish uchun 1998-yil 15-fevralgacha “Oʻzkimyosanoat” uyushmasi (Jizzax plastmassa zavodi) tomonidan 7 ming tonna va Andijon polietilen zavodi tomonidan 2 ming tonna polietilen plyonka yetkazib berilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Andijonuslubpaxta” ilmiy-ishlab chiqarish va tijorat markazi 1998-yil 15-fevralgacha 12 ming tonna polietilen plyonka xarid qilish va xoʻjaliklarga yetkazib berish yuzasidan xorijiy firmalar bilan tanlov asosida kontraktlar tuzilishini taʼminlasinlar.
Chigit ekish uchun belgilangan miqdorda polietilen plyonka yetkazib berish bojxona poshlinalaridan ozod qilinsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda paxtachilik xoʻjaliklari tomonidan “Andijonuslubpaxta” markazi bilan polietilen plyonka va seyalkalar xarid qilish yuzasidan tegishli shartnomalar tuzilishini taʼminlasin.
10. Paxtani plyonka ostida yetishtirishga oid barcha tashkiliy va agrotexnika tadbirlarining oʻz vaqtida oʻtkazilishi uchun shaxsiy javobgarlik Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisiga, viloyatlar va tumanlar hokimlariga yuklansin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari I.H. Joʻrabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 21-yanvar,
37-son
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 21-yanvardagi 37-son qaroriga 1-ILOVA
1998-yilda plyonka ostiga paxta ekish maydonlari
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 21-yanvardagi 37-son qaroriga 1a-ILOVA
1998-yilda paxtani plyonka ostiga ekish usullari va uning navlari toʻgʻrisida
MAʼLUMOTLAR
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 21-yanvardagi 37-son qaroriga 2-ILOVA
1998-yilda ekiladigan chigitni tayyorlash
TOPShIRIGʻI
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 21-yanvardagi 37-son qaroriga 3-ILOVA
1998-yilda paxtani plyonka ostiga ekish uchun seyalkalar va ularga moslamalarga boʻlgan
EHTIYOJ
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 21-yanvardagi 37-son qaroriga 3a-ILOVA
1998-yilda paxtani plyonka ostiga ekish uchun seyalkalar va ularga moslamalar ishlab chiqarish
TOPShIRIGʻI
